Energiya samaradorligi milliy agentligi ECO EXPO xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etdi

Energiya samaradorligi milliy agentligi ECO EXPO xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etdi

2025 yil 19-21 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligi (ESMA) Central Asian Expo (CAEx) markazida Toshkentda ilk bor o‘tkazilgan ECO EXPO Central Asia-2025 xalqaro ekologik texnologiyalar ko‘rgazmasida ishtirok etdi.

ECO EXPO Central Asia-2025 – bu Markaziy Osiyodagi eng yirik ekologik texnologiyalar bo‘yicha xalqaro ko‘rgazma bo‘lib, unda Turkiya, Xitoy, BAA, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Germaniya kabi dunyoning 25dan ziyod mamlakatlar vakillari ishtirok etishdi.

Xalqaro ko‘rgazmada sun’iy intellekt, suv tejovchi, yashil energiya, ekoturizm va yashil energetika loyihalari namoyish etildi.

ESMA ko‘rgazmaning pavilonida ijtimoiy ahamiyatdagi binolarning energiya samaradorligini oshirish va ekologik yukni kamaytirishga qaratilgan “yashil ta’mir” va “yashil kredit” dasturlarini namoyish etdi.

Xususan, ESMA “yashil ta’mir” sohasida innovatsion yechimlarni va energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan loyihalarni moliyalashtirish uchun “yashil kredit” moliyaviy instrumentlarini taqdim etdi. Mehmonlar uylarni isitish, energiya tejaydigan yoritish tizimlari va qayta tiklanadigan energiya manbalariga oid zamonaviy texnologiyalar bilan tanishib, “yashil kredit” shartlari va afzalliklari bo‘yicha maslahat oldilar.

Ta’kidlash kerakki, 2025 yil 1 iyuldan boshlab aholi uy-joylarining energiya auditini o‘tkazish xarajatlari hamda quyosh panellari va geliokollektorlar qiymatining 20 foizi va issiqlik nasoslari (havo, suv va geotermal) qiymatining 40 foizini, lekin bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan oshmagan miqdorda qoplash uchun Agentlik tomonidan o‘rnatiladigan tartib asosida subsidiya ajratish yo‘lga qo‘yiladi. Aholiga ajratiladigan “yashil ta’mir” kreditlari bo‘yicha kredit stavkasining 19 foizdan oshgan qismi, biroq 4 foizlik banddan oshmagan miqdorda Agentlik mablag‘lari hisobidan tijorat banklariga qoplab beriladi.

«Biz O‘zbekistonning energiya tejash va barqaror rivojlanish sohasidagi muvaffaqiyatli tashabbuslarini xalqaro maydonda namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘lyapmiz. Bizning dasturlarimiz aholi va biznesga nafaqat energiya xarajatlarini kamaytirishga yordam beradi, balki atrof-muhitni muhofaza qilishga ham hissa qo‘shadi», — dedi Milliy energiya samaradorligi agentligi vakili.

Forum davomida Agentlik pavilonida interaktiv taqdimotlar, master-klasslar va ekspertlar bilan savol-javob sessiyalari bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun: Energiya samaradorligi milliy agentligi “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yilida energiya samaradorligini oshirish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, bozor tamoyillariga asoslangan yaxlit va muvofiqlashtirilgan ekotizimni yaratish, shu jumladan, energiya iste’moli sohasida audit, konsalting va menejment hamda energiyani tejashdan daromad oluvchi energiya servis kompaniyalari xizmatlari bozorini rivojlantirish va “yashil” moliyaviy dastaklarni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar