Jahon matbuoti sharhi

Jahon matbuoti sharhi

Xitoy sun’iy intellekt texnologiyalari eksporti ustidan nazoratni kuchaytirmoqda (Reuters)

Xitoy sun’iy intellekt texnologiyalarini xorijga uzatish bo‘yicha yangi cheklovlarni taklif qildi. Loyihaga muvofiq, 23 ta texnologiyani eksporti taqiqlangan yoki cheklangan texnologiyalar ro‘yxatiga kiritish nazarda tutilmoqda. Yangi qoidalar 2026 yil oxiriga qadar qabul qilinishi kutilmoqda.

Nazorat katta hisoblash quvvatlarini talab etadigan sun’iy intellekt modellari, 2 trln parametrga ega tizimlar hamda 10 mingta sun’iy intellekt chipini boshqarish texnologiyalarini qamrab oladi.

Shu bilan birga, xorijiy foydalanuvchilar Xitoyning sun’iy intellekt xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini saqlab qoladi. Biroq texnologiyalarning o‘zini xorijga uzatish cheklanadi. Shu tariqa, Xitoy texnologiyalar ustidan nazoratni saqlab qolgan holda, xalqaro bozorda sun’iy intellekt xizmatlarini taqdim etishni ko‘zlamoqda.

Volkswagen Xitoyda ishlab chiqilgan texnologiyalardan xalqaro bozorlarda foydalanadi (DPA, Germaniya)

Volkswagen kompaniyasi Xitoyda ishlab chiqilgan elektron arxitekturani (avtomobil elektronikasi, dasturiy ta’minoti va raqamli funksiyalarini boshqaruvchi yagona tizim) Janubiy Amerika, Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyo bozorlari uchun mo‘ljallangan yangi avlod avtomobillarida qo‘llashni rejalashtirmoqda.

Mazkur texnologiya Volkswagen kompaniyasining Xitoyning Xefey shahridagi tadqiqot markazida ishlab chiqilgan. Uni joriy etish o‘n yillik oxiriga qadar rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Volkswagen Xitoyda ishlab chiqarilgan avtomobillarni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Yaqin Sharq mamlakatlariga eksport qilmoqda.

Ushbu qaror kompaniyaning “Xitoyda, Xitoy uchun” strategiyasidan Xitoyda yaratilgan texnologiyalarni xalqaro bozorlarda qo‘llash strategiyasiga o‘tayotganini anglatadi. Strategiyadagi o‘zgarish Volkswagen kompaniyasining Xitoydagi sotuvlari 2026 yilning uchinchi choragida 38,5 foizga qisqarib, 405,8 mingta avtomobilni tashkil etgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Kompaniya baholashicha, avtomobillarni Xitoyda ishlab chiqish ularni yaratish muddatini 30 foizgacha qisqartirish imkonini beradi.

Yirik iste’mol tovarlari ishlab chiqaruvchilari narxlar oshishi mumkinligi haqida ogohlantirdi (Reuters)

Jahonning yirik oziq-ovqat va iste’mol tovarlari ishlab chiqaruvchilari (Coca-Cola, Procter & Gamble, Nestlé va Reckitt) ishlab chiqarish xarajatlarining ortishi fonida 2027 yilda mahsulotlar narxi oshishi mumkinligini ma’lum qildi.

Bunga AQSh va Eron o‘rtasidagi mojaro sharoitida xomashyo, energiya resurslari va transport tashuvlari qiymatining oshishi asosiy sabab bo‘lmoqda.

Procter & Gamble kompaniyasi xomashyo, energiya va logistika bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar bo‘yicha o‘z bahosini 1 mlrd dollardan 1,4 mlrd dollargacha oshirdi. Reckitt esa ishlab chiqarish xarajatlarini qoplash maqsadida mahsulotlarning sotish narxlarini oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar