O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish sur’ati yuqoriligicha qolmoqda
Pul o‘tkazmalari hajmi 2022 yilgacha bo‘lgan davr trendiga qaytgan bo‘lsa-da, rag‘batlantiruvchi fiskal siyosat yuritilishi, asosiy kapitalga investitsiyalarning keskin o‘sishi va xususiy iste’molning faollashuvi 2023 yilda YaIM real hisobda 6% o‘sishiga xizmat qilgan. 2024 yilning birinchi choragida o‘sish sur’ati yuqori saqlanib qolib, yillik hisobda 6,2%ni tashkil etdi.
Real daromadlarning barqaror o‘sishi va 2020 yildan beri ijtimoiy himoya tizimi ko‘lamini kengaytirish borasidagi choralar kambag‘allik darajasini 2021 yildagi 17%dan 2023 yilda 11%gacha pasayishiga yordam bergan. Nisbatan yuqori real asosiy stavka hamda jahon bozorida oziq-ovqat va energiya narxlarining pasayishi tufayli umumiy inflyasiyaning 2022 yil oxiridagi 12,3%dan 2024 yil mart oyida 8,0%gacha pasaydi.
Mashina va uskunalar importining tez sur’atda o‘sishi (ularning bir qismi vaqtinchalik xarakterga ega), pul o‘tkazmalari hajmining 2022 yilga nisbatan qisqarishi, tashqi qarzlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining oshishi va chet el ulushi bor korxonalar daromadlarining repatriatsiya qilinishi kabi omillar ta’sirlarining oltin eksportiga nisbatan yuqori bo‘lishi to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobi taqchilligining YaIMga nisbatan 2020 yildagi 3,5 foizdan 2023 yilda 8,6 foizgacha oshishiga sabab bo‘ldi. Xalqaro zaxiralar 2023 yilda 1,2 mlrd dollarga qisqargan bo‘lsa-da, yuqori darajada qolmoqda va 2024 yil mart oyi oxirida taxminan 9 oylik import hajmini tashkil etmoqda.
Prognoz odatda ijobiy, ammo ichki va tashqi xavflar saqlanib qolmoqda
XVJ missiyasi, umuman olganda, istiqbollar ijobiy ekani, ammo ichki va tashqi xatarlar saqlanib qolayotganini qayd etdi. Mamlakat rasmiy idoralarining islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha qat’iy sa’y-harakatlari, ayniqsa, energetika, xususiylashtirish va davlat korxonalarini isloh qilish yo‘nalishidagi, iqtisodiy rivojlanish istiqbollarini yaxshilashga yordam berdi. YaIMning real o‘sishi yuqori bo‘lib, ichki talabning barqaror o‘sishi hisobiga 2024 yilda 5,4 foizni tashkil etishi kutilmoqda va 2025 yilda 5,5 foizgacha oshadi.
Fiskal to‘g‘rilanishlarning davom etishi (fiskal taqchillikning qisqartirilishi), bank kreditlari o‘sishining muvozanatlashishi va importda 2023 yilda kuzatilgan vaqtinchalik omillarning kamayishi importning o‘sishini maqbullashtiradi. Bu esa joriy va keyingi yillarda joriy hisob taqchilligining pasayishiga olib keladi.
Prognozlarga ko‘ra, inflyasiya 2024 yil oxiriga kelib, energiya narxlarining oshirilishi ta’sirida biroz oshadi, ammo qat’iy makroiqtisodiy va makroprudensial siyosat hamda tarkibiy islohotlarning davom ettirilishi inflyasiyaning keyinchalik O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan belgilangan maqsad ko‘rsatkich darajasigacha pasayishiga olib keladi.
Ichki xatarlarga fiskal konsolidatsiyaning rejalashtirilganidan ko‘ra sekinroq bo‘lishi, banklar balanslarining zaiflashishi, davlat banklari, davlat korxonalari va davlat-xususiy sheriklik (DXSh) bitimlari bo‘yicha shartli majburiyatlarning yuzaga kelishi kabilar kiradi. Tarkibiy islohotlarning jadallashishi, daromadlar va kapital oqimining kirib kelishi va oltin narxining o‘sishi ijobiy omillar hisoblanadi.
Coliq-byudjet siyosati
Hukumat byudjet taqchilligini 2024 yilda YaIMning 4 foizigacha va 2025 yilda 3 foiziga qisqartirishni rejalashtirgan. Byudjetni konsolidatsiya qilish davlat moliyasining barqarorligini ta’minlash va yaqin istiqbolda inflyasion bosimni pasaytirish uchun zarur hisoblanadi. Ayni paytda aholining himoyaga muhtoj qatlamlarini ko‘llab-quvvatlash va o‘rta muddatli davrda iqtisodiyot samaradorligini oshirish muhim hisoblanadi. Byudjet konsolidatsiyasini iqtisodiy o‘sishga zarar yetkazmagan holda, xususan, aholining himoyaga muhtoj qatlamlariga yordam berish, energiya subsidiyalarini kamaytirish, ijtimoiy xarajatlar va ijtimoiy himoya tizimiga sarflanadigan xarajatlarning manzilligini oshirish, shuningdek, direktiv kreditlash hajmini kamaytirish orqali amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
XVJning qayd etishicha, agar byudjetning daromad va/yoki xarajatlar qismi bilan bog‘liq xatarlar yuzaga kelsa, byudjet taqchilligini kamaytirish maqsadlariga erishish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rishga tayyor bo‘lishi kerak. Soliq bazasini kengaytirish, soliq tizimini yanada modernizatsiya qilish, xarajatlar samaradorligini oshirish, asosiy byudjet jarayonlarini takomillashtirish, davlat investitsiyalari jarayonini unifikatsiya qilish va fiskal xatarlarni yanada samarali boshqarish kabi choralar fiskal sohadagi sa’y-harakatlarni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Soliq siyosati va ma’murchiligi, davlat moliyasini boshqarish kabi sohalarda salohiyatning uzluksiz ravishda mustahkamlanib borishi qo‘shilgan qiymat solig‘ini qo‘llashning samarali tizimini joriy etish, fiskal strategiyani va fiskal xatarlarni baholash borasida sezilarli yutuqlarga erishish imkonini bergani ta’kidlangan. Missiya mazkur sohalarda ishlarni davom ettirish kerakligini qayd etgan. Shuningdek, bayonotda davlat-xususiy sheriklik bitimlari bilan bog‘liq xatarlarning oldini olish maqsadida davom etayotgan inventarizatsiya natijalarini hisobga olgan holda davlat qarzi to‘g‘risidagi qonunga muvofiq DXSh loyihalari bo‘yicha kafolatlarning yuqori chegarasini belgilash tavsiya qilingan.
Pul-kredit va almashuv kursi siyosati
Missiya pul-kredit siyosatida inflyasiyani pasaytirishga ustuvor ahamiyat berishni davom ettirish lozimligini ta’kidlagan. O‘zbekiston Markaziy banki narxlar dinamikasini diqqat bilan kuzatishni davom ettirishi va inflyasiya barqaror pasayish trayektoriyasiga kirgunga qadar qat’iy pul-kredit siyosatini saqlab turishi kerakligi aytilgan. Agar energiya narxlarining oshishi bazaviy inflyasiya va inflyasion kutilmalarga ta’sir qilsa, Markaziy bank asosiy stavkasini oshirish maqsadga muvofiq hisoblanishi qayd etilgan. Missiya, shuningdek, Markaziy bankning pul-kredit siyosati sohasidagi qarorlarini keng jamoatchilikka yetkazish borasidagi sa’y-harakatlarini olqishlagan, bu inflyasion kutilmalarni yanada jilovlashga yordam berishi aytilgan.
Bayonotda pul-kredit siyosatining transmissiyasini yanada kuchaytirish bo‘yicha ishlar davom ettirilishi kerakligi aytiladi. Muvozanatli pul-kredit siyosatini davom ettirish va Markaziy bankning mustaqilligi yanada oshirilishi iqtisodiyotda dollarizatsiya darajasini pasaytirish va transmission kanallarni mustahkamlashga yordam beradi. Moliya sektoridagi islohotlarni jadallashtirish, jumladan, davlat banklarini xususiylashtirish, direktiv kreditlash hajmlarini qisqartirish va banklararo pul bozor imkoniyatlarini oshirish moliyaviy vositachilikni rivojlantirishga, likvidlikning tarkibiy profitsitini kamaytirishga va mahalliy kapital bozorini rivojlantirishga yordam berishi qayd etilgan. Shuningdek, valyuta kursining moslashuvchanligi yanada oshirilishi shoklar ta’sirini kamaytirishga va zaxiralarni barqaror saqlashga yordam berishi aytilgan.
Moliya sektorining barqarorligi
Missiya qat’iy nazorat va aktivlar sifatini to‘g‘ri baholash moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilishini qayd etgan. Kredit miqdorining garov qiymatiga nisbati bo‘yicha ko‘rsatkichning (LTV) oshirilishi va konsentratsiya cheklovlari o‘rnatilishi ipoteka kreditlari va avtokreditlarning o‘sish sur’atlarini sekinlashtirgan. 2024 yilning iyul oyidan kreditorlar uchun qarzga xizmat qilishning daromadga nisbati (DSTI) bo‘yicha cheklov hamda LTV va DSTI ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan holatlarda banklarga nisbatan qo‘shimcha kapital talablar kiritilishi moliyaviy xatarlar to‘planishining oldini oladi va qarz oluvchilarning qarz yuki o‘sishini barqarorlashtiradi.
Missiya aktivlar sifati va xatarlarning mustaqil ravishda baholanishi hamda aktivlarni tasniflash standartlari takomillashtirishi, direktiv va imtiyozli kreditlash hajmlarining bosqichma-bosqich kamaytirilishi, shuningdek, valyuta tushumiga ega bo‘lmagan korxonalar uchun chet el valyutasida moliyalashtirish cheklanishi kerakligini ta’kidlagan. 2024−2025 yillarga mo‘ljallangan Moliya sektorini baholash dasturi (FSAP) rasmiy idoralarga tizimdagi kamchiliklar va zaifliklar omillarini aniqlashga va islohotlarning yo‘l xaritasini ishlab chiqishda yordam berishi aytilgan.
Davlat banklarini isloh qilish ustuvor vazifa bo‘lib qolishi bilan birga, ularning boshqaruv tizimini takomillashtirish, tijorat maqsadlariga erishish va banklarni xususiylashtirishga tayyorlashga ham e’tibor qaratish kerak. 2023 yil yakuni bo‘yicha davlat banklari, aktivlari jami bank aktivlarining 68 foizini tashkil etgan holda moliya tizimida ustun mavqega ega bo‘lib qolmoqda. Missiya «Ipoteka-bank» xususiylashtirilganidan keyin rasmiy idoralar tomonidan ikki yirik davlat banki — «Asaka» va «O‘zSQB»ni xususiylashtirish to‘g‘risida muhim qaror qabul qilinganini qayd etgan. Kelajakda davlat banklarining xususiylashtirilishini yanada jadallashtirish raqobatni kuchaytirishi, barchaga teng faoliyat sharoitlarini yaratishi, resurslarni yanada samarali taqsimlashga va moliyaviy xizmatlardan foydalanishni kengaytirishga imkon berishi aytilgan. Davlatga tegishli banklar tijorat asosida ishlaydigan samarali tizimlarga va boshqaruv tuzilmalariga ega bo‘lishi kerak. Barcha notijorat faoliyat turlarini byudjetga o‘tkazish zarur yoki byudjetdan tegishli xarajatlarni qoplashning shaffof usulini yaratish kerak. Tijorat banklarida davlat ulushi saqlanib qolishining maqsadga muvofiqligi doimiy baholab borilishi kerak, shu bilan birga, maqsadlariga erishmagan davlat banklarini xususiylashtirish uchun tayyorlash zarur.
Tarkibiy islohotlar
Bayonotda mamlakat rahbariyati tomonidan tarkibiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘ri belgilangani, davlatning iqtisodiyotdagi ulushini bosqichma-bosqich kamaytirish va o‘sib borayotgan aholi uchun ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgani qayd etilgan. So‘nggi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish sohasida sezilarli yutuqlarga erishildi. Xususan, energiya tariflarini isloh qilish to‘g‘risidagi yangi qaror energiyadan yanada samarali foydalanishni rag‘batlantirish, qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish, energiya ta’minotini yaxshilash va davlat moliyasini mustahkamlashga xizmat qiladi. Ushbu jarayonni davom ettirish kerak. Tartibga solish va operatsion funksiyalarni ajratish, notijorat maqsadlardan bosqichma-bosqich voz kechish, boshqaruv xodimlarining malakasini oshirish, korxonalarning boshqaruv organlari mustaqilligini kuchaytirish, shuningdek, xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga muvofiq davlat korxonalari faoliyatining operatsion va moliyaviy ko‘rsatkichlari bo‘yicha shaffof hisobotlarni tayyorlashga ustuvor ahamiyat bergan holda davlat korxonalarini isloh qilishni davom ettirish kerakligi aytilgan. Qayd etilishicha, ushbu chora-tadbirlar davlat korxonalarini xususiylashtirishni osonlashtiradi va samaradorlikni sezilarli darajada oshirishga imkon beradi.
Biznes yuritish muhitini yanada yaxshilash raqobatni rivojlantirish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bilan birga inflyasiyani pasaytirishda yordam beradi. Rasmiy organlar Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. JSTga a’zo bo‘lish qo‘shni davlatlar bilan savdo aloqalarini mustahkamlash va transport yo‘nalishlarini takomillashtirish bilan birga, O‘zbekiston eksportining o‘sishini ta’minlaydi. Shuningdek, ayollarning haq-huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish, mehnat bozoridagi gender tafovutini bartaraf etish inklyuzivlik, mehnat unumdorligi va YaIM o‘sishini qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlangan. Iqlim o‘zgarishiga moslashish va «yashil» texnologiyalarni joriy etish uchun rag‘batlantirish choralari iqlim o‘zgarishiga ta’sirchanlikni kamaytirishi hamda iqtisodiyotni karbonsizlashtirishga va «yashil» o‘sishga olib kelishi qo‘shimcha qilingan.
Hukumat davlat boshqaruvini takomillashtirish va qonun ustuvorligini ta’minlashdagi yutuqlarga tayanib, korrupsiyaga qarshi kurash sa’y-harakatlarini davom ettirishi kerak. Missiya yaqin kelajakda aktivlarni deklaratsiyalash va manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunlar qabul qilinishini hamda daromadlarni deklaratsiyalashning samarali tizimini joriy qilishni tezlashtirishni tavsiya qiladi. O‘zbekistonda axborotdan foydalanish bo‘yicha huquqiy normalarning joriy etilishi va ularga rioya qilish darajasini oshirish zarurligi aytilgan. Korrupsiyani aniqlashga qaratilgan sa’y-harakatlarga ko‘maklashish uchun axborot beruvchilarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi va ularning javobgarligi kuchaytirilishi kerakligi ta’kidlangan. Hisob palatasi va sud tizimining mustaqilligini oshirish moliyaviy nazoratni kuchaytirishga, shartnomalar bajarilishiga va biznes sharoitlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ham qayd etilgan.
Izoh qoldirish