Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CERR) ichki bozordagi narxlar bo‘yicha doimiy monitoring olib bormoqda.
Xususan, 2021 yil 12 mayidan 19 mayiga qadar O‘zbekistonda asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan narxlarning viloyatlar, tumanlar va shaharlar bo‘yicha o‘zgarishi tahlili amalga oshirildi.
O‘simlik yog‘i e’tibor markazida
So‘nggi paytlarda o‘simlik yog‘ining narxlari kon’yukturasi hukumat va jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. Tashqi bozorda ushbu mahsulotga bo‘lgan talabning ortishi davlat tomonidan bozorni barqarorlashtiruvchi chora-tadbirlarning joriy etilishiga olib keldi. Monitoring shuni ko‘rsatmoqdaki, amalga oshirilgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, hafta oxiriga kelib respublikada bir litr o‘simlik yog‘ining o‘rtacha narx 0,5% ga pasayib, 18 945 so‘mni tashkil etdi. O‘rtacha narxlar diapazoni Andijon viloyatida bir litr uchun 17 045 so‘m, Toshkent shahrida 20 331 so‘mgacha bo‘lgan oraliqda o‘zgarib bordi.
12 ta viloyatda o‘simlik yog‘i narxlarining pasayishi kuzatilmoqda, eng yuqorisi Navoiy (2,2%), Toshkent (0,9%), Qashqadaryo (0,8%) va Buxoro (0,8%) viloyatlarida qayd etildi.
Tumanlar kesimida o‘simlik yog‘i narxining bir litri uchun eng katta pasayish Navbahor (8,7%), O‘rtachirchiq (7%), Chust (6,4%), Qo‘rg‘ontepa (4,9%), Sho‘rchi (4,1%), Karmana (3,5%) tumanlarida kuzatildi.
Hafta davomida narxlar faqat 2 ta viloyatda: Xorazm (0,4%) va Jizzax (0,1%)da oshdi.
3 hafta davomida 28 apreldan 19 maygacha respublikada o‘simlik yog‘ining o‘rtacha narxi 1,3% ga pasaydi.
O‘simlik yog‘i narxlarining pasayishi ichki bozordagi vaziyatning barqarorlashayotganidan dalolat beradi.
Quyida 12 maydan 19 maygacha mol go‘shti, sut, bug‘doy uni, shakar, tuxum, kartoshka, guruch narxlarining o‘zgarishi keltirilgan.
Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida respublikada o‘rtacha narxlarning o‘sishi mol go‘shti (0,2 %ga, kilosi 61 266 ming so‘m), sut (0,1 %ga, litri 6 095 ming so‘m), bug‘doy uni (0,02 %ga, kilosi 4 880 so‘m), shakar (0,2 %ga, kilosi 8 393 so‘m) uchun qayd etildi.
Hududlar kesimida eng yuqori narx o‘sishi:
- mol go‘shti Sirdaryo (0,7%) va Navoiy (0,6%) viloyatlarida;
- sut Toshkent (2,5%), Qashqadaryo (0,4%) viloyatlarida;
- tuxum Toshkent va Farg‘ona (0,4%) viloyatlarida;
- kartoshka Namangan (1,9%), Farg‘ona (1,1%) viloyatlarida;
- guruch Qashqadaryo (0,8%) viloyatlarida;
- bug‘doy uni Jizzax (0,8%), Farg‘ona (0,2%) viloyatlarida;
- shakar Sirdaryo (1,2%), Jizzax (0,4%) viloyatlarida, Toshkent (0,4%) shahrida kuzatildi.
Respublikada hafta davomida o‘rtacha narxlarning pasayishi tuxum (0,5 %ga, o‘ntasi 10 722 so‘m), kartoshka (3,3 %ga, ilosi 4 519 so‘m), guruch (0,2 %ga, kilosi 10 141 so‘m), o‘simlik yog‘i (0,5 %ga, litriga 18 945 so‘m).
Hududlar kesimida narxlarning eng katta pasayishi quyidagilar uchun qayd etildi:
- mol go‘shti – Andijon viloyatida (0,3%);
- sut – Qoraqalpog‘iston Respublikasida (2,6%), Jizzax (1,3%) va Samarqand (1,2%) viloyatlarida;
- tuxum – Jizzax (3,1%), Qashqadaryo (2,5%), Navoiy (0,9) viloyatlarida;
- kartoshka – Qashqadaryo (9%), Samarqand (5,4%) viloyatlarida va Toshkent (7,4%) shahrida;
- guruch – Andijon (1,4%), Toshkent (0,8%), Farg‘ona (0,4%) viloyatlarida,
- bug‘doy uni – Namangan va Toshkent (0,1%), viloyatlarida;
- shakar – Xorazm (0,7%), Andijon (0,4%) viloyatlarida;
O‘zbekistonda ko‘rib chiqilayotgan hafta davomida asosiy iste’mol tovarlari uchun narx muhiti nisbatan past darajada o‘zgaruvchanligi bilan ajralib turadi. O‘tgan haftaga nisbatan (5 maydan 12 maygacha) mol go‘shti narxining o‘sish sur’ati saqlanib qoldi, tuxum va kartoshka narxi pasayib ketdi, un va shakar narxlarining o‘sishi dinamikasi sezilarli darajada sekinlashdi.
Izoh qoldirish