Joriy yil 1 oktyabrdan boshlab, ilgari 1 million dollargacha xorijiy valyutada olingan 6 mingga yaqin tadbirkorning jami 1 milliard dollarga yaqin kreditlari, tadbirkor va tijorat banklari o‘rtasidagi kelishuvga asosan, milliy valyutaga o‘tkazib beriladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, tijorat banklarida har yili o‘rtacha 30-40 trillion so‘mlik milliy valyutadagi uzoq muddatli qo‘shimcha resurslar shakllanadi.
Bular hisobiga, tadbirkorlar milliy valyutadagi kreditlarni uzoq muddatga va hozirgi stavkalardan kamida 5 foiz arzon olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Prezident Iqtisodiyotga arzon kredit beramiz deb, makroiqtisodiy barqarorlikni unutib qo‘ymasligimiz lozimligini ta’kidladi.
"Men yaxshi tushunaman, hamma arzon kredit olishni xohlaydi. Lekin, kredit foiz stavkalarini sun’iy pasaytirsak, pul bozoridagi muvozanat buziladi. Bu borada, foiz stavkalariga bevosita ta’sir etadigan inflyasiyani va yana takror aytaman, inflyasiyani pasaytirish hamda bank orqali kreditlash jarayonini to‘liq bozor mexanizmlariga o‘tkazishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettiramiz. Aynan qog‘ozda emas, amalda!", deya ta’kidladi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyev inflyasiya darajasini joriy yilda 10 foizga, kelgusi ikki yilda 5 foizga tushirishni reja qilingani, bu esa kredit stavkalarini ham maqbul darajaga tushirish va muddatini uzaytirish imkonini berishi haqida so‘zladi.
Izoh qoldirish