Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2020 yil 10 noyabr holatiga ko‘ra aholining iste’mol savatchasidagi oziq-ovqat narxlari indeksi ishlab chiqildi.
Ma’lumot uchun: indeks go‘sht va sut mahsulotlari (mol go‘shti, qo‘y go‘shti, parranda go‘shti, sut, tuxum), sabzavotlar (piyoz, karam, pomidor, sabzi, bodring, kartoshka), mevalar (olma, nok), poliz mahsulotlari (tarvuz, qovun, qovoq, uzum), dukkakli ekinlar (no‘xat, loviya, mosh), guruch, un, makaron, sabzavot, sariyog‘ va shakar kabi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxlarini hisobga olgan holda hisoblandi.
Yagona indeksni tuzishda, mamlakat aholisining iste’mol odatlarini tavsiflovchi og‘irliklar qo‘llanildi (ya’ni, aholi o‘rtasida ushbu mahsulot qancha ko‘p iste’mol qilinsa, uning og‘irligi shuncha yuqori bo‘ladi).
Natijada quyidagilar aniqlandi:
2020 yil 10 noyabr holatiga respublikada oziq-ovqat narxlari o‘tgan haftaga nisbatan o‘sish sur’ati +1,02% ni tashkil qildi (1-rasm).
1-rasm. Iste’mol savatidagi oziq-ovqat mahsulotlar narxlarining o‘sish sur’ati dinamikasi (%)
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Davlat Statistika Qomitasi (DSQ) tezkor ma’lumotlari asosida muallif hisob-kitoblari
O‘tgan hafta bilan taqqoslaganda tuxum, sabzi, loviya, mosh, qovoq va qovun kabi maxsulotlarning o‘rtacha narxi tushib ketdi.
Ma’lumot uchun: sabzi narxi o‘tgan haftaga nisbatan -4.4% tushib ketdi va 1 kilogram uchun 2065 so‘mni tashkil etdi. Tuxum narxi (10 dona) -2.2% ga tushib, 10512 so‘mni tashkil qildi. Qovoq (-0.6%) va qovunning (-0.4%) narxi mos ravishda 2076 so‘m va 2510 so‘mni tashkil etdi. Loviya va mosh narxlari pasayishi -0.3% ga teng bo‘ldi va respublikada o‘rtacha narxlari mos ravishda 12891 so‘m va 11422 so‘mni tashkil qildi.
Bir hafta ichida go‘sht, un, o‘simlik yog‘i kabi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarida sezilarli o‘zgarish kuzatilmadi.
Ma’lumot uchun: mol go‘shti narxi (+0.8%) respublika bo‘yicha o‘rtacha 56464 so‘mni tashkil etdi. O‘simlik yog‘i (+0.8%) 1 litr uchun 13503 so‘mga teng bo‘ldi. Pomidor (+13.3%) va bodring (+38.0% ) narxlari o‘tgan hafta bilan taqqoslaganda qimmatlashdi va 1 kilogramm uchun mos ravishda 6976 so‘m va 10108 so‘mni tashkil etdi. Sut, bug‘doy uni, kartoshka, shakar va guruch narxlarida sezilarli o‘zgarish sezilmadi.
1-jadval. 10 noyabr holatiga O‘zbekiston Respublikasida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘tgan haftaga nisbatan o‘sishi yoki pasayishi, (%)
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Davlat Statistika Qomitasi (DSQ) tezkor ma’lumotlari asosida muallif hisob-kitoblari
Izoh qoldirish