O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorining fevral oyi yakunlari bo‘yicha sharhi

O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorining fevral oyi yakunlari bo‘yicha sharhi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi o‘zining sharhida ko‘chmas mulk bozorida yuz bergan o‘zgarishlarni muntazam tahlil qiladi.

Fevral oyida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori faollikning o‘sishi bilan ajralib turdi, uning asosiy omili iqtisodiy faoliyatning kengayishi bo‘ldi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda ko‘chmas mulkni sotib olish va sotish bo‘yicha 22,2 mingta shartnoma tuzildi. O‘tgan oyga nisbatan bu ko‘rsatkich 2%ga oshdi.

Hududiy reyting yetakchilari

Yil boshida bir qator hududlarda qayd etilgan faollikning pasayishi fevral oyida to‘liq tiklandi. Yuqori o‘sish sur’atlari Toshkent – 14%, Andijon – 16% va Farg‘ona– 13% viloyatlarida qayd etildi.

Toshkentda uy-joy ijarasi bozoridagi vaziyat

Uy-joy ijarasi bozorida narxlarning pasayishi kuzatildi. Yanvar oyida ijara bozori 2,2%ga pasaygan bo‘lsa, fevral oyida esa 1,1%ga pasayib, 1 kv.m. uchun 8,9 dollarni tashkil etdi.

Yillik hisobda ijara haqining eng ko‘p pasayishi Olmazor, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida 13%dan 18%gacha qayd etildi.

E’tiborlisi, Bektemir va Shayxontohur tumanlarida oylik ijara haqi oshdi, bu yerda uy-joyni ijaraga olish mos ravishda 3,5% va 2,5%ga qimmatlashdi.

Ijara haqining eng katta pasayishi Yashnobod tumanida 6,3% va Chilonzor tumanida 5,7%ga qayd etildi.

Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirobod tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha saqlanib qolmoqda. Bu tumanlarda uy-joyni ijaraga olish o‘rtacha kv.m. uchun 11 dollarga tushadi.

Nisbatan arzon uy-joy ijarasi Uchtepa, Sergeli va Bektemir tumanlarida saqlanib qolmoqda va kv.m. uchun 6 dollardan 8 dollargacha o‘zgarib turadi.

Ikkilamchi bozorda narx parametrlari

Fevral oyida ikkilamchi uy-joy bozori 0,8%ga o‘sdi. Yillik hisobda ikkilamchi narxlar 14,1%ga oshdi.

Eng sezilarli o‘sish Toshkent – 26,0%, Buxoro – 24,1% va Andijon – 24,0% viloyatlarda qayd etildi.

Toshkentda ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi bir oy davomida 1,6%ga oshib, 1140 dollarni tashkil etdi. Poytaxtning uchta tumani Mirobod, Yashnobod, Yakkasaroyda narxlar 2%dan 6%ga oshgani qayd etildi.

Shu bilan birga, Bektemir va Uchtepa tumanlarida ikkilamchi uy-joylar mos ravishda 1,1% va 0,4% ga arzonlashdi.

Umuman, Toshkentda ikkilamchi uy-joy bozori yil davomida 17,3%ga o‘sdi. Shu bilan birga, o‘sish sur’atlarining 2,7 foiz punktiga pasayishi kuzatildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar