Samarqand viloyatida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar

Samarqand viloyatida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar

Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha vazifalar

Kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlashga bag‘ishlangan yig‘ilishda 2026 yilda amalga oshiriladigan asosiy vazifalar belgilangan. Unga muvofiq joriy yilda tegishli vazirlar, hokimlar, bank rahbarlari mahalla “yettiligi” bilan birgalikda respublika bo‘yicha 1 mln aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 2,5 barobar oshirib 3,5 mingtaga yetkazish hamda ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5 foizga tushirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.

Samarqand viloyatida mazkur vazifalar doirasida 97 ming nafar aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 22 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish hamda kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 387 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Tadbirkorlikni rivojlantirish uchun moliyaviy resurslar

Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida zarur moliyaviy resurslar ajratilishi belgilangan. Xususan, mahallalarda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 140 trln so‘m miqdorida kredit ajratilishi belgilangan. 2025 yilda mazkur ko‘rsatkich 130 trln so‘mni tashkil etgan.

“Oilaviy tadbirkorlik” dasturlari doirasida 5,6 trln so‘m resurs yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Jumladan, import qilingan va sertifikatli nasli chorva mollari hamda tuyachilikni rivojlantirish uchun 100 mln so‘mgacha, uy mehmonxonasi tashkil etish, kichik hajmli muzlatkich, mahsulotni saqlash va qayta ishlash mini texnologiyasi uchun 150 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratish nazarda tutilgan.

Shuningdek, chegara va anklav hududida joylashgan 563 ta mahalla fuqarolar yig‘inida tadbirkorlik loyihalari uchun kredit miqdori 1 mlrd so‘mgacha oshiriladi. Ayni paytda bu ko‘rsatkich 300 mln so‘mni tashkil etmoqda.

“Mahalla yettiligi” instituti faoliyatini qo‘llab-quvvatlash

“Mahalla yettiligi” institutining samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Joylarda o‘tkazilgan o‘rganishlarga ko‘ra, hokim yordamchilari tomonidan oilaviy tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish uchun ajratiladigan 33 mln so‘m kredit miqdori kamligi ta’kidlangan. Shu munosabat bilan joriy yildan boshlab Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida ajratiladigan kreditlarning eng ko‘p miqdori 50 mln so‘mga oshirildi. Bu mahallalarda tadbirkorlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, respublikaning chegara va anklav hududlaridagi tadbirkorlik loyihalari uchun ajratiladigan kreditlar miqdori 3 barobarga oshirilib, 1 mlrd so‘mgacha yetkazildi.

“Og‘ir” tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirish

Samarqand viloyatidagi “mahalla yettiligi” faoliyati samaradorligi tahlil qilinganda, “og‘ir” tumanlar sirasiga kirgan Qo‘shrabot va Paxtachi tumanlaridagi mahallalarda oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun imtiyozli shartlarda kreditlar ajratish takliflari bildirilgan.

O‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, Qo‘shrabot tumanida tadbirkorlikning yashovchanlik darajasi 57,5 foizni tashkil etib, muammoli kreditlar ulushi 3,9 foizni tashkil etgan. Paxtachi tumanida esa tadbirkorlikning yashovchanlik darajasi 65,5 foiz bo‘lib, muammoli kreditlar ulushi 2,9 foizni tashkil etgan.

Endilikda respublikadagi 37 ta “og‘ir” tumanlarda oilaviy tadbirkorlik faoliyati uchun 5,5 foizga pasaytirilgan holda 12 foiz stavkasida kreditlar ajratilishi rejalashtirilmoqda.

Muammoli kreditlar bo‘yicha yangi rag‘batlantirish tizimi

Oilaviy tadbirkorlik dasturi bo‘yicha muammoli kreditlarni undirish jarayonida yangi tizim joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, hokim yordamchilari tomonidan 2022 yilgacha ajratilgan muammoli kreditlar undirilganda qaytarilgan summaning 20 foizi, keyingi yillarda ajratilgan kreditlar bo‘yicha esa 10 foizi bonus sifatida qaytarib berilishi amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Amalga oshirilayotgan mazkur chora-tadbirlar oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va oilalar daromadini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Kamolidddin Nurmurodov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar