Joriy haftada ko‘plab oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari biroz ko‘tarildi

Joriy haftada ko‘plab oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari biroz ko‘tarildi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2020 yil 11 avgust holatiga ko‘ra aholining iste’mol savatchasidagi oziq-ovqat narxlari indeksini ishlab chiqildi.

Ma’lumot uchun: indeks go‘sht va sut mahsulotlari (mol go‘shti, qo‘y go‘shti, parranda go‘shti, sut, tuxum), sabzavotlar (piyoz, karam, pomidor, sabzi, bodring, kartoshka), mevalar (olma, nok), poliz mahsulotlari (tarvuz, qovun, qovoq, uzum), dukkakli ekinlar (no‘xat, loviya, mosh), guruch, un, makaron, sabzavot, sariyog‘ va shakar kabi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxlarini hisobga olgan holda hisoblandi.

Yagona indeksni tuzishda, mamlakat aholisining iste’mol odatlarini tavsiflovchi og‘irliklar qo‘llanildi (ya’ni, aholi o‘rtasida ushbu mahsulot qancha ko‘p iste’mol qilinsa, uning og‘irligi shuncha yuqori bo‘ladi).

Natijada quyidagilar aniqlandi:

2020 yil 11 avgust holatiga oziq-ovqat narxlari indeksi respublikada o‘tgan haftaga nisbatan +0.31% tashkil etdi.

Ma’lumot uchun: respublikada qovunning o‘rtacha narxi (1 kg) o‘tgan haftaga nisbatan -6,83% ga pasayib, 2428 so‘mni tashkil etdi. Tarvuz va qovoqning narxi 3% dan ko‘proqga oshdi va respublikada ushbu mahsulotlarning o‘rtacha narxi mos ravishda 1376 so‘m va 2662 so‘mni tashkil etdi. Pomidorning o‘rtacha narxi (1 kg) 3028 so‘m (-2,87%). Nokning narxi -1,47 % ga pasayib, 1 kg uchun 13 836 so‘mni tashkil etdi. Mosh (-0,36%) va bug‘doy uni (-0,14%) narxlarida bir oz pasayish kuzatildi va ularning o‘rtacha narxi (1 kg) mos ravishda 11884 so‘m va 4400 so‘mni tashkil etdi.

Ushbu haftada ko‘plab mahsulotlar narxlarining ko‘tarilgani sezildi. Xususan, bodringning o‘rtacha narxi (1 kg) 2727 so‘m (+ 6,83%), sabzi (2501 so‘m), piyoz (1824 so‘m), baliq (23 317 so‘m) va qo‘y go‘shtining (55,4 ming so‘m) o‘rtacha narxlarida 1% atrofida o‘sish kuzatildi. Makaron va shakarning narxi (1 kg) oldingi haftaga nisbatan deyarli o‘zgarmadi.

1-jadval. 11 avgust holatiga O‘zbekiston Respublikasida oziq-ovqat mahsulotlarining narxi o‘tgan haftaga nisbatan o‘sishi yoki pasayishi, (%)

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika xizmati tezkor ma’lumotlari asosida muallif hisob-kitoblari

Hududlar bo‘yicha oziq-ovqat narxlari indeksining pasayishi Namangan (-0,38%) Toshkent (-0.26%) va Farg‘ona (-0.12%) viloyatlarida kuzatildi.

Andijon viloyatida oziq-ovqat narxlari indeksi deyarli o‘zgarishsiz qoldi, bu esa o‘tgan haftaga nisbatan oziq-ovqat narxlarining barqarorligidan dalolat beradi.

Navoiy viloyatida indeksning o‘sishi kuzatildi va +1,97% ni tashkil etdi. Buxoro va Xorazm viloyatlarida indeksning o‘tgan haftaga nisbatan o‘sishi qayd etildi, va mos ravishda 1,22% va 1,12% ni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning qaroriga binoan, avgust oyining birinchi haftasida kam ta’minlangan oilalarga 148 milliard so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi.

Avgust oyi oxiriga qadar 1,7 million kishi va 50 mingdan ortiq tibbiyot xodimlari uchun 780 milliard so‘m to‘lanadi. Shuningdek, joriy yil oxiriga qadar 1,7 million kam ta’minlangan fuqarolar, 3,7 million nafaqaxo‘rlar va qo‘shimcha 500 ming ijtimoiy nafaqaxo‘rlar uchun byudjetdan qo‘shimcha 2 trillion so‘m ajratiladi. Aholi qatlamlariga ko‘rsatilgan moddiy yordam oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabni rag‘batlantiradi, bu esa o‘z navbatida narxlarning oshishiga va natijada oziq-ovqat narxlari indeksining o‘sishiga olib keladi.

Iste’mol savatchasi narxlari indeksining dinamikasi shuni ko‘rsatadiki, avgust oyining birinchi haftasida aholiga moddiy yordam ko‘rsatilgandan so‘ng, 11 avgustdan boshlab ko‘plab oziq-ovqat mahsulotlariga talab kuchayib oziq-ovqat narxlarining o‘sish indeksi 4 avgustdagi -0,21% dan 11 avgustda + 0,31% oshishiga olib keldi (1-rasm).

1-rasm. Iste’mol savatidan oziq-ovqat narxlari indeksining dinamikasi

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika xizmati tezkor ma’lumotlari asosida muallif hisob-kitoblari

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar