2021 yilda «Obod qishloq», «Obod mahalla» va boshqa dasturlar doirasida 7 794 ta qishloq va mahallada 20,8 trln so‘mlik qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Dasturlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirilishini nazorat qilish maqsadida maxsus elektron dastur ishga tushirildi.
Ta’kidlanishcha, dasturlar ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish maqsadida maxsus telegram-bot — @obod_mahalla_dasturi_bot ham ishlab chiqilgan.
«Agar Siz yashayotgan hududda „Obod qishloq“ va „Obod mahalla“ dasturlari doirasida qurilayotgan bino-inshootlarda kamchiliklarni payqasangiz, qurilish ishlarining sifatsiz olib borilayotgani yoki to‘xtab qolganining guvohi bo‘lsangiz, asl holatni suratga oling va maxsus telegramm-botga joylashtiring», deyiladi xabarda.
Buning uchun mavjud kamchiliklarni suratga olish, telegramm-botga kirib, ob’yekt joylashgan hududni belgilash va yuborish talab etiladi.
Maxsus elektron dastur esa «Ishchi guruh»ni avtomatik tarzda qizil belgi bilan kelib tushgan murojaat haqida xabardor qiladi. Shundan so‘ng, mavjud salbiy holatni bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Bosh prokuratura o‘z uyi, mahallasiga befarq bo‘lmagan vatandoshlarni jamoatchilik nazoratida faol ishtirok etishga chaqirmoqda.
«Dasturlarning samarali, sifatli va o‘z vaqtida bajarilishiga hissa qo‘shing!», deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish