AQShda ishlab chiqaruvchilar narxlari inflyasiyasi so‘nggi 4 yildagi eng yuqori darajaga yetdi (U.S. Bureau of Labor Statistics)
AQSh Mehnat statistikasi byurosi (BLS) ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil sentyabr oyida ishlab chiqaruvchilar narxlari indeksi (PPI) bir oyda 1,3 foizga oshib, 2022 yil boshidan buyon eng yuqori o‘sish sur’atini qayd etdi. Bunga asosan energiya resurslari narxining oshishi sabab bo‘lib, natijada transport va ishlab chiqarish xarajatlari ko‘paydi.
Energiya resurslari narxi 10,8 foizga, jumladan, benzin 20,3 foizga, dizel yoqilg‘isi 21 foizga oshdi. Yillik hisobda dizel yoqilg‘isi 115,2 foizga qimmatlashdi. Natijada avtomobil transportida yuk tashish narxlari o‘tgan yilning sentyabr oyiga nisbatan 19 foizga oshib, so‘nggi to‘rt yildagi eng yuqori o‘sish sur’atini qayd etdi.
Oraliq ishlab chiqarishning dastlabki ikki bosqichida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari yillik hisobda 15,6 foizga, oziq-ovqat mahsulotlarining ulgurji narxlari esa bir oyda 1,2 foizga oshdi. Xizmatlar sohasida narxlarning oylik o‘sish sur’ati avgustdagi 0,2 foizdan sentyabrda 0,8 foizgacha tezlashdi.
Umuman, tovarlar bo‘yicha ishlab chiqaruvchilar narxlari bir oyda 2,6 foizga oshdi. Bu 2009 yil dekabrda mazkur statistika yuritila boshlanganidan buyon eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichi hisoblanadi. Ushbu o‘sishning 80 foizdan ortig‘i energiya resurslari narxining qimmatlashishi hissasiga to‘g‘ri keldi. Shu bilan birga, savdo xizmatlari sohasida savdo marjasi 1,4 foizga oshdi va xizmatlar narxlari umumiy o‘sishining qariyb yarmini ta’minladi.
Xitoy go‘sht va sut mahsulotlari eksportini oshirmoqda (Reuters)
Xitoyning oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash siyosati natijasida go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi kengayib, ichki talabdan oshib ketdi. Yuzaga kelgan ortiqcha mahsulotlar eksportga yo‘naltirilmoqda.
Xitoy bojxona xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda parrandachilik mahsulotlari eksporti 2,6 mlrd dollarga yetib, 2020 yilga nisbatan ikki barobar oshdi. Xitoy ilk bor tovuq go‘shtining sof eksportchisiga aylandi. Prognozlarga ko‘ra, 2026 yilda sut mahsulotlari eksporti 600 mln dollarga yetib, so‘nggi uch yilda ikki barobar oshadi.
Narx bo‘yicha ustunlik eksport hajmini oshirish omillaridan biriga aylanmoqda. Xususan, Xitoy parranda go‘shti mahsulotlari xorijiy xaridorlarga Braziliya va Tailandning shu turdagi mahsulotlariga nisbatan bir tonnasi 1 ming dollar arzonroq narxda taklif etilmoqda. Xitoy korxonalari hozirda 20 dan ortiq mamlakatga go‘sht mahsulotlarini yetkazib bermoqda.
Yevropa komissiyasi Xitoydan o‘rdak go‘shti importi bo‘yicha antidemping tekshiruvini boshladi, shuningdek, Xitoyda ishlab chiqarilgan no‘xat oqsiliga 41–67 foiz miqdorida bojlar joriy etdi. Shu bilan birga, 2025 yilda Xitoyning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari tashqi savdosidagi taqchillik 100 mlrd dollardan yuqori darajada saqlanib qoldi.
Jahon bozorida mazut taqchilligi narxlar o‘sishini qo‘llab-quvvatlamoqda (Reuters)
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil fevral oyiga nisbatan Ormuz bo‘g‘ozi orqali yuqori oltingugurtli mazut (HSFO) yetkazib berish hajmi oyiga kamida 800 ming tonnaga qisqardi.
Kpler ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yanvaridan 2026 yil fevraligacha Ormuz bo‘g‘ozi orqali mazut eksportining o‘rtacha oylik hajmi 3,7 mln tonnani tashkil etgan. Yetkazib berish hajmining qo‘shimcha qisqarishi Rossiya neftni qayta ishlash zavodlari faoliyatidagi uzilishlar bilan bog‘liq bo‘lib, ular tufayli mazut ishlab chiqarishdagi oylik yo‘qotishlar 1 mln tonna deb baholanmoqda.
Taklif cheklangan sharoitda oktyabr oyida qovushqoqligi 380 santistoks (sSt) bo‘lgan yuqori oltingugurtli mazutning bazaviy narxiga qo‘shiladigan ustama 10 barobarga oshib, fevraldagi bir tonna uchun 5,1 dollardan oktyabrda 50 dollargacha yetdi. Shuningdek, dengiz orqali tashish xarajatlarining oshishi va Ormuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashish bilan bog‘liq xavflar yetkazib berish qiymatining oshishiga qo‘shimcha ta’sir ko‘rsatmoqda.
Saudiya Arabistonidan xom neft yetkazib berishdagi uzilishlar sababli Shimoliy Osiyodagi neftni qayta ishlash zavodlari mazutdan muqobil xomashyo sifatida foydalanishni oshirmoqda. Noyabr oyida yuqori oltingugurtli mazutni qayta ishlash hajmi 1 mln tonnadan oshadi.
Shu bilan birga, kemalar uchun muqobil yoqilg‘i turlariga talab ortib bormoqda. Singapur Dengiz va port ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil yanvar-sentyabr oylarida kemalarni yoqilg‘i bilan ta’minlash (bunkerovka) uchun suyultirilgan tabiiy gaz sotuvi 487,1 ming tonnaga yetib, yillik hisobda 21 foizga oshdi. Vitol kompaniyasi ham kemalarni yoqilg‘i bilan ta’minlash faoliyati geografiyasini kyengaytirmoqda. Jumladan, Fors ko‘rfazidagi an’anaviy ta’minot yo‘nalishlariga muqobil sifatida Pokistonning Gvadar portidan foydalanishni yo‘lga qo‘ymoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish