Infografika: O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik

Infografika: O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) so‘nggi 8 yil davomida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy hamkorlikni tahlil qildi.

O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi tashqi savdo ko‘rsatkichlari

2017–2024 yillar davomida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2,3 barobarga oshib, 166,2 mln dollardan 388,6 mln dollarga yetdi. Ushbu davrda eksport hajmi 15,1 foizga o‘sib, 14,5 mln dollardan 16,7 mln dollarga, import esa 2,5 barobarga oshib, 151,7 mln dollardan 371,9 mln dollarga yetdi.

So‘nggi 8 yilda O‘zbekistonning Yaponiyaga yillik eksport hajmi o‘rtacha taxminan 17 mln dollarni tashkil etgan.

2024 yilda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2023 yilga nisbatan 64,1 foizga o‘sib, 236,8 mln dollardan 388,6 mln dollarga yetdi.

2024 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo quyidagi tovar turlari bilan ifodalandi: eksport, jami — 16,7 mln dollar, jumladan: kimyoviy mahsulotlar — 5,7 mln dollar (34,1%), sanoat tovarlari — 2,0 mln dollar (11,8%), oziq-ovqat mahsulotlari — 0,5 mln dollar (3,0%), shuningdek xizmatlar — 8,4 mln dollar (50,4%).

Import, jami — 371,9 mln dollar, jumladan: mashinalar va transport uskunalari — 337,1 mln dollar (90,7%), sanoat tovarlari — 17,4 mln dollar (4,7%), turli tayyor mahsulotlar — 7,2 mln dollar (1,9%), shuningdek xizmatlar — 4,4 mln dollar (1,2%) va boshqalar.

2025 yilning 10 oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2024 yilning shu davriga nisbatan 326,8 mln dollarni tashkil etdi.

Investitsiyaviy hamkorlik

Yaponiya O‘zbekistonda energetika, kimyo sanoati va suv ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan investitsiya loyihalarida faol ishtirok etmoqda. O‘zbekiston hududida «Mitsubishi», «Marubeni», «Itochu», «Sumitomo» va boshqa yetakchi yapon kompaniyalari ishtirokida qator loyihalar amalga oshirilgan.

2017–2024 yillar davomida Yaponiyadan O‘zbekistonga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi, jumladan JICA liniyasi orqali, 184 mln AQSh dollarini tashkil etdi (2024 yilda — 19,6 mln AQSh dollari).

Bugungi kunda O‘zbekistonda Yaponiya kapitali ishtirokidagi 121 ta kompaniya muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ularning 29 tasi qo‘shma korxonalar, 92 tasi esa 100 foiz yapon kapitaliga ega korxonalar bo‘lib, iqtisodiyotning turli sohalarida loyihalarni amalga oshirmoqda.

Yaponiya bilan investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlariga dekarbonizatsiya, raqamlashtirish va kadrlar tayyorlashni qamrab olgan «yashil» transformatsiya sohasidagi qo‘shma loyihalar kiradi. Ushbu yo‘nalishlar O‘zbekistonning barqaror rivojlanishini ta’minlaydigan tarmoqlar bilan chambarchas bog‘liqdir.

Shuningdek, Yaponiya O‘zbekistonda inson kapitalini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha katta imkoniyatlarga ega bo‘lib, bu yapon kompaniyalarining ustuvor yo‘nalishlari va kompetensiyalariga mos keladi hamda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanishi mumkin.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar