Joriy yilning 18-23 fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi hukumat delegatsiyasi Yevropa Ittifoqi (YeI) poytaxtida ishchi safari bilan bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining direktori O. Hakimov, Prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha menejeri O. Olimjonov, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti prorektori G. Ismoilovalar ishtirok etishdi.
Tashrifdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasining ustuvor yo‘nalishlarini ochib berish, Yevropa Ittifoqining siyosiy doiralariga O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan yangilanayotgan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning mazmun-mohiyatini yetkazishdan iborat.
Tashrif doirasida joriy yilning 18 fevral kuni Bryusseldagi (Belgiya) O‘zbekiston Respublikasining elchixonasida "O‘zbekiston tashqi siyosati: global va mintaqaviy savdo-iqtisodiy tashkilotlar (Jahon savdo va iqtisodiy hamkorlik tashkiloti) bilan hamkorlikni chuqurlashtirishning manfaatlari, prinsiplari va kutilayotgan natijalari" mavzusida taqdimot bo‘lib o‘tdi.
O. Hakimov yig‘ilganlarni mamlakatimizning xalqaro maydondagi manfaatlarini ilgari surishda erishgan yutuqlari va ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, Prezidentning Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida Hukumat oldida turgan vazifalar haqida ma’lumot berdi.
Tadbir davomida Prezidentimizning joriy yil 24 yanvar kuni tashqi siyosiy sohada e’lon qilingan Oliy Majlisga Murojaatnomasining asosiy jihatlari ta’kidlab o‘tildi:
- Hozirgi yutuqlar, mintaqaviy siyosatning ustuvor yo‘nalishlari;
- Xalqaro tashkilotlarda ishtirok etishning ustuvor yo‘nalishlari;
- Mintaqaviy va xalqaro savdo-iqtisodiy tuzilmalarga integratsiyalashga yondashuvlar.
Xususan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori O‘zbekistonning global va mintaqaviy savdo-iqtisodiy tuzilmalari, birinchi navbatda JST va YeOII bilan o‘zaro hamkorligini chuqurlashtirish tamoyillari va kutilayotgan natijalari haqida ma’lumot berdi.
Ma’lumot uchun: joriy yilning yanvar oyida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassislari O‘zbekistonning YeOIIga kirishi respublika iqtisodiyotining muhim tarmoqlariga ta’siri haqidagi tadqiqotni yakunladilar. Bundan tashqari, shuni ta’kidlash kerakki, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hozirda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishining ta’siri to‘g‘risida shunga o‘xshash tadqiqot olib bormoqda, uning natijalari yaqin orada e’lon qilinadi.
Taqdimot davomida Iqtisodiy tahlil Markaz direktori JSTga a’zo bo‘lishning O‘zbekiston uchun bir qator afzalliklari haqida gapirdi, masalan:
- Tashkilotga a’zo bo‘lish yuqori texnologiyalar va uskunalarni iqtisodiyot tarmoqlariga kiritish orqali barcha sohalarda ilmiy va texnik taraqqiyotni tezlashtirish imkoniyatini oshiradi;
- Iste’molchilar yuqori sifatli mahsulotlardan kengroq foydalanishlari mumkin bo‘ladi;
- O‘zbekiston savdo nizolarini hal etish mexanizmida va xalqaro savdoning yangi qoidalarini ishlab chiqishda to‘liq ishtirok etishi, shuningdek, uning manfaatlarini himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ushbu bosqichda O‘zbekistonning milliy manfaatlari iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlash, iqtisodiy o‘sish sifatini oshirish va aholi hayoti uchun munosib turmush shart-sharoitlarni yaratishni talab qiladi. Bunga raqamli texnologiyalardan maksimal darajada foydalangan holda xom ashyoni qayta ishlashga asoslangan iqtisodiy modeldan resurslarni tejaydigan, iqtisodiy o‘sishning innovatsion modeliga o‘tish orqali erishish mumkin.
Xalqaro savdoda ishtirok etishning afzalliklaridan foydalanish uchun mamlakat samarali makroiqtisodiy siyosatga, zarur institutlarga (soliq, bojxona, huquqiy, moliyaviy, marketing va boshqalar) va qulay infratuzilmaga (transport va logistika, kommunikatsiya, axborot va boshqalar) ega bo‘lishi kerak.
2019 yilning kuzidan boshlab O‘zbekistonda xalqaro iqtisodiy birlashmalarga, birinchi navbatda, YeOII va JSTga a’zo bo‘lish masalasi bo‘yicha munozaralar kuchaygan. Shu bilan birga, O‘zbekistonning YeOIIga kirish masalasi ochiqligicha qolmoqda va ayni paytda mamlakat parlamenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi ushbu tashkilotga a’zo bo‘lishining salbiy va ijobiy taraflari o‘rganilmoqda.
Taqdimot yakunida ishtirokchilarga O‘zbekiston YeOIIga a’zo bo‘lgan taqdirda savdo siyosatidagi o‘zgarishlarning O‘zbekistonning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlariga ta’siri haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, turli iqtisodiy markazlar tomonidan YeOIIga a’zo bo‘lishning umumiy samarasini baholash hamda O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’atiga ta’siri ma’lum qilindi:
- Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi + 0.9%ga;
- Rossiya iqtisodiy siyosat instituti E.T. Gaydar + 1,0% ga;
- "Berlin Economics" mustaqil konsalting kompaniyasi (tahlil markazi) + 0,23% ga.
Xulosa qilib aytganda, hozirgi vaqtda eksportni qo‘llab-quvvatlamasdan va yangi bozorlarga chiqmasdan iqtisodiyotning barqaror o‘sishiga erishib bo‘lmasligi ta’kidlandi. Bunday sharoitda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlagandek, jahon bozorlariga tovarlarni eksport qilish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy strategiyani qayta ko‘rib chiqish zarur ekanligi yakdillik bilan ma’qullandi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati bo‘limi
Izoh qoldirish