Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2026 yilning III choragi yakunlari bo‘yicha banklar reytingini yangiladi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2026 yilning III choragi yakunlari bo‘yicha banklar reytingini yangiladi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2026 yilning III choragi uchun «Banklar faollik indeksi» natijalari asosida yangilangan banklar reytingini taqdim etdi.

Tadqiqotga respublikaning 34 ta tijorat banki kiritildi. Natijalarni o‘zaro taqqoslash maqsadida 20 ta bank yirik banklar, 14 tasi esa kichik banklar guruhiga ajratildi.

Indeks 7 ta yo‘nalish bo‘yicha guruhlangan 27 ta subindikator asosida hisoblab chiqildi. Ular qatoriga moliyaviy vositachilik va moliyaviy ommaboplik, kapital yetarliligi, aktivlar sifati, boshqaruv samaradorligi, daromad olish salohiyati va likvidlilik kiradi.

Ko‘rsatkichlar qiymatlari bank tizimi bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichlar hamda amaldagi xalqaro me’yorlar, jumladan, Bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasi talablari bilan taqqoslanadi. Indeksni hisoblashda banklarning moliyaviy barqarorligini baholashga oid xalqaro yondashuvlar inobatga olinadi.

Yirik banklar faolligi reytingi

2026 yilning III choragi yakunlariga ko‘ra, 20 ta yirik bankdan 10 tasining faollik reytingidagi o‘rni o‘zgardi. Jumladan, 10 ta bank o‘z o‘rnini saqlab qoldi, 5 ta bank yuqori pog‘onaga ko‘tarildi, 5 ta bankning esa umumiy reytingdagi o‘rni pasaydi.

Dastlabki to‘rtta o‘rin o‘zgarishsiz qoldi. «Kapitalbank», «Hamkorbank», «Aziya Alyans Bank» va «Trastbank» reyting yetakchilari bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, «Ipak Yo‘li Bank» 3 pog‘onaga ko‘tarilib, yetakchi beshtalikka kirdi.

Eng yuqori o‘sish «Ipak Yo‘li Bank» va «Xalq banki»da kuzatildi. Ularning har biri 3 pog‘onaga ko‘tarildi. Eng sezilarli pasayish esa «Ipoteka bank» va «Anorbank»da qayd etildi. Har ikki bank 3 pog‘onadan yo‘qotdi.

Indeks yo‘nalishlari bo‘yicha asosiy o‘zgarishlar

2026 yilning III choragi yakunlariga ko‘ra, eng yuqori ijobiy dinamika moliyaviy ommaboplik va moliyaviy vositachilik yo‘nalishlarida kuzatildi. Shu bilan birga, kapital yetarliligi va aktivlar sifati bo‘yicha o‘rni pasaygan banklar soni o‘z natijalarini yaxshilagan banklar sonidan ko‘p bo‘ldi. Boshqaruv samaradorligi va daromad olish salohiyati ko‘rsatkichlari nisbatan barqaror saqlandi.

Moliyaviy ommaboplik bo‘yicha 9 ta yirik bank o‘z o‘rnini yaxshiladi, 5 tasining o‘rni pasaydi, yana 6 tasi avvalgi o‘rnini saqlab qoldi. Eng yuqori o‘sish «Aziya Alyans Bank»da kuzatilib, u 3 pog‘onaga ko‘tarildi. «O‘zbekiston Milliy banki» va «Asakabank» o‘z natijalarini 2 pog‘onadan yaxshiladi. Eng sezilarli pasayish «Tenge Bank»da qayd etilib, u 7 pog‘onaga tushdi.

Moliyaviy vositachilik bo‘yicha 7 ta bank o‘z o‘rnini yaxshiladi, 6 tasining o‘rni pasaydi, yana 7 tasi avvalgi o‘rnini saqlab qoldi. Eng yuqori o‘sish «Mikrokreditbank»da kuzatilib, u 5 pog‘onaga ko‘tarildi. «Ipak Yo‘li Bank» o‘z natijasini 3 pog‘onaga, «Davrbank» esa 2 pog‘onaga yaxshiladi. Eng sezilarli pasayish «Turonbank»da qayd etilib, u 8 pog‘onaga tushdi.

Aktivlar sifati bo‘yicha 6 ta bank o‘z o‘rnini yaxshiladi, 8 tasining o‘rni pasaydi, yana 6 tasi avvalgi o‘rnini saqlab qoldi. Eng yuqori o‘sish «Trastbank»da 5 pog‘ona va «Asakabank»da 3 pog‘ona darajasida qayd etildi. Eng sezilarli pasayish «Biznesni rivojlantirish banki»da kuzatilib, u 3 pog‘onaga tushdi. «O‘zsanoatqurilishbank» va «Aloqabank» 2 pog‘onadan yo‘qotdi.

Kapital yetarliligi bo‘yicha 6 ta bankda ijobiy dinamika kuzatildi, 8 tasining o‘rni pasaydi, yana 6 tasi avvalgi o‘rnini saqlab qoldi. Eng yuqori o‘sish «Tenge Bank»da qayd etilib, u 10 pog‘onaga ko‘tarildi. «Turonbank» o‘z natijasini 3 pog‘onaga yaxshiladi. Shu bilan birga, «Ipak Yo‘li Bank», «Mikrokreditbank» va «Biznesni rivojlantirish banki» 4 pog‘onadan pastladi.

Boshqaruv samaradorligi bo‘yicha 3 ta bank o‘z o‘rnini yaxshiladi, 4 tasining o‘rni pasaydi, 13 tasi esa avvalgi o‘rnini saqlab qoldi. Eng yuqori o‘sish «Kapitalbank»da kuzatilib, u 2 pog‘onaga ko‘tarildi. «O‘zbekiston Milliy banki» va «Asakabank» o‘z natijalarini 1 pog‘onadan yaxshiladi. «Oriyent Finans Bank», «Xalq banki», «Davrbank» va «Agrobank»da 1 pog‘onadan pasayish qayd etildi.

Daromad olish salohiyati bo‘yicha 2 ta bank o‘z o‘rnini yaxshiladi, 4 tasining o‘rni pasaydi, yana 14 tasi avvalgi o‘rnini saqlab qoldi. «Xalq banki» va «Turonbank» 2 pog‘onadan ko‘tarildi. Shu bilan birga, «Kapitalbank», «Ipoteka-bank», «Asakabank» va «Agrobank» 1 pog‘onadan yo‘qotdi.

Likvidlilik bo‘yicha 6 ta bank o‘z o‘rnini yaxshiladi, 7 tasining o‘rni pasaydi, yana 7 tasi avvalgi o‘rnini saqlab qoldi. Eng yuqori o‘sish «Asakabank»da kuzatilib, u 4 pog‘onaga ko‘tarildi. «Trastbank», «O‘zbekiston Milliy banki», «Davrbank» va «Biznesni rivojlantirish banki» o‘z natijalarini 2 pog‘onadan yaxshiladi. Eng sezilarli pasayish «Infinbank»da 4 pog‘ona va «Anorbank»da 3 pog‘ona darajasida qayd etildi.

Transformatsiya jarayonlari

Reyting natijalari qator banklarning moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyati va moliyaviy vositachilik bo‘yicha o‘rinlari yaxshilanganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, kredit portfellari sifati, likvidlilik va boshqaruv samaradorligi bo‘yicha tafovutlar saqlanib qolmoqda.

Aholi va biznes uchun kreditlar hamda boshqa moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, shuningdek, kredit portfellari sifatini va risklarni boshqarishni yaxshilash banklarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Kichik banklar faolligi reytingi

2026 yilning III choragi yakunlariga ko‘ra, 14 ta kichik bankdan 10 tasining reytingdagi o‘rni o‘zgardi. Jumladan, 5 ta bank o‘z o‘rnini yaxshiladi, 5 tasining o‘rni pasaydi, yana 4 tasi avvalgi o‘rnini saqlab qoldi.

Yetakchi uchtalik o‘zgarishsiz qoldi. «TBC Bank», «Universal Bank» va «AVO Bank» dastlabki o‘rinlarni saqlab qoldi.

Eng yuqori o‘sishni «Garant Bank» qayd etib, reytingda birdaniga 6 pog‘onaga, ya’ni 14-o‘rindan 8-o‘ringa ko‘tarildi. Shu bilan birga, «Hayot Bank», «Madad Invest Bank» va «Poytaxtbank» o‘z natijalarini 3 pog‘onaga yomonlashtirdi.

Indeks yo‘nalishlari bo‘yicha asosiy o‘zgarishlar

Eng sezilarli o‘rin almashishlar moliyaviy vositachilik, kapital yetarliligi va aktivlar sifati yo‘nalishlarida kuzatildi. Banklarning kelgusidagi o‘rinlarini mustahkamlashi kredit portfellari sifati, risklarni boshqarish va moliyaviy natijalar barqarorligiga bog‘liq bo‘ladi.

Jafar Xidirov,

Bank-moliya va kapital bozorlarini o‘rganish sho‘’basi

tel: (78) 150 02 02 (441)

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

tel: (78) 150 02 02 (417)

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar