Inson va mashina. Sun’iy idrok insonni mehnat bozoridan siqib chiqaradimi?

Inson va mashina. Sun’iy idrok insonni mehnat bozoridan siqib chiqaradimi?

Inson o‘z hayotini gadjetlarsiz tasavvur qila olmay qoldi. U asrlar davomida mashaqqat bilan bajargan ishlarni bugun mashinalar qilmoqda. Bashariyat hayotiga texnologiyalar va mashinalar tobora chuqur kirib borgani sari inson mehnat bozorida keraksiz bo‘lib qolmaydimi?

«Inson+mashina. Sun’iy idrok davrida ishlashning yangi tamoyillari» kitobida shu haqda so‘z boradi.

Accenture kompaniyasi yetakchilari Pol Doerti va Jeyms Uilson o‘z faoliyatida sun’iy idrok imkoniyatlarini tatbiq etgan 450ta kompaniyaning ishini tahlil qilgan holda, kelajakda inson va mashinalar dunyoda birga mavjud bo‘la oladimi, degan savolga javob izlashadi.

Mualliflarning fikricha, inson va mashina raqobatda emas, hamkorlikda mavjud bo‘lishi lozim. Temir bo‘lagi va datchiklardan iborat mashinalar qon va suyakdan tarkib topgan insonlarni ko‘plab masalalarda ortda qoldirayotgani chin. Ammo odam mehnat bozoridan butunlay chiqib ketmaydi. Mashinalar rivojlangani sari inson uchun yangi kasblar paydo bo‘ladi.

Robotlar insonga nima beradi?

Texnologiyalar inson faoliyatining barcha sohalariga chuqur kirib borgan bo‘lsa-da, insonlar va mashinalar haligacha teng hamkorlik asosida o‘zaro aloqaga kirishgani yo‘q.

Avtozavodda robot va ishchi bir safda turibdi. Ya’ni bitta ishni robot ham, inson ham bajarmoqda. Mehnatning bunday taqsimoti inson va mashina uyg‘unligida erishish mumkin bo‘lgan salohiyatni ancha chegaralab qo‘yadi. Dunyo inson va mashina yakdil texnologiya sifatida ishlaydigan davrga qarab ketmoqda.

Sun’iy idrok – ma’lumotni qabul qilib, uni qayta ishlagan holda muayyan funksiyani bajaruvchi tizim. Sun’iy idrok insonning o‘rnini egallash, uning vazifalarini batamom tortib olishni maqsad qilmaydi. Balki inson imkoniyatlarining chegarasini kengaytirishga xizmat qiladi.

Sun’iy idrok ustida ishlovchi novator kompaniyalar inson va mashinaning o‘zaro aloqasini kuchaytirgan holda original simbiozga erishishga intilishmoqda. Mazkur simbioz quyidagi vazifalarni bajarishi mumkin.

Imkoniyatlarni kuchaytirish. Sun’iy idrokning asosiy maqsadi – insonning tabiat tomonidan berilgan imkoniyatlarini yanada kengaytirish va kuchaytirishdir. Bu superkuchga ega kiborgni eslatadi.

Deylik, stanok buzilib qolgan taqdirda zavod ishchisi uni tuzatish uchun mashaqqat chekishi, stanokning ichki mexanizmini hijjalab o‘rganib, shunga qarab ish tutishi kerak. Sun’iy idrok esa qog‘oz yo‘riqnomaning o‘rnini bosishi mumkin.

Misol uchun, aqlli ko‘zoynaklarni taqib stanokning ichki proyeksiyasini ko‘rish va nosozlikni darhol bartaraf etsa bo‘ladi.

Muloqot. Sun’iy idrok nafaqat insonlar o‘rtasidagi muloqotni ta’minlaydi, balki bora-bora o‘zi ham alohida shaxs sifatida namoyon bo‘lib, insonlar yoki guruhlar nomidan ish ko‘rishi mumkin.

Buning qanday bo‘lishini tushunish uchun Siri'ning ishlashini eslang. U sizga «mendan nima yordam?» deb so‘raganda Apple kompaniyasi nomidan mijozga xizmat ko‘rsatayotgan bo‘ladi.

Yana bir misol. Shvetsiyaning yirik banklar tarmog‘i SEB o‘zining virtual yordamchisi Aida orqali millionlab mijozlarga xizmat ko‘rsatadi. U bank operatsiyalarini bajaradi, muammolarni yechishga yordam beradi. Murakkab muammolarni esa SEB xodimlariga tematikadan kelib chiqqan holda yo‘naltiradi.

Makonlar uzra chegarasizlik. Zamonaviy texnologiyalar robotlardan masofaviy tarzda foydalanish imkonini beradi. Xuddi «Avatar» filmidagidek. Mashinalar inson vazifalarini bajara boshlaydi.

Misol. «Chegarasiz shifokorlar» xalqaro gumanitar tashkiloti chekkaroq davlatdagi epidemiyada yordam ko‘rsatishi kerak. Ammo o‘z xodimlarining hayotini tavakkal bilan xavf ostiga qo‘ya olmaydi. Shu bois aholidan turli tahlillarni yig‘a oluvchi kvadrokopter yoki drondan foydalanadi.

Ilgari salomatlikning yomonlashuvi yoki keksalik kasbiy faoliyatni davom ettirishda to‘sqinlik qilardi. Ammo sun’iy idrok texnologiyalari sharafi bilan inson ish jarayonida jismonan ishtirok etishi kerak bo‘lmay qoldi. Shu taxlitda, mashinalar insonga tabiiy chegaralangan imkoniyatlar doirasidan chiqish, ilgari imkonsizdek bo‘lgan natijalarni ko‘rsatishga ko‘maklashadi.

Sun’iy idrok qo‘shini

Sun’iy idrok – ko‘plab askarlardan iborat katta qo‘shin. Kitob mualliflari inson va mashina simbiozidan muvaffaqiyatli foydalanayotgan tashkilotlar faoliyatini tahlil qilgan holda, bu qo‘shinning askarlari kimlar ekanini sanab o‘tishadi.

Katta ma’lumotlar. Sun’iy idrok tartibga solingan va tartibga solinmagan ulkan hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlaydi. O‘z navbatida, bu ma’lumotlar sun’iy idrok uchun go‘yoki yonilg‘i vazifasini o‘taydi. U qanchalik ko‘p ma’lumotni tahlil qilsa, shunchalik «aqllilasha» boradi.

Xususan, sun’iy idrok bir xil maromda, takroriylik asosida kechuvchi vazifalarni yaxshi uddalaydi. Bu kabi ishlar insonga zerikarli tuyulishi mumkin. Alohida yondashuv va hissiy ko‘nikmalar talab etilmaydigan bunday «zombi» vazifalarni inson o‘rniga sun’iy idrok bajara boshlasa, insonlarning ijodiy ishlar, qiziqarli mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishi uchun ko‘proq vaqt qoladi.

Sensorlar. O‘zgarishlar va atrof haqida ma’lumotlar jamlash uchun turli uskunalarga datchiklar o‘rnatiladi. Sensor inson faoliyatining ko‘plab sohalarida qo‘llanilsa ham, ular yig‘adigan katta hajmdagi ma’lumotlarni sun’iy idrokning o‘zigina qayta ishlay oladi. Ular «aqlli fabrikalar» va robototexnikada qo‘llaniladi.

Robototexnika. Mercedes zavodida ishchilar avtomobilni yig‘ish uchun roboqo‘llardan foydalanishadi. Masofadan turgan holda pult va monitor orqali apparatning harakatlarini boshqarishadi. Roboqo‘l go‘yo ishchining o‘z qo‘lidek, faqatgina u epchilroq va og‘ir yuklarni ham bemalol ko‘taradi. Bu esa millisoniyalar ichida ma’lumotni qabul qilib, qayta ishlab uzatuvchi sensorlar orqali amalga oshadi.

«Aqlli fabrikalar». Ta’minot tizimini avtomatlashtirish bilan shug‘ullanuvchi Symbotic kompaniyasi omborlarni «aqlli» qilmoqda. Misol uchun, Symbotic robotlari maxsus datchiklar yordamida mashinaviy ko‘rish bilan ta’minlangan. Uning yordami bilan robot deformatsiyaga uchragan tovarni farqlay oladi va shundan kelib chiqqan holda ish ko‘radi.

Kengaygan reallik. Ilgari mashinalar va insonlar turli dunyolarda yashashardi, sun’iy idrok esa kengaygan reallik orqali ularni birlashtirdi. Kengaygan reallik virtual va qo‘shimcha shaklda namoyon bo‘ladi.

Virtual reallik – real dunyoning yoki noreal sharoitning kompyuterda yaratilgan nusxasi. Misol: General Electric sun’iy idrok yordamida o‘z zavodining 3D virtual nusxasini yaratgan. Bu – zavod ishida turli yangiliklarni test qilib ko‘rish, ishni optimizatsiyalash bo‘yicha tasavvurga ega bo‘lishga yordam beradi.

Qo‘shimcha reallik – bir vaqtning o‘zida ham real, ham virtual dunyo elementlarini ko‘rish imkonini beradi. Bunga yuqorida aytilgan «aqlli ko‘zoynak»lar namuna bo‘la oladi. Ular masofaviy shaklda texnik ko‘riklarni amalga oshirishga imkon yaratadi. Yaqin kelajakda nosozlik uchun avtomobilni avtoservisga olib borishga hojat qolmaydi, mexanik masofadan turgan holda avtomobilni ko‘rikdan o‘tkazib, muammoni aniqlay oladi.

Tabiiy tilni qayta ishlash. Yaqin orada sun’iy idrok ma’lumotni passiv qabul qilish bilan cheklanib qolmaydi. Balki dialogga kirishishi, maslahat berishi, savol so‘rashi, empatiya bildirishi mumkin. Ammo uning bu faoliyatida kamchiliklar kuzatilishi ham ehtimoldan xoli emas. Masalan, ancha mukammal ishlangan Siri boshi og‘riyotganga ham, yuragi xuruj qilganga ham shifokorga borishni tavsiya qilishi mumkin. Ya’ni u vaziyatni to‘g‘ri baholay olmaydi.

Demak, sun’iy idrok insonning turli vazifalarini tobora ko‘proq bajara boradi. Tabiiy savol tug‘iladi: aqlli mashinalar davrida insonlar nima bilan shug‘ullanadi?

Rezyumeda yangi qism

Robodunyoda yangidan yangi kasblar paydo bo‘la boshlaydi. Xususan, mashina bilan o‘zaro aloqaga kirishgan holda bir jamoada ishlay olish muhim ko‘nikmaga aylanadi. Hozir ham rezyumening shaxsiy ko‘nikmalar degan qismida kompyuter dasturlari, ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlash deb yozish sezilarli ustunlik bera boshlagan. Inson sun’iy idrok uchun murabbiy, sharhlovchi va chidamlilik bo‘yicha ekspert vazifasini o‘tay boshlaydi.

Murabbiylar

Konveyerlar va elektron hisoblash mashinalari paydo bo‘lgach, odamlar ularni takomillashtirish ustida ishlashgan – qo‘shimcha funksiyalar qo‘shilgan, chidamliligi oshirilgan.

Biroq sun’iy idrokning o‘zi insonga moslashadi – u insonlar haqidagi ma’lumotlarni to‘playdi, uning nutqiga, atvoriga taqlid qiladi. U talabga yaxshiroq javob berishi uchun esa inson unga murabbiy bo‘lishi kerak bo‘ladi.

Murabbiyning vazifalari quyidagilardan iborat:

Mashinaning empatiyasini oshirish. 2016 yilda Microsoft Tey nomli virtual suhbatdoshni sinovdan o‘tkazdi. U tvitter foydalanuvchilarining bir-biri bilan qanday yozishishini tahlil qilgan holda, ular bilan muloqotga kirishishi kerak edi. Ammo bir necha soatdan keyin Tey qo‘pol, kamsituvchi va haqoratli jumlalarni yoza boshladi. Demak, virtual suhbatdosh empatiyaga ega bo‘lish borasida maxsus murabbiylar tayyorgarligidan o‘tishi kerak bo‘lgan.

Mashinada shaxsiyatni shakllantirish. Microsoft yaratayotgan Cortana virtual yordamchisi mehribon, o‘ziga ishongan. Chunki uning shaxsiyati shakllanishida shoir, dramaturg, yozuvchilargacha bo‘lgan murabbiy ekspertlar guruhi ishlamoqda.

Ma’lumotlar tozaligini ta’minlash. Deep Mind sun’iy idrok kompaniyasi mashinani meva terish va ovchilikka o‘rgatgan. Ammo birinchi o‘quvdan so‘ng mashina o‘zini juda qo‘pol va beo‘xshov tutgan. Ikkinchi o‘quvdan keyin ancha «yumshab, murosaga kela boshlagan». Demak, sun’iy idrok qayta ishlovchi ma’lumotlar yaxshi yoki yomon bo‘lishi mumkin. Mashina buning farqiga hozircha bormaydi, shu bois ma’lumotlarni sara va yomonga ajratishda odam ko‘magiga tayanadi.

Sharhlovchilar

Kelgusida odamlar va texnologiyalarning o‘zaro aloqasi chuqurlashishda davom etadi. Tabiiyki, mashinaning oldida yangi vazifalar qo‘yila boshlaydi. Hamkorlik kuchaya borgani sari sun’iy idrok faoliyatining shaffofligini oshirish talab etiladi.

Buning uchun sun’iy idrokning ishlash jarayonini, uning qarorlar qabul qilishda qanday mantiqqa tayanishini tushunuvchi ekspertlar kerak bo‘ladi. Sharhlovchilar quyidagi vazifalarni bajarishadi:

Algoritmlar bo‘yicha ekspert. Hamma sun’iy idrok xizmatlaridan foydalanadi, ammo hech kim uning qanday ishlashini tushunmaydi. U xatoga yo‘l qo‘ysa, nima qilish kerak? Xatolik bois sun’iy idrok oddiy fuqaroni terrorchi deb qabul qilsa-chi? Algoritm bo‘yicha ekspert bunday vaziyatlarda nosozlik sababini topib, hal qiladi.

Shaffoflik bo‘yicha mutaxassis. Ayrim mashina va algoritmlarning ishlash tamoyili sir tutiladi. Ular foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini, davlat ahamiyatidagi sirlarni saqlashi mumkin. Mutaxassis shu ma’lumotlarni idrok noto‘g‘ri interpretatsiya qilishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Tushunarlilik bo‘yicha strateg. Sun’iy idrok qanday funksiyani bajarishidan kelib chiqqan holda uning foydalanuvchi uchun qulay va tushunarli bo‘lishi ustida ishlaydi. Deylik, poliklinika va maktablarda sun’iy idrok texnologiyasidan foydalanish qulay va oson bo‘lishi kerak. Xalqaro tashuvlarni amalga oshiruvchi texnologiya esa keng auditoriyaga tushunarli bo‘lishi shart emas. U tezkor bo‘lsa kifoya.

Chidamlilik bo‘yicha ekspert

Robotlarning ishonchli va xavfsiz ekanini insoniyat birdaniga tushunib yetmaydi va ularga moslashib qolmaydi. Bunda chidamlilik bo‘yicha ekspertlar o‘rtaga chiqishadi. Ular quyidagi vazifalarni bajarishadi:

Kontekst dizayner. General Motors va yapon kompaniyasi Fanuc avtotsexda ishchilar bilan birga mehnat qiluvchi roboqo‘l dizayni ustida ancha ishlashdi. Apparat uchun rang tanlash qiyin kechdi – sabzirang xavfni eslatadi, sariq rang sergak torttiradi. Shu bois kontekst dizaynerlar laym rangiga to‘xtalishdi.

Kontekst dizaynerlar robotning dizayni insonda do‘stona kayfiyat uyg‘otishi, uning o‘z vazifalarini bajarishiga xalal bermasligi ustida ishlashadi.

Xavfsizlik texnikasi bo‘yicha mutaxassis. Ular mashina va inson hamkorlikda amalga oshiruvchi jarayonlarning xavfsiz kechishi, undan insonga hech qanday ko‘rinishda zarar yetmasligi masalasini ko‘rib chiqadi.

2015 yilda Volkswagen zavodida robot ishchini tutib, devorga uloqtirgan. Bunda kim aybdor: mashina yoki uni ishlab chiqqan odam?

Mashina etikasi bo‘yicha mutaxassis. Insonlarda robotlar ularning ishini tortib olib qo‘yishi yoki barcha robotlar birlashib isyon qilishi haqida qo‘rqinchli tasavvurlar bor. Mashina etikasi mutaxassisi inson faoliyati avtomatlashuvida ehtimoliy salbiy holatlarni bartaraf etadi.

Mashinalarni yollovchi menejer (robotlar uchun HR). Robotlar to‘laqonli ishchilarga aylangach, ularni doimiy attestatsiyadan o‘tkazadigan mutaxassisga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Menejer robotlarning samadorligini nazorat qiladi, yaxshi ishlaydiganlariga murakkabroq va nozikroq topshiriqlar beradi, o‘z vazifasini uddalay olmayotganlarni esa utilizatsiyaga yuboradi.

Kitobning asosiy g‘oyasi: Insonlar sun’iy idrok davrida ishsiz qolishdan, robotlar tomonidan siqib chiqarilishdan qo‘rqmasliklari lozim. Ish hammaga yetadi. Faqat yangi kasblar paydo bo‘ladi va insonlardan bunga moslashuvchanlik talab etiladi. Sun’iy idrok taraqqiy etgan sari ham o‘quvchi rolida qoladi, inson esa unga murabbiylik qiladi.

Manba: Kun.uz nashri

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar