BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, oktyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlarining jahon miqyosidagi narxlari so‘nggi o‘n yildagi eng yuqori darajaga ko‘tarildi
Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, oktyabr oyi yakunida eng ommabop oziq-ovqat mahsulotlarini o‘z ichiga olgan oziq-ovqat narxlari indeksining qiymati 133,2 punktga yetgan. Indeks oxirgi marta 2011 yilda 130 punktdan oshib ketgan edi.
O‘tgan oyda oziq-ovqat narxlari 3,9 foizga oshdi. Bunga ko‘p jihatdan don, yog‘ va sut mahsulotlari narxining ko‘tarilishi sabab bo‘lmoqda.
2020 yilning o‘rtalaridan boshlab oziq-ovqat narxlarining izchil o‘sishi davom etmoqda. So‘nggi 12 oyda oziq-ovqat narxlari indeksi 30 foizdan ko‘proqqa oshgan.
Avvalroq oziq-ovqat mahsulotlari va favqulodda yordamga muhtoj insonlar soni besh yil ichida eng yuqori darajaga ko‘tarilgani xabar qilingandi. Qayd etilishicha, 2020 yilda nizolar, iqtisodiy qiyinchiliklar, shuningdek, koronavirus pandemiyasi va ekstremal tabiat hodisalari sababli eng kamida 155 million kishi keskin ocharchilik muammosiga duchor bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich 2019 yilga taqqoslaganda 20 millionga ko‘proq.
Fevral oyida BMT pandemiya sababli global oziq-ovqat tanqisligi xavfi haqida ogohlantirgandi. Tashkilotga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi oqibatida oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari 2020 yilga nisbatan ko‘tarilgani sababli qashshoq davlatlarning 2021 yilda oziq-ovqat inqiroziga duch kelishi xavfi yanada ortmoqda.
Izoh qoldirish