Infografika: O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik

Infografika: O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik

Tashriflar tarixi

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning yangi bosqichi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 30 sentyabr-1 oktyabr kunlari Hindistonga amalga oshirgan davlat tashrifidan so‘ng boshlandi. Muzokaralar yakunlari bo‘yicha savdo va investitsiyalar, farmatsevtika, turizm, qishloq xo‘jaligi, fan va texnologiyalar, sog‘liqni saqlash, kosmos hamda boshqa yo‘nalishlarda 20 ta hujjat imzolandi. Shuningdek, O‘zbekiston–Hindiston ishbilarmonlar kengashini tashkil etish va ikki mamlakat hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

2019 yil yanvar oyida O‘zbekiston Prezidenti Hindistonga amaliy tashrif bilan bordi va faxriy mehmon sifatida “Vibrant Gujarat” xalqaro investitsiya sammitida ishtirok etdi. Bosh vazir Narendra Modi bilan uchrashuvda 2018 yilgi davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amaliy ro‘yobga chiqarishga asosiy e’tibor qaratildi. Xususan, tomonlar axborot texnologiyalari, farmatsevtika, ta’lim va infratuzilma yo‘nalishlaridagi loyihalarni ilgari surdilar, shuningdek, O‘zbekiston uranini Hindistonga uzoq muddatli yetkazib berish to‘g‘risidagi bitimni almashdilar.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi 2016 yil iyun oyida Toshkentdagi ShHT sammitida va 2022 yil sentyabr oyida Samarqanddagi ShHT sammitida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi. 2020 yil dekabr oyida O‘zbekiston Prezidenti va Hindiston Bosh vazirining virtual sammiti bo‘lib o‘tdi. 2022 yil yanvar oyida O‘zbekiston Prezidenti onlayn shaklda o‘tkazilgan birinchi “Hindiston – Markaziy Osiyo” sammitida ishtirok etdi.

Keyingi yillarda oliy darajadagi faol muloqot xalqaro maydonlarda davom etdi. O‘zbekiston Prezidenti va Hindiston Bosh vaziri 2023 yil dekabr oyida Dubayda COP-28 doirasida, 2024 yil 23 oktyabrda Qozon shahridagi BRIKS sammiti hamda 2025 yil sentyabr oyida Tyanszindagi ShHT sammiti doirasida uchrashuvlar o‘tkazdilar.

Shu tariqa, O‘zbekiston–Hindiston oliy darajadagi muloqoti muntazam xususiyat kasb etib, o‘zaro tashriflar, shuningdek, ShHT va BRIKS doirasida rivojlanib bormoqda. Munosabatlarning asosini savdo va investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, farmatsevtika, raqamli texnologiyalar, energetika, transport, ta’lim va madaniy-gumanitar aloqalarni qamrab olgan strategik sheriklik tashkil etadi.

Bundan tashqari, Hindiston–O‘zbekiston savdo-iqtisodiy, ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyasi faoliyat yuritmoqda. Uning 14-yig‘ilishi 2026 yil 19 iyun kuni bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar uch yil ichida o‘zaro savdo hajmini ikki barobar oshirishni maqsad qilgan. Shuningdek, notarif to‘siqlarni bartaraf etish, standartlarni o‘zaro tan olish, sertifikatlash va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, bojxona ma’lumotlarini raqamli almashish hamda to‘lov infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

O‘zaro savdo ko‘rsatkichlari

Mamlakatlar o‘rtasida savdoda eng ko‘p qulaylik berish rejimi amal qiladi.

2017–2025 yillarda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi tovar aylanmasi 4 barobar oshib, 324,9 mln dollardan 1,3 mlrd dollarga yetdi. O‘zbekiston eksporti 4,9 barobar o‘sib, 33,8 mln dollardan 164,8 mln dollarga, Hindistondan import esa qariyb 4 barobar oshib, 291,1 mln dollardan 1,15 mlrd dollarga yetdi.

Ushbu davrda Hindistonning O‘zbekiston tashqi savdosidagi ulushi ham oshdi. Umumiy tovar aylanmasidagi ulushi 1,2%dan 1,6%ga, eksportda 0,2%dan 0,5%ga, importda 2,2%dan 2,4%ga yetdi.

Hindistonga eksport tarkibida (164,8 mln dollar) asosiy ulushni xizmatlar (avtomobil transporti, shaxsiy safarlar va sug‘urta xizmatlari) 37,5% (61,7 mln dollar) hamda kimyo mahsulotlari (radioaktiv kimyoviy elementlar, o‘g‘itlar) 33,3% (54,8 mln dollar) tashkil etadi. Shuningdek, turli tayyor mahsulotlar (zargarlik buyumlari) 13% (21,4 mln dollar), sanoat tovarlari (mis quvurlar, nodir metallar) 11% (18,2 mln dollar), nooziq-ovqat xomashyosi (shellak, tolali massa) 2,9% (4,8 mln dollar), oziq-ovqat mahsulotlari (dukkakli sabzavotlar va quritilgan mevalar) 2,1%ni (3,4 mln dollar) tashkil etadi.

Hindistondan import tarkibida (1 153,1 mln dollar) kimyo mahsulotlari (dori vositalari, bo‘yoqlar va boshqalar) ustun bo‘lib, ularning ulushi 36%ni (415,3 mln dollar) tashkil etadi. Oziq-ovqat mahsulotlari (go‘sht mahsulotlari) 27% (311 mln dollar), mashina va transport uskunalari hamda elektrotexnika tovarlari 26,6% (306,5 mln dollar) hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, turli tayyor mahsulotlar 3,9% (44,7 mln dollar), sanoat tovarlari 3,7% (43,2 mln dollar), tamaki va nooziq-ovqat xomashyosi 1,5% (17,4 mln dollar), xizmatlar (transport va kompyuter xizmatlari) 1,2%ni (13,7 mln dollar) tashkil etadi.

Investitsiyaviy hamkorlik

2026 yil avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Hindiston kapitali ishtirokidagi 439 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Shundan 89 tasi qo‘shma korxona, 350 tasi esa 100% Hindiston kapitali ishtirokidagi korxonalardir. Taqqoslash uchun, 2017–2018 yillarda bunday korxonalar soni qariyb 100 tani tashkil etgan. Bu Hindiston biznesining O‘zbekistondagi ishtiroki sezilarli darajada kengayganini ko‘rsatadi.

2025 yilda Hindistondan jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 247 mln dollarni tashkil etdi. Umuman, 2016–2025 yillarda Hindistondan jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarning jami hajmi qariyb 587 mln dollarga yetdi. Faqat 2025 yil hissasiga ko‘rib chiqilayotgan davrda jalb qilingan Hindiston investitsiyalari va kreditlarining qariyb 42%i to‘g‘ri keldi. Bu, shuningdek, Janubiy Osiyo mamlakatlari orasida investitsiyalar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Hindiston kapitali va qo‘shma loyihalar, avvalo, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash, kimyo sanoati, metallurgiya va tog‘-kon sanoati, mashinasozlik, energetika va raqamli infratuzilma, shuningdek, agrosanoat majmuasida jamlangan. Ushbu yo‘nalishlar tomonlar tomonidan investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish uchun ustuvor sohalar sifatida ko‘rib chiqilmoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar