Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) 2026 yilning birinchi choragi uchun O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishi bo‘yicha prognozni taqdim etdi.
O‘tgan yilda global chaqiriqlarga qaramasdan, O‘zbekiston iqtisodiyoti barqarorlikni saqlab, mo‘’tadil o‘sishni namoyon qildi.
2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston YaIMi 7,7 foizga o‘sib, o‘tgan yilgi ko‘rsatkich (6,7%)dan yuqori bo‘ldi. Shu bilan birga, Markazning avval e’lon qilingan prognozi yuqori aniqlikni ko‘rsatib, haqiqiy natijadan atigi 0,2 foiz bandiga (f.b.) farq qildi, bu esa prognozlashda qo‘llanilayotgan yondashuvlarning ishonchliligini tasdiqlaydi.

Ma’lumotlar tahlili
Joriy iqtisodiy faollikning 35 ta asosiy oylik va haftalik ko‘rsatkichlarini birlashtiruvchi dinamik faktor modeli asosida 2026 yilning I choragi uchun YaIM o‘sishi prognozi tayyorlandi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2026 yilning I choragida O‘zbekiston YaIM o‘sishi yillik ifodada taxminan 7 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Prognozga asosiy hissani ishbilarmonlik faolligi ko‘rsatkichlari (3,1 foiz band), pul-kredit va moliya sohasi (1 foiz band), bank tranzaksiyalari dinamikasi (0,9 foiz band), sanoat ishlab chiqarishi (0,6 foiz band) hamda chakana savdo (0,3 foiz band) qo‘shmoqda.
Qo‘shimcha ravishda prognoz mashinali o‘qitish usullari orqali ham hisoblandi. Bunda Google qidiruv tizimidagi 20 ta toifa bo‘yicha 250 ta haftalik indikator tahlil qilindi. Natijalarga ko‘ra, 2026 yil I choragida YaIM o‘sishi 7,2 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
2026 yil yanvar oyida qidiruv so‘rovlari dinamikasiga ko‘ra, “internet va telekommunikatsiyalar” toifasidagi so‘rovlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,3 foizga oshgan. “Moliya” toifasida o‘sish 7,9 foizni, “Xaridlar” toifasida esa 5,2 foizni tashkil etgan.
Natijalar
Ikki xil yondashuv natijalarini taqqoslash 2026 yilning I choragida yalpi ichki mahsulot o‘sishi 7–7,2 foiz oralig‘ida bo‘lishini ko‘rsatmoqda (2025 yil I choragi prognozi 6–6,4 foiz bo‘lgan).
Kutilishicha, iqtisodiy o‘sishga ishbilarmonlik muhitining yaxshilanishi, moliyaviy va investitsion faollikning oshishi, sanoat va xizmatlar sohasining rivojlanishi hamda investitsiya jarayonlari samaradorligining ortishi ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Jamshid Axmatov, bosh ilmiy xodim
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
JAmoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
tel.: (+998) 78 150-32-20 (417)
Izoh qoldirish