Markaziy bank boshqaruvi tomonidan tijorat banklari va mikrokredit tashkilotlari faoliyatida jismoniy shaxslarga iste’mol kreditlari va mikroqarzlar ajratish bilan bog‘liq munosabatlarda qo‘llash uchun tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan mas’uliyatli kreditlashning umumiy tamoyillari tasdiqlandi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Markaziy bank matbuot xizmati.
Unda moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlar uchun:
- kredit shartnomasini imzolashdan oldin, imzolash vaqtida va undan keyin ma’lumotlarni aniq va to‘liq tarzda oshkor qilish;
- mijozlarga axloqiy va adolatli munosabatda bo‘lish;
- xatolarni samarali tuzatish, shikoyatlarni ko‘rib chiqish va nizolarni hal etish bo‘yicha murojaat qilish mexanizmlarini ta’minlash bilan bog‘liq asosiy yondashuvlar mavjud.
Mas’uliyatli kreditlash tamoyillari qarz oluvchining iste’mol krediti va mikroqarz olishda oqilona va asosli qaror qabul qilishi uchun kreditorga ko‘rsatilayotgan kredit va mikroqarz xizmatlariga doir ma’lumotlarni shaffof tarzda qarz oluvchiga taqdim etish mas’uliyatini yuklaydi.
Mas’uliyatli kreditlash tamoyillarining qabul qilinishi tijorat banklari va mikrokredit tashkilotlari tomonidan kreditlar ajratishda qarz oluvchilarga adolatsiz va og‘ir shartlarni belgilashga yoki ularning qarz yukini kupayishini oldini olishga xizmat qiladi.
Izoh qoldirish