Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tarmoq idoralari va hokimliklar bilan birgalikda 2024 yil 1-yarim yillik uchun taqdimotlar rejasini ishlab chiqdi.
Ushbu rejaga muvofiq Markaz xodimlari Sunatilla Zikrillayev va Latofat Bo‘riyeva 29 fevral kuni Buxoro shahrida “Aholi va jamoatchilik kayfiyati va muammolari bilan ishlashda kommunikatsiya qilish” mavzusida tanlangan hududlar tarmoq idoralari va hokimliklar vakillariga seminar-trening o‘tdi.
Treningda Markaz bosh ilmiy xodimi S.Zikrillayev trening maqsadlari va aholi kayfiyati va uni o‘lchash metodlari, indekslarni hisoblash, hududlar kesimida indekslar natijalari, aholi kayfiyati indeksi va aholi farovonligi indeksi haqida ma’ruza qildi.
“Aholi va jamoatchilik kayfiyati iqtisodiy siyosat yuritishda muhim omillardan biri hisoblanadi. Dunyoning yetakchi mamlakatlarida aholi kayfiyatini o‘lchash uchun turli xil metodologiyalardan foydalaniladi. Xalqaro tajribada aholi kayfiyatini o‘lchovchi bir necha indekslar mavjud bo‘lib, har xil metodoligiyalar asosida yuritiladi. Rossiyada Levada markazi olib boradigan “Social Sentiment Index”, Xitoyda PORI (Public Opinion Research Institute) olib boradigan “Public Sentiment Index”, AQShning Michigan Universitetining “Consumer Sentiment Index”sining sub-indeksi, “Conference Board” tomonidan yuritiladigan “Consumer Confidence Index”lari misol bo‘la oladi.
Aholi kayfiyati indeksi har bir hududda 16 yosh va undan katta yoshdagi 1200-1300 nafar aholini qamrab olgan uy xo‘jaliklarining har chorakda telefon orqali o‘tkazilgan so‘rovlari natijalariga ko‘ra hisoblab chiqiladi”, dedi Sunatilla Zikrillayev.
Ma’ruza so‘nggida ishtirokchilar o‘zaro munozara va muhokama olib borishdi.
Trening ikkinchi qismida Markaz yetakchi ilmiy xodim Latofat Buriyeva “Hududlarda aholi va jamoatchilik kayfiyatini o‘rganishda sifatli kommunikatsiyani yo‘lga qo‘yish”.bo‘yicha ma’ruza qildi.
Xalqaro tajribaning ko‘rsatishicha, islohotlarni amalga oshirish jarayonida aholi tomonidan tomonidan kelib chiqqan tushunmovchiliklar bilan bog‘liq vaziyatni uyushgan kommunikatsiya mexanizmlari, muloqot maydonchalari, muntazam jamoatchilik fikrini o‘rganish, ijtimoiy kayfiyatni aniqlash va hokazolar orqali bartaraf etish mumkin.
“Aholi ehtiyojlarini avvalo tushunish, ularning talablariga o‘z vaqtida javob bera olish va joylardagi mahalliy davlat hokimiyati organlari (hokimliklar) va aholi o‘rtasida samarali ikki tomonlama aloqani yo‘lga qo‘yish joiz.
Ijtimoiy so‘rovlar va jamoatchilik fikrini o‘rganish natijalari aholining kayfiyati va talablarini aniqlash, shuningdek, kelajak kutilmalarini aniqlash orqali jamiyatdagi tendensiyalarni prognoz qilishda barometr rolini bajaradi. Bunday ma’lumotlar tizimlashtirilgan bo‘lishi, mahalliy hokimiyat organlarining esa undan foydalanish imkoniyati bo‘lishi kerak.
Muammoli vaziyatni hal qilish darajasi hokimlik va jamoatchilik o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning o‘rnatilgan mexanizmlariga bog‘liq.
Yuqori sifatli kommunikatsiya tizimini tashkil etish qarorlar qabul qilish jarayonining samaradorligiga katta ta’sir ko‘rsatadi”, dedi Latofat Buriyeva.
Treningda har bitta mavzu bo‘yicha ishtirokchilar o‘rtasida muhokamalar bo‘lib, fikr almashildi.
Izoh qoldirish