«El-yurt umidi» jamg‘armasi tomonidan 300 o‘ringa mo‘ljallangan matematika, kimyo, biologiya va geologiya fanlari yo‘nalishlari bo‘yicha stipendiya tanlovlari e’lon qilindi

«El-yurt umidi» jamg‘armasi tomonidan 300 o‘ringa mo‘ljallangan matematika, kimyo, biologiya va geologiya fanlari yo‘nalishlari bo‘yicha stipendiya tanlovlari e’lon qilindi

“El-yurt umidi” jamg‘armasi 2021 yil uchun mamlakat ilmiy-innovatsion salohiyatining eng muhim va tayanch bilimlarini yaratuvchi fanlar yo‘nalishlarida ta’lim berayotgan ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan va amaliy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan iqtidorli va istiqbolli professor-o‘qituvchi va pedagoglar, yosh olimlar, ilmiy izlanuvchilar va amaliyotchi mutaxassislar uchun Jamg‘armaning birinchi stipendiya tanlovi boshlaganligini ma’lum qildi. Bu haqda Jamg‘arma Matbuot xizmati xabar qildi.

O‘zbekistonni innovatsion rivojlantirishda o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan mazkur fanlar yo‘nalishida dunyoning eng ilg‘or davlatlarida to‘plangan boy ilmiy va amaliy tajribani o‘rganish, ulardan O‘zbekistonning ta’lim va tadqiqot tizimi va amaliy faoliyatida keng foydalanishga ko‘maklashish maqsadida “El-yurt umidi” jamg‘armasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Yoshlar ishlari agentligi va Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi hamkorligida professor-o‘qituvchi va pedagoglar, yosh olimlar, ilmiy izlanuvchilar va amaliyotchi mutaxassislar uchun matematika, kimyo, biologiya va geologiya fanlari yo‘nalishlari bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan 300 o‘ringa mo‘ljallangan (magistratura, doktorantura, stajirovka va malaka oshirish dasturlari bo‘yicha) ochiq stipendiya tanlovlarini e’lon qildi.

“Agar siz yuqori intellektual salohiyatga ega, zamonaviy va kreativ fikrlaydigan, mamlakat ilm-faniga innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar olib kirish hamda uni raqamli asosda qayta shakllantirish asnosida rivojlantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan mutaxassis bo‘lsangiz – bu imkoniyat aynan siz uchun”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, nomzodlarning hujjatlari 2021 yil 20 yanvardan - 20 fevralga qadar, respublikaning barcha hududlari vakillari uchun yagona tartib va teng imkoniyat asosida, onlayn rejimda va elektron tarzda qabul qilinadi.

Saralash bosqichlari 2021 yil 20 fevraldan - 20 martga qadar davom etadi.

Saralash tanloviga oid barcha ma’lumotlar “El-yurt umidi” jamg‘armasining www.eyuf.uz sayti orqali batafsil e’lon qilib boriladi.

AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Yaponiya, Ispaniya, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan mamlakatlarning eng nufuzli ta’lim va tadqiqot, innovatsiya va amaliyot maskanlarida ta’lim olish va stajirovka o‘tash imkoniyatini qo‘ldan boy bermang.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga qilgan Murojaatnomasida yurtimizda 2021 yilni “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash” yili deb e’lon qilindi.

Murojaatnomada Prezidentimiz tomonidan iqtidorli va istiqbolli yoshlar uchun benihoya ulkan imkoniyat, ya’ni 2021 yildan boshlab “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali magistratura va doktorantura dasturlari asosida eng nufuzli xorijiy davlatlarda tahsil olish uchun stipendiyalar miqdorini 5 barobarga oshirish taklifi ilgari surildi. Shu bilan birga, joriy yildan boshlab kamida 100 nafar yoshlarimiz uchun nufuzli xorijiy universitetlarning bakalavriatida ham ta’lim olish imkoniyati yaratiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar