Kosmik texnologiyalardan virusologiyagacha — 350 o‘ringa mo‘ljallangan ochiq stipendiya tanlovlari e’lon qilinadi. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Bosh inspektori Abdurahmon Umarov ma’lum qildi.
«El-yurt umidi» jamg‘armasi O‘zbekiston uchun eng ustivor sohalar, jumladan:
- kosmik texnologiyalar, nanotexnologiyalar, IT va raqamlashtirish, sun’iy intelekt sohalarida;
- atom va quyosh energetikasi hamda energiyaning tiklanadigan manbalaridan foydalanishning boshqa yo‘nalishlarida;
- sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, telemeditsina, virusologiya, mikrobiologiya, immunologiya va boshqa sohalarda;
- elektroenergetika, neft-gaz, neft-kimyo, kimyo, metallurgiya sohasining ustuvor tarmoqlarida;
- mashinasozlik, avtomobil, elektrotexnika, to‘qimachilik va mahsulotlarni standartlashtirish yo‘nalishlarida;
- tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, bog‘dorchilik, sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik kabi agrar sohaning muhim tarmoqlarida
350 o‘ringa mo‘ljallangan ochiq stipendiya tanlovlarini e’lon qiladi.
“Avval jamg‘arma tomonidan tanlovlar yiliga bir yoki ikki marta o‘tkazilgan, 2021 yildan tanlovlar yil davomida o‘tkaziladi. Nomzodlar jamg‘armaga hujjatlarni onlayn topshirishi ham mumkin. Hujjatlar qabul qilinganidan keyingi tanlovlar ham soddalashtirildi. Ilgari tanlov 4 bosqichda malga oshirilgan bo‘lsa, yangi tartibga muvofiq tanlovlar 2 bosqichga kamaytirildi”, deydi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi direktori o‘rinbosari Odilbek Sattorov.
- Bakalavriatga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan nomzodlar uchun yosh chegarasi 25 yosh;
- Magistraturaga topshirmoqchi bo‘lganlar uchun 20-45 yoshgacha;
- doktorantura ta’lim dasturiga esa 22 yoshdan 45 yoshgacha
bo‘lgan fuqarolar nomzodlik qilishlari mumkin.
OTM bakalavriat va magistarturasini tamomlagan nomzodlardan ikki yillik mehnat staji talab etilmaydi. Biroq vazirlik va idoralardan hujjat topshirmoqchi bo‘lgan nomzodlar ikki yillik mehnat stajiga ega bo‘lishlari lozim.
«El-yurt umidi» jamg‘armasi 2021-2022 o‘quv yili uchun eng nufuzli xorijiy davlatlarda:
- bakalavriat ta’lim dasturi uchun 100 nafar;
- magistratura ta’lim dasturi uchun 150 nafar;
- doktorantura ta’lim dasturi uchun 100 nafar
stipendiyalar ajratishini ma’lum qiladi.
AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Yaponiya, Ispaniya, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan mamlakatlarning eng nufuzli ta’lim va tadqiqot, innovatsiya va amaliyot maskanlarida ta’lim olishni istagan, yuqori intellektual salohiyatga ega, zamonaviy va kreativ fikrlaydigan, mamlakat ilm-faniga innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar olib kirish hamda uni raqamli asosda qayta shakllantirish asnosida rivojlantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganlar uchun bu katta imkoniyat.
Nomzodlarning hujjatlari 2021 yil 1 apreldan — 1 mayga qadar, respublikaning barcha hududlari vakillari uchun yagona tartib va teng imkoniyat asosida, onlayn rejimda va elektron tarzda qabul qilinadi.
Saralash bosqichlari 2021 yil 1 maydan — 20 mayga qadar davom etadi. Saralash tanloviga oid barcha ma’lumotlar «El-yurt umidi» jamg‘armasining www.eyuf.uz sayti orqali batafsil e’lon qilib boriladi.
Izoh qoldirish