So‘nggi ikki yilda korrupsiyaviy jinoyatlar oqibatida respublika bo‘yicha 371 mlrd. so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlanib, bu qilmishlar uchun 2.477 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.
Qurilish, kommunal xo‘jaligi va yo‘l qurilishini amalga oshirish uchun belgilangan tartib-taomillarga rioya qilmaslik, pudratchilarni tanish-bilishchilik yoki pora evaziga tanlab olish yoxud manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yish kabi korrupsiyaviy holatlar ko‘plab kuzatilmoqda.
Birgina ijtimoiy tarmoqlarda bu borada deyarli har kuni berib borilayotgan tashvishli xabarlarning o‘zi mazkur holatlarning isbotidir.
Shu bois, korrupsiya illatiga barham berish, qonun ustuvorligi va jinoyat uchun jazoning muqarrarligini ta’minlash maqsadida Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati va Hisob palatasi tomonidan respublika va hududiy ishchi guruhlari tuzilib, qurilish, kommunal xo‘jaligi va yo‘l qurilishi sohalarida qonuniylik ahvoli o‘rganilmoqda.
Qisqa muddatda mazkur sohalarda qonuniylikni ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, prokurorlar tomonidan qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishida jami 452 ta ob’yektda tekshirishlar o‘tkazilib, ularning natijasiga ko‘ra qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan tegishli davlat organlariga 46 ta taqdimnoma kiritildi. 337 nafar shaxs ma’muriy va 22 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi, kelgusida qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida 126 nafar mansabdor shaxs yozma ravishda ogohlantirildi.
Davlatimiz Rahbarining topshiriqlariga asosan, 1.379 ta yangi ob’yektlarning loyiha hujjatlari qayta ko‘rib chiqilganda, dastlabki qiymatga nisbatan 1,5 trln. so‘m yoki 22 foiz harajatlar ortiqcha va asossiz kiritilganligi aniqlanib qisqartirildi.
Bundan tashqari, Hisob palatasi tomonidan bugungi kunda jami 82 ta ob’yektda byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi bo‘yicha tekshirishlar o‘tkazilib, 66 mlrd. so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.
Shu bilan birga, 23 mlrd. so‘mlik 21 ta ob’yektni qurish yuzasidan davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan o‘tkazilgan tender va tanlovlarda buyurtmachi va pudratchilar o‘rtasida qarindosh-urug‘chilik, tanish-bilishchilik holatlariga yo‘l qo‘yilgan. Tekshirishlarda aniqlangan jiddiy qonun buzilishi holatlari yuzasidan 111 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishlari qat’iy nazoratga olindi va ayni paytga kelib 24 ta jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborilib, aybdorlarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlandi.
Ushbu toifadagi jinoyat ishlari bo‘yicha davlat va jamiyat manfaatlariga 260,7 mlrd. so‘mlik moddiy zarar yetkazilganligi aniqlanib, uning 47,6 mlrd. so‘mi undirilishi ta’minlandi.
Ayni vaqtda, yetkazilgan zararlarni ixtiyoriy to‘lamasdan kelayotgan, tergov va suddan yashirinishi ehtimoli bo‘lgan 36 nafar axslarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Shuni ham alohida qayd etish kerakki, bu borada Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi Bosh prokuratura tomonidan qat’iy nazoratga olingan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 dekabrdagi “2021-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasnii rivojlantirish chora - tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4936-son Qarorida loyiha va pudrat ishlari xaridi jarayonlarining shaffofligini ta’minlash, ushbu sohada “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidan, shu jumladan elektron tender platformasidan tizimli foydalanish choralarini ko‘rish belgilangan.
Shu asosida Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 5 fevraldagi “Qurilish sohasida elektron davlat xaridlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi.
Xulosa qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi ishlar keskin kuchaytirilmoqda.
Yuqorida qayd etilgan ishchi guruhlar tomonidan olib borilayotgan o‘rganishlar natijalari bo‘yicha esa keng jamoatchilikka muntazam axborot berib boriladi.
“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining “Ye-Antikorrupsiya” loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifi kiritilgan.
Transparency International korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro nodavlat tashkiloti korrupsiyani qabul qilish indeksining 2020 yil reytingini ishlab chiqdi. Reytingga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z o‘rnini 7 pog‘onaga o‘zgartirib, 180 ta davlat orasida 146-o‘rinni egalladi (2019 yilda 153 o‘rin).
Izoh qoldirish