Jahon matbuoti sharhi

Jahon matbuoti sharhi

AQSh muhim minerallarni qazib olishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kengaytirmoqda (Financial Times)

AQSh Xitoyga qaramlikni kamaytirish maqsadida muhim minerallarni qazib olish va qayta ishlash sohasiga davlat ko‘magini oshirmoqda. Yirik loyihalar qatorida Janubiy Koreyaning Korea Zinc kompaniyasi tomonidan 7,4 mlrd dollarlik metallurgiya zavodini qurish hamda AQShning Vulcan Elements va ReElement Technologies kompaniyalari bilan noyob yer metallari ishlab chiqarish bo‘yicha 1,4 mlrd dollarlik kelishuv o‘rin olgan.

2025 yilda AQShda qazib olingan metallarning umumiy qiymati 33,6 mlrd dollardan 38,1 mlrd dollarga oshgan.

Shu bilan birga, 14 ta tog‘-kon kompaniyasining lobbichilik xarajatlari 2024 yildagi 2,5 mln dollardan 2025 yil va 2026 yilning birinchi yarmida jami 11,5 mln dollardan oshgan. Yirik investitsiya kelishuvlariga qaramay, amalda ishlab chiqarish hajmlarining o‘sishi hozircha cheklangan.

Xitoy robototexnika uchun sun’iy intellektga investitsiyalarni jadal oshirmoqda (Reuters)

Xitoy kompaniyalari insonsimon robotlarning yangi vazifalarni mustaqil o‘zlashtirishiga imkon beruvchi sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqmoqda.

2026 yilning birinchi yarmida Xitoyning robototexnika uchun sun’iy intellekt sohasiga 322 ta bitim doirasida 13 mlrd dollar (93,5 mlrd yuan) investitsiya jalb qilingan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5 barobar ko‘p. Xitoy kompaniyalari ushbu texnologiyalarni ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etmoqda. CATL zavodida Spirit AI robotlari egiluvchan simlar bilan bog‘liq operatsiyalarni 99 foiz muvaffaqiyat ko‘rsatkichi bilan bajarmoqda. Ant Group o‘zining sun’iy intellekt modelini 160 ming soatlik ma’lumotlar asosida o‘qitgan. Shundan 50 ming soati inson boshqaruvidagi robotlar faoliyatiga to‘g‘ri keladi. Model 17 ta ishlab chiqaruvchining 20 xil robot konfiguratsiyasiga moslashtirilgan.

Xitoy kimyo mahsulotlari eksporti yangi savdo ziddiyatlarini keltirib chiqarishi mumkin (Financial Times)

Xitoy kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish va eksportini sezilarli darajada oshirib, Yevropa va AQSh ishlab chiqaruvchilari bilan raqobatni kuchaytirmoqda. Rhodium Group ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-2025 yillarda Xitoyda stirol ishlab chiqarish 97 foizga, etilen - 80 foizga, polietilen - 75 foizga, polipropilen esa 71 foizga oshgan.

Neft-kimyo mahsulotlari eksporti yiliga o‘rtacha 40 foizga o‘sgan. Xitoyning Hindiston polivinilxlorid (PVX) bozoridagi ulushi 3 foizdan 45 foizga yetgan. 2022-2025 yillarda Yevropada yopilishi e’lon qilingan kimyo korxonalarining umumiy yillik ishlab chiqarish quvvati 6 barobarga oshgan.

Yevropa Ittifoqi uchta antidemping tekshiruvini boshlagan. Xitoy eksportining kengayishi yangi savdo cheklovlari joriy etilishiga va jahon neft-kimyo bozorlarida ulushlarning qayta taqsimlanishiga olib kelishi mumkin.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar