Mahalla institutini rivojlantirish. Yangi qarorlar va amaliy mexanizmlar

Mahalla institutini rivojlantirish. Yangi qarorlar va amaliy mexanizmlar

Yig‘ilishda mahallalarning moliyaviy imkoniyatlari va vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar natijalari baholandi, ularni amaliyotga joriy etishdagi mavjud muammolar tahlil qilindi, shuningdek, mahalla institutini rivojlantirish, mahalliy boshqaruv samaradorligini oshirish, aholi bandligi, tadbirkorlik, obodonlashtirish hamda hududlarning moliyaviy mustaqilligini mustahkamlashga qaratilgan yangi yondashuvlar belgilandi.

Mahallalarning moliyaviy imkoniyatlarini baholash

2026 yilda tumanlar va mahallalarning moliyaviy imkoniyatlari sezilarli darajada kengaytirildi. Infratuzilmani rivojlantirish, aholi va tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida har bir tumanga o‘rtacha 250 mlrd so‘mdan, har bir mahallaga esa 5,5 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratildi.

Tuman hokimlari va mahalla raislarining tushumlarni oshirish bo‘yicha vakolatlari kengaytirilishi natijasida hududlarda qoladigan qo‘shimcha daromadlar hajmi qariyb 2 barobarga ko‘paydi. Natijada har bir tuman ixtiyorida o‘rtacha 22 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘ qoldi, har bir mahalla byudjetiga esa o‘rtacha 150–200 mln so‘m tushum shakllandi.

Qo‘shimcha resurslar obodonlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi bandligini ta’minlashga yo‘naltirildi. Joriy yilda «Tashabbusli byudjet» dasturi doirasida 7,5 trln so‘m ajratildi. Biroq 2 136 ta mahallada birorta ham loyiha g‘olib bo‘lmagani mahalliy tashabbuslarni shakllantirish va ilgari surish faolligi yetarli emasligini ko‘rsatadi.

Joylarda hal etilmagan muammolar ham saqlanib qolmoqda. Yil boshidan Xalq qabulxonalariga 87 ta mahallaning har biridan 200 tadan ortiq murojaat kelib tushgan. Bu aholi muammolarini aniqlash va hal etish ishlarida tezkorlik hamda samaradorlik yetarli darajada emasligini ko‘rsatadi.

Kichik tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishda ijobiy natijalar qayd etildi. Keyingi olti oyda banklar tomonidan ushbu maqsadlar uchun 18,5 trln so‘m resurs ajratildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan 110 mingta mikroloyiha amalga oshirilib, 259 ming nafar aholi ish bilan ta’minlandi.

Shu bilan birga, hududlar o‘rtasidagi natijalar keskin farq qilmoqda. 47 ta mahallada atigi ikkitadan mikroloyiha amalga oshirildi. Ayrim tumanlarda kambag‘al oilalarning loyihalardagi ishtiroki 15%ga ham yetmaydi. 960 ta kambag‘al oila yashaydigan 32 ta mahallada birorta ham ehtiyojmand fuqaro doimiy ishga joylashtirilmagan.

883 ta mahallada mahalla bankirlari xonadonbay ishlamagan, loyihalar shakllantirmagan va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazmagan. Ijro intizomidagi kamchiliklar sabab yil boshidan mahallalarda ishni talab darajasida tashkil etmagan 152 nafar rahbar lavozimidan ozod qilindi, yana 700 nafariga nisbatan intizomiy choralar ko‘rildi.

Shu bilan birga, ayrim hududlarda mahalla darajasida yuqori samara bergan tajribalar shakllanmoqda. Angor tumanining Yangiobod mahallasida ikki kilometrlik zovur usti yopilib, 110 ta servis ob’yekti ishga tushirildi. Natijada 1 225 nafar aholi ish va daromad manbaiga ega bo‘ldi.

Arnasoy tumanining Baxtli mahallasida 20 ta xonadonga mehmon uylari tashkil etish uchun 50 mln so‘mdan kredit ajratildi. Har bir xonadon bir mavsumda 100 mln so‘mgacha daromad olmoqda. Ushbu tajriba samarasi natijasida yana 80 ta oila shunday faoliyatni yo‘lga qo‘yishga kirishdi.

Oilaviy tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ham kengaytirilmoqda. Joriy yilda ushbu yo‘nalish uchun qo‘shimcha 2 trln so‘m imtiyozli resurs ajratildi. «Og‘ir» mahallalar uchun kredit stavkasi 17,5%dan 12%ga tushirildi.

Mahallalarning o‘z daromad manbalari ham mustahkamlanmoqda. 2026 yilda mahalla byudjetlarida 600 mlrd so‘m mablag‘ qoldirish rejalashtirilgan. Yer va mol-mulk solig‘ining mahallada qoladigan ulushi 10%dan 15%ga oshirildi. Shuningdek, sanitariya qoidalarini buzish va noqonuniy qurilish uchun jarimalarning 10%i ham mahalla byudjetlariga yo‘naltirilmoqda.

Bundan tashqari, maydoni 5 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan bo‘sh binolarni mahallalarning o‘zi sotuvga chiqarishiga ruxsat berildi. Bu choralar hisobiga mahalla byudjetlariga qo‘shimcha 405 mlrd so‘m tushishi kutilmoqda.

Qabul qilingan choralar mahallalarning moliyaviy imkoniyatlari va vakolatlarini sezilarli kengaytirdi. Shu bilan birga, mikroloyihalar soni, kambag‘al aholi bandligi, mahalla bankirlari faolligi va «Tashabbusli byudjet» dasturida ishtirok darajasidagi farqlar mavjud moliyaviy resurslar hali barcha hududlarda bir xil ijtimoiy-iqtisodiy natijalarga olib kelmayotganini ko‘rsatadi.

Mahallalarni rivojlantirishning yangi mexanizmlari

Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili doirasida mahallani ijtimoiy, iqtisodiy va infratuzilmaviy masalalarni hal etishning asosiy bo‘g‘iniga aylantirishga qaratilgan yangi boshqaruv modeli taqdim etildi.

Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz» shiori ostida nishonlanishi munosabati bilan «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» e’lon qilindi. Ushbu tashabbus hududlarda obodonlashtirish, ozodalik va qulay yashash muhitini ta’minlashga qaratilgan uzluksiz umummilliy harakatning boshlanishi sifatida belgilandi.

Ishlarni muvofiqlashtirish uchun Bosh vazir rahbarligida respublika shtabi, hududlarda esa hokimlar rahbarligida shtablar tashkil etiladi. Viloyat hokimlari, ularning o‘rinbosarlari va hududiy tashkilotlar rahbarlari alohida tumanlarga, tuman rahbarlari esa muayyan mahallalarga biriktirilib, obodonlashtirish ishlarini tashkil etadi.

Yangi modelda mahalla raisiga asosiy muvofiqlashtiruvchi vazifa yuklatiladi. U hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim, profilaktika inspektori, soliq inspektori hamda mahalla bankirining haftalik va oylik ish rejalarini tasdiqlaydi, ularga aniq vazifalar belgilaydi va ijrosini baholaydi.

Mahalla raislari hududni rivojlantirish bo‘yicha manzilli loyihalarni shakllantirishi lozim. Buning uchun ishsiz aholi, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan fuqarolar hamda kredit, yer yoki asbob-uskunaga ehtiyoji bor oilalar aniqlanib, ular bo‘yicha mahalla bankirlariga aniq loyihalar taqdim etiladi.

Shuningdek, bo‘sh yer maydonlaridan samarali foydalanish bo‘yicha vakolatlar kengaytirilmoqda. Mahalla raislari xususiy bog‘cha, maktab, klinika, sport va boshqa ijtimoiy ob’yektlar qurish uchun yer uchastkalarini auksionga chiqarish tashabbusi bilan chiqishi mumkin bo‘ladi.

Amaliy misol sifatida Yangi Quva mahallasi keltirildi. Undagi 51 nafar ishsiz aholining to‘rt nafari agrotexnikum bitiruvchisi bo‘lib, har biri 10 sotixdan tomorqaga ega. Ular uchun gul ko‘chatlari yetishtirishga ixtisoslashgan yengil issiqxonalar tashkil etish taklif qilindi. Shuningdek, mahallada 70 sotix bo‘sh yer mavjud bo‘lishiga qaramasdan, bog‘cha yetishmasligi sababli 50 nafar bola qo‘shni mahallaga qatnab yurgani xususiy ijtimoiy ob’yektlarga ehtiyoj yuqoriligini ko‘rsatdi.

Obodonlashtirish, ijtimoiy muammolarni hal qilish va aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan loyihalar uchun «mahalla yettiligi»ga 10 mln so‘mdan grant ajratiladi. Bu maqsadlar uchun jami 240 mlrd so‘m resurs shakllantirilib, 8 992 ta mahallaning har birida kamida bitta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Yangi tizimni metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash Mahallani rivojlantirish milliy instituti zimmasiga yuklanadi. Institut «mahalla yettiligi»ni tayyorlaydi, hududlardagi dolzarb muammolarni o‘rganadi hamda ularning ilmiy asoslangan yechimlarini ishlab chiqadi.

Mahalla bankirlari faoliyati ham yangi tamoyillar asosida tashkil etiladi. Banklar har bir mahallaning ixtisoslashuvi va iqtisodiy o‘sish nuqtalarini belgilashi, tashabbuskor aholini aniqlashi hamda daromad keltiradigan loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi lozim.

Samaradorlikni oshirish maqsadida bitta mahalla bankiriga ko‘pi bilan uchta mahalla biriktiriladi. Ikki hafta davomida oliygoh bitiruvchilari va yosh mutaxassislar orasidan 400 nafar yangi mahalla bankiri tanlab olinib, eng ilg‘or mahallalarda amaliy tayyorgarlikdan o‘tkaziladi.

1 avgustdan boshlab mahalla bankirlari oilaviy tadbirkorlik uchun ajratilgan imtiyozli resurslarni o‘zlari shakllantirgan loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirishi mumkin bo‘ladi. Bu maqsad uchun qo‘shimcha 2 trln so‘m ajratildi, «og‘ir» mahallalar uchun kredit stavkasi esa 17,5%dan 12%ga tushirildi. Shu bilan birga, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha KPI ko‘rsatkichlari joriy etiladi.

Mahallalarni ixtisoslashtirish ishlari ham kengaytiriladi. Davlat banklari Agrostar kompaniyalari bilan hamkorlikda mahsulot yetishtirish, qayta ishlash, saqlash, qadoqlash va sotishning to‘liq qiymat zanjirini shakllantiradi. Bir oy ichida mazkur tizimni 1 mingta mahallada yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Mahallalarning moliyaviy mustaqilligini yanada mustahkamlash maqsadida qo‘shimcha choralar belgilandi. Yer va mol-mulk solig‘ining mahallada qoladigan ulushini oshirish bilan bir qatorda, noturar ob’yektlardan tushadigan yer va mol-mulk solig‘ining 5%i ham mahallalar ixtiyorida qoldiriladi. Bu orqali ular tasarrufida har yili qo‘shimcha 400 mlrd so‘m mablag‘ qolishi kutilmoqda.

Eng yaxshi natijalarni rag‘batlantirish tizimi ham joriy etiladi. Yil yakuni bo‘yicha «Eng orasta xonadon», «Eng fayzli hovli», «Eng obod ko‘cha» va «Eng namunali mahalla» nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi. Ularga soliq imtiyozlari beriladi, «mahalla yettiligi»ning ilg‘or tajribalari esa boshqa hududlarda keng joriy etiladi.

Avtomobil va temir yo‘l magistrallari atrofini obodonlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Faqat Toshkent–Xiva temir yo‘l yo‘nalishi bo‘ylab 285 ta mahalla joylashgan bo‘lib, mazkur yo‘nalish 45 ta tumandan o‘tadi. Barcha hududlarda bir hafta ichida ushbu hududlarni xatlovdan o‘tkazish, ikki hafta mobaynida esa ularni namunaviy holatga keltirish bo‘yicha kompleks dasturlarni ishlab chiqish topshirildi.

Hozirgi kunda «mahalla yettiligi» orqali 100 ga yaqin xizmat ko‘rsatilmoqda. Kelgusida davlat xizmatlari bosqichma-bosqich mahalla darajasiga o‘tkaziladi. Namangan viloyatining Norin tumanidagi Yangi Namangan mahallasida yagona markaz orqali sakkizta olis mahalla aholisiga 980 ta davlat xizmati ko‘rsatilmoqda. Bunday tajribani boshqa tumanlarda ham joriy etish, shuningdek, «aqlli mahalla» modelini har bir viloyatning o‘ntadan mahallasida tatbiq etish rejalashtirilgan.

Mahallalarda ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘lami kengaytiriladi. Yil yakuniga qadar mahalla darajasiga nogironlikni erta aniqlash, xonadonlarni moslashtirish va ijtimoiy uylarga joylashtirishni o‘z ichiga olgan 25 turdagi ijtimoiy xizmat o‘tkaziladi. Uch oy ichida 250 ta mahallada demensiya va aqliy zaifligi bo‘lgan shaxslar uchun kunduzgi va uyda parvarish xizmatlari hamda «Madad» uylari tashkil etiladi. Shuningdek, 75 ta mahallada parvarishga muhtoj keksalar uchun «Faol hayot» dasturi va qarovsiz qolgan yoki zo‘ravonlikka uchragan bolalar uchun qo‘llab-quvvatlash markazlari ishga tushiriladi.

Taklif etilgan choralar mahallalarni rivojlantirishning yangi modelini shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, unda kengaytirilgan vakolatlar, moliyaviy mustaqillik, shaxsiy mas’uliyat, loyiha asosida ishlash va mahalliy boshqaruv sub’yektlari o‘rtasidagi o‘zaro muvofiqlashuv asosiy o‘rinni egallaydi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar