Islohotlar va iqtisodiy o‘sish reyting oshishining asosiy omili hisoblanadi
Fitch agentligining rasmiy bayonotida ta’kidlanishicha, reyting oshishi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar va o‘rta muddatli iqtisodiy o‘sishning ijobiy istiqbollari bilan bog‘liq. Bu holat makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlab, mamlakatning tuzilmaviy ko‘rsatkichlarini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Asosiy islohotlar qatorida: tariflarni liberallashtirish, subsidiyalarni optimallashtirish, davlat muassasalari mustaqilligini kuchaytirish va xususiylashtirishni rag‘batlantirish qayd etilgan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning real YaIM 2025 va 2026 yillarda 6,3%ga o‘sishi kutilmoqda. Bu “BB” (3,8%) reytingiga ega mamlakatlar uchun o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqori.
Fiskal barqarorlik va subsidiyalarni qisqartirish
Moliyaviy intizom reytingning oshishiga xizmat qilgan muhim omillardan biri bo‘ldi. 2024 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi YaIMning 3%dan biroz ko‘prog‘ini tashkil etdi, bu esa belgilangan 4% maqsadli darajadan past.
Qayd etilishicha, bu soliq tushumlarining sezilarli darajada oshishi va energetika sohasidagi subsidiya xarajatlarini ikki baravar qisqartirib, YaIMning 1%dan kamroqqa tushirish hisobiga amalga oshirildi.
Davlat korxonalari islohoti
Davlat korxonalari sektorini isloh qilish jarayonlari ham jadallashdi – davlat korxonalari soni qisqartirildi, 18 ta korxonadagi davlat ulushi 2024 yil avgust oyida tashkil etilgan Milliy investitsiya jamg‘armasiga o‘tkazildi. Shuningdek, yirik korxonalarni boshqarish sifatini oshirish va ular faoliyatida shaffoflikni ta’minlash maqsadida reorganizatsiya ishlari amalga oshirildi.
Fitch tomonidan 2025–2026 yillarda byudjet taqchilligi 3 foizdan oshmasligi hamda byudjet daromadlarining oshishi qo‘shimcha fiskal bufer yaratishi qayd etilgan.
Davlat qarzi past darajada saqlanmoqda
Fitch tomonidan davlat qarzi (davlat kafolatlari inobatga olinmagan) hajmi 2025–2026 yillarda yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 32 foiz atrofida saqlanishi prognoz qilingan, bu “BB” reytingli mamlakatlar o‘rtachasi bo‘lgan 54% dan ancha past.
Bundan tashqari, Davlat qarzining 89 foizi xorijiy valyutada bo‘lib, tashqi qarzning o‘rtacha muddati 9 yildan oshadi.
Tashqi pozitsiya barqarorligi va zaxiralar o‘sishi
2025 yil 1 iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari hajmi oltin narxining oshishi tufayli 2024 yil yakunidagi 41 mlrd dollardan 2025 yil 1 iyun holatiga 49,7 mlrd dollargacha oshgani va 2025–2026 yillarda joriy operatsiyalar hisobi to‘lovini qoplash darajasi 10 oydan yuqori bo‘lishi kutilayotgani aytilgan..
Qayd etilishicha, zahiralarning o‘sishi asosan oltin narxining oshishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu mamlakat valyuta zaxiralarining qariyb 77%ni tashkil qiladi.
Iqtisodiyotni diversifikatsiyasi va dollarlashuvning kamayishi
Eksport tarkibida xizmatlar sohasining ulushi 2021 yildagi 14%dan 2024 yildagi 25%gacha sezilarli darajada oshib bormoqda. Fitch tomonidan depozitlarning dollarizatsiya darajasi 2020 yil boshidagi 40 foizdan 2025 yil mart oyida 24,5 foizga pasaygani qayd etilgan.
Inflyasiya sekinlashmoqda
Mamlakatda inflyasiya pasayishda davom etmoqda. 2025 yil may oyida inflyasiya yillik hisobda 9% dan kam bo‘ldi (2025 yil mart oyida – 10%). Bu asosan xizmatlar sohasida narxlar pasayishi hisobiga yuz berdi.
Fitch prognoziga ko‘ra, 2026 yilda inflyasiya o‘rtacha 7% atrofida bo‘ladi. Biroq, bu ko‘rsatkich Markaziy bankning maqsadli 5% darajasidan hali ham yuqori hisoblanadi.
Bank sektori barqarorligicha qolmoqda
Fitch ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston banki sektori barqaror va o‘rtacha rentabellikka ega. 2024 yil oxirida banklar rentabelligi (ROE) 7%, kapital yetarliligi esa 17% ni tashkil etdi.
Tobora kuchayib borayotgan bank islohotlari, dollarlashuvning kamayishi va imtiyozli kreditlash ulushi pasayishi, Fitch ta’kidlaganidek, markaziy bankning foiz stavkalari va kreditlash orqali iqtisodiyotga ta’sirini kuchaytiradi.
Xulosa
Fitch suveren reytingi oshishi – O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi, davlat boshqaruvi sifatining yaxshilanishi va mamlakat iqtisodiyotining barqarorligi xalqaro darajada e’tirof etilayotganini anglatadi.
Bu natija investorlar, xalqaro hamkorlar va mamlakat aholisi uchun muhim signaldir – O‘zbekistonda iqtisodiy o‘zgarishlar amalda ijobiy natija bermoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish