Buxoro viloyatida “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar

Buxoro viloyatida “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar

Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha vazifalar

Kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan vazifalarga muvofiq respublika bo‘yicha 2026 yilda 1 mln aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 2,5 barobar oshirib 3,5 mingtaga yetkazish hamda ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5 foizga tushirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Buxoro viloyatida mazkur vazifalar doirasida 51 ming nafar aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 10 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish va kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 199 taga yetkazish belgilangan.

Tadbirkorlikni rivojlantirish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash

Belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida mahallalarda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 140 trln so‘m miqdorida kredit ajratilishi belgilangan. 2025 yilda ushbu ko‘rsatkich 130 trln so‘mni tashkil etgan.

Shuningdek, “oilaviy tadbirkorlik” dasturlari doirasida 5,6 trln so‘m resurs yo‘naltiriladi. Jumladan, import qilingan va sertifikatli nasli chorva mollari hamda tuyachilikni rivojlantirish uchun 100 mln so‘mgacha, uy mehmonxonasi tashkil etish, kichik hajmli muzlatkichlar, mahsulotni saqlash va qayta ishlash mini texnologiyalari uchun 150 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratish imkoniyati yaratilmoqda.

Shu bilan birga, chegara va anklav hududida joylashgan 563 ta mahalla fuqarolar yig‘inida tadbirkorlik loyihalari uchun kredit miqdori 1 mlrd so‘mgacha oshiriladi. Ayni paytda mazkur ko‘rsatkich 300 mln so‘mni tashkil etmoqda.

Elektron savdo mexanizmlarini joriy etish

“Oilaviy tadbirkorlik” krediti doirasida uskuna va xom ashyoni sotib olishda mavjud elektron marketpleyslar orqali mahsulotlarni erkin xarid qilish mexanizmini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Ayni vaqtda xaridlar asosan “Smart market” elektron platformasi orqali amalga oshirilmoqda.

Muammoli kreditlar bo‘yicha rag‘batlantirish mexanizmi

“Oilaviy tadbirkorlik” dasturi bo‘yicha muammoli kreditlarni undirish maqsadida yangi rag‘batlantirish mexanizmi joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, hokim yordamchisi tomonidan 2022 yilgacha ajratilgan kreditlarning muammoli qismi qaytarilgan taqdirda ushbu summaning 20 foizi, 2025 yilgacha ajratilgan kreditlar doirasidagi muammoli kreditlarning qaytimi ta’minlangan hollarda esa qaytarilgan mablag‘ning 10 foizi bonus sifatida ajratilishi nazarda tutilgan.

Mahallalar faoliyatini tashkil etish bo‘yicha o‘rganish natijalari

O‘rganishlarga ko‘ra, mahallalarda faoliyatni tashkil etish bilan bog‘liq ayrim fikr va takliflar ham bildirilgan. Xususan, 8 foiz holatda KPI baholash tizimida inson omili mavjudligi qayd etilgan. 5 foiz holatda KPI tizimi o‘rniga rahbar tomonidan baholash tizimiga o‘tish zarurligi bildirilgan. Shuningdek, 12 foiz holatda faoliyatga asossiz aralashish holatlari mavjudligi qayd etilgan. 45 foiz holatda faoliyatni hokimlik orqali muvofiqlashtirish maqsadga muvofiqligi, 29 foiz holatda bandlik organi orqali muvofiqlashtirish zarurligi, 14 foiz holatda esa mahalla mustaqil boshqaruv organi sifatida faoliyat yuritishi kerakligi bayon etilgan.

“Mahalla loyihasi” doirasida iqtisodiy ixtisoslashtirish

“Mahalla loyihasi” doirasida respublika mahallalarini chuqur ixtisoslashtirish chora-tadbirlari belgilangan. Ushbu maqsadlar uchun tijorat banklari tomonidan 2026 yilda 17 trln so‘mlik kredit ajratilishi rejalashtirilmoqda. Bunda mahallada mahsulot yetishtirish uchun olingan kreditning 4 foizi, uni qayta ishlash loyihalarida esa 6 foizi Tadbirkorlik kompaniyasi tomonidan qoplab beriladi.

Kredit mablag‘lari banklar kesimida quyidagicha taqsimlanadi. Xalq banki tomonidan 2,5 trln so‘m, O‘zsanoatqurilishbank tomonidan 2,3 trln so‘m, Milliy bank tomonidan 2,1 trln so‘m, Biznesni rivojlantirish banki va Agrobank tomonidan 1,6 trln so‘mdan, Asaka bank tomonidan 1,4 trln so‘m, Mikrokreditbank tomonidan 1,3 trln so‘m, Aloqa bank tomonidan 600 mlrd so‘m, Turon bank tomonidan 500 mlrd so‘m hamda boshqa banklar tomonidan 3,1 trln so‘m kredit ajratilishi rejalashtirilgan.

Kambag‘al oilalar daromadini oshirish choralari

Kambag‘al oilalar daromadini ko‘paytirish maqsadida joriy yilda 2 ming gektar o‘rmon yerlarida tut plantatsiyalari tashkil etish belgilangan. Ushbu tashabbus doirasida 4 ming kambag‘al oilaga tutzor tashkil qilish uchun 50 sotixdan yer maydoni 10 yil muddatga bepul foydalanish uchun beriladi.

Hududlar kesimida Qoraqalpog‘istonda 250 gektar, Buxoro viloyatida 225 gektar, Qashqadaryo viloyatida 220 gektar, Surxondaryo viloyatida 215 gektar, Farg‘ona viloyatida 200 gektar, Jizzax va Namangan viloyatlarida 190 gektardan, Samarqand viloyatida 150 gektar, Toshkent viloyatida 128 gektar, Navoiy viloyatida 80 gektar, Andijon viloyatida 76 gektar, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida 37 gektardan yer maydonlari ajratilishi rejalashtirilgan.

“Yashil” infratuzilma va energiya loyihalari

“Og‘ir” mahallalardagi 63 ming xonadonni “yashil” ta’mirdan chiqarish bo‘yicha ikki yillik dastur amalga oshiriladi. Shuningdek, ixtisoslashuv darajasi yuqori bo‘lgan yana 1 mingta ilg‘or mahallada kichik quyosh elektr stansiyalari qurilib, mahallalarga 7 yil muddatga foizsiz lizing asosida beriladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu loyihalar 3–4 yilda o‘zini qoplaydi hamda keyingi 20–25 yil davomida mahalla byudjetiga 400–500 mln so‘m atrofida daromad keltirishi mumkin.

Kutilgan natijalar

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2026 yil yakuniga qadar 37 ta “og‘ir” tuman va 903 ta mahallada 61 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, ishsizlik va kambag‘allik darajasini 2 barobar kamaytirish hamda “Yangi O‘zbekiston” qiyofasi kirib boradigan 33 ta tuman va 330 ta mahallani ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish vazifasi qo‘yilgan. Ushbu jarayonlar natijasida jami 96 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirilgan.

G‘olibjon Tursunqulov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar