Markaziy bank: asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi

Markaziy bank: asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi
Foto: Markaziy bank

Markaziy bank Boshqaruvi 2021 yil 21 yanvarda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Ushbu qaror inflyasiya dinamikasini yanada pasaytirish, iqtisodiyotda real foiz stavkalarini ijobiy darajada saqlab qolish, shuningdek, iqtisodiy faollikning tiklanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratib borish maqsadida qabul qilindi.

2021 yilda Markaziy bank Hukumat bilan birgalikda inflyasiyaning yil oxiriga 10 foizdan past bo‘lgan oraliq maqsadli ko‘rsatkichiga erishish uchun barcha zaruriy choralarni ko‘rib boradi.

Inflyasiya va inflyasion kutilmalar. 2020 yilning II yarmidan boshlab, tartibga solinadigan narxlarning nisbatan barqarorligi, iste’mol talabining sustligi va umuman, o‘zgaruvchan makroiqtisodiy sharoitlar narxlarning yillik o‘sish sur’atlari sekinlashishiga xizmat qildi. 2020 yil yakunlari bo‘yicha inflyasiya darajasi 2019 yildagi 15,2 foizga nisbatan sekinlashib, 11,1 foizni tashkil etdi.

Inflyasiyaga oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘zgarishi nisbatan yuqori – 6,5 foiz band hissa qo‘shdi. Mazkur tovarlar guruhi bo‘yicha inflyasiya umumiy inflyasiya darajasidan ancha yuqori bo‘ldi va yil yakuni bo‘yicha 15,3 foizni tashkil qildi.

Oziq-ovqat inflyasiyasiga bosim, asosan mavsumiy omillar, barqaror talab, jahon va asosiy savdo-hamkor davlatlar oziq-ovqat bozorlaridagi narxlarning o‘suvchi dinamikasi ta’sirida yuzaga keldi. Bunda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari yuqori darajada o‘sdi. Xususan, kartoshka narxi – 42 foizga, tuxum – 38 foizga, o‘simlik yog‘i – 27 foizga, shakar – 21 foizga, go‘sht mahsulotlari – 18,1 foizga va non mahsulotlari – 15,2 foizga qimmatlashdi.

2020 yilda nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar narxlarining o‘sish sur’atlari umumiy inflyasiyadan sezilarli darajada past bo‘lib, mos ravishda 8,8 foiz va 7,1 foizni tashkil etdi.

Dekabr oyida yillik bazaviy inflyasiya darajasi narxlarning umumiy o‘sishiga nisbatan yuqoriroq shakllandi va 11,7 foizni tashkil qildi. Bu oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sish tendensiyasi va tartibga solinadigan narxlarning nisbatan barqaror bo‘lganligi bilan izohlanadi.

2020 yilda noaniqliklarning kuchayishi ta’sirida aholi va tadbirkorlik sub’yektlari inflyasion kutilmalarining nisbatan yuqori o‘sishi kuzatildi. Bu aprel va iyul oylariga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, avgust oyida kutilmalar pasaya boshladi va aholi uchun 17-18 foiz hamda tadbirkorlik sub’yektlari uchun 18-19 foiz darajasida qayd etildi. Bu, o‘z navbatida, inflyasion kutilmalarning jilovlanmaganligini ifodalaydi.

Asosiy savdo-hamkor davlatlarda ham inflyasion kutilmalarning o‘sishi va joriy inflyasiyadan yuqori farqlanishi kuzatilib, bu jahon bozorlarida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘zgaruvchanligini va iqtisodiy agentlarning kelajakdagi tendensiyalar bo‘yicha noaniqliklarning mavjudligi bilan izohlanadi.

Iqtisodiy faollik. 2020 yilning IV choragida iqtisodiyotning tiklanish tendensiyasi davom etdi. Yil yakuni bo‘yicha ko‘plab makroiqtisodiy va tarmoq ko‘rsatkichlarining ijobiy o‘sish sur’atlari kuzatilmoqda.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020 yil yakunlari bo‘yicha YaIM o‘sishi Markaziy bank bazaviy prognoz ko‘rsatkichlaridan (1-1,5 foiz) yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

Bu birinchi navbatda, 2020 yil yanvar-noyabr oylarida sanoat ishlab chiqarish hajmining 0,7 foizga (yanvar-sentyabr oylarida 2,7 foizlik pasayish bo‘lgan), chakana savdo aylanmasining 2,4 foizga, xizmatlar va qurilish hajmining mos ravishda 2,2 va 8,7 foizga o‘sishi bilan izohlanadi.

Bundan tashqari, iqtisodiy faollikning muqobil ko‘rsatkichlari ham makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning dastlabki prognozlardan yuqori bo‘lishini ko‘rsatmoqda. Xususan, 2020 yilning III-IV choraklarida Respublika tovar-xomashyo birjasidagi bitimlar hajmi barqaror o‘sish dinamikasiga ega bo‘ldi. Ushbu ko‘rsatkich 2020 yilning IV choragida 2019 yilning mos choragiga nisbatan 1,3 barabarga oshdi.

2020 yilning IV choragida banklararo to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan bitimlarning umumiy soni o‘tgan chorakka nisbatan 17,1 foizga, savdo va pullik xizmatlardan tushumlar hajmi qariyb 20 foizga oshdi.

Markaziy bank tomonidan iqtisodiy faollik va ishbilarmonlik kayfiyatini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovlar natijalari ular bo‘yicha indekslarning 2020 yil iyul oyidagi pasayishidan so‘ng III-IV chorakda yaxshilanganligini ko‘rsatmoqda.

Pul-kredit sharoitlari. 2020 yilda iqtisodiyotda ijobiy real foiz stavkalari saqlanib qoldi. Banklararo pul bozorining o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi dekabr oyida 14,4 foizni tashkil qildi va foiz koridori doirasida asosiy stavkaga nisbatan ijobiy tafovut bilan shakllandi.

Banklarning vakillik hisobvarag‘i qoldig‘i (likvidligi) va pul mablag‘larining o‘rtacha kunlik aylanmasi o‘rtasidagi tafovut 2020 yilda 2019 yilga nisbatan 38 foizga qisqardi hamda bu likvidlikni taqsimlash samaradorligining oshganligi va pul bozorining rivojlanganligidan dalolat beradi.

Jumladan, 2020 yil IV choragida pul bozoridagi operatsiyalarning o‘rtacha oylik hajmi 7,5 trln. so‘mga yetib, 2020 yilning III choragidagi o‘rtacha oylik ko‘rsatkichga nisbatan 44 foizga o‘sdi.

2020 yilda milliy valyutadagi depozitlarning umumiy hajmi 25 foizga (9,6 trln. so‘m), shu jumladan, jismoniy shaxslar depozitlari 31,6 foizga (4,1 trln. so‘m) oshdi.

Yil yakuni bo‘yicha jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi depozitlari bo‘yicha foiz stavkasi 17 foizni, yuridik shaxslarning depozitlari bo‘yicha 14,4 foizni tashkil qildi. Inflyasiya sur’atining pasayishini hisobga olganda, depozitlar bo‘yicha real foiz stavkasi yil davomida jismoniy shaxslar uchun 5 foiz va yuridik shaxslar uchun 3 foiz atrofida shakllandi.

2020 yil yakuni bo‘yicha iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalari qoldig‘i 34,3 foizga oshdi va 280,4 trln. so‘mni tashkil qildi. Iqtisodiy sharoitlardagi ayrim murakkabliklarga va kreditlar qaytarilish muddatining vaqtinchalik uzaytirilishiga qaramay, tijorat banklari tomonidan 127 trln. so‘mlik kreditlar ajratildi va bu 2019 yildagi ko‘rsatkichga yaqin bo‘ldi.

Milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi dekabr oyida 18,8 foizni tashkil qildi. Bunda yil davomida qisqa muddatli kreditlar bo‘yicha foiz stavkasi 18,4 foizgacha (7,3 foiz bandga), uzoq muddatli kreditlar bo‘yicha esa 19,1 foizgacha (6,6 foiz bandga) pasaydi.

2020 yilning IV choragida chet el valyutasiga bo‘lgan talab yuqori darajada o‘sib bordi. Bu asosan, karantin choralari sababli kechikkan talab va iqtisodiy faollikning tiklanishi bilan izohlanadi. 2020 yil davomida so‘mning almashuv kursi 10,1 foizga qadrsizlandi.

2020 yilning mart va oktyabr oylaridagi mustahkamlanishdan so‘ng so‘mning real samarali almashuv kursi yil yakuniga kelib, asosiy savdo hamkorlar milliy valyutalari kursining o‘zgarishi va inflyasiya darajasining oshishi, shuningdek, mamlakatimizda inflyasiya darajasining pasayishi hisobiga o‘zining uzoq muddatli trendiga yaqinlashdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar