Tahlil natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, 2026 yilgi ochiq muloqotda Prezident nutqida asosiy e’tibor tashqi bozorga chiqish, milliy brendlar va xalqaro raqobat bardoshlikni ta’minlash, biznesga ma’muriy bosimni kamaytirish va tadbirkorning huquqiy himoyasinikuchaytirish masalalariga qaratildi. Shu bilan birga, “sun’iy intellekt” tushunchasi ilk bor iqtisodiy o‘sishning mustaqil drayveri darajasiga ko‘tarilib, avvalgi yillarga nisbatan ko‘p qo‘llanildi.
“Tadbirkorlar kuni” arafasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan an’anaviy ochiq muloqoti Xorazm viloyatida bo‘lib o‘tdi. Anjumanda mamlakatimizning barcha hududlaridan tadbirkor va investorlar ishtirok etdi. Ilk bor tuman studiyalaridan ham 25 mingga yaqin biznes vakili muloqotga ulandi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) mutaxassislari davlat rahbarining muloqotdagi nutqini lingvistik tahlildan o‘tkazib, unda qaysi so‘z va iboralar ko‘p qo‘llanganini, e’tibor qaysi yo‘nalishlarga qaratilganini hamda so‘nggi besh yildagi o‘zgarish tendensiyalarini aniqladi.
Tahlil natijalari Prezident tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning yaxlit eko-tizimini yaratish, eksport vamilliy brendlarni rivojlantirish, sun’iy intellekt orqali unumdorlikni oshirish, ma’muriy to‘siqlar vajarima yukini kamaytirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratganini ko‘rsatdi.
Davlat rahbari o‘z nutqida jami 4 211 so‘zdan foydalangan (2025 yilgi muloqotda – 4 241 so‘z). Eng ko‘p “tadbirkor” – 92 marta, “biznes” – 32 marta, “eksport” – 31 marta, “bozor” – 28 marta, “davlat” – 27 marta, “korxona” – 25 marta, “mahsulot” – 18 marta, “tizim” – 15 marta, “loyiha” – 14 marta, “xizmat” – 13 marta, “kredit”, “bank”, “hudud” va “sanoat” – 12 martadan, “soliq”, “xalqaro”, “sun’iy intellekt”, “dastur” va “imkoniyat” – 11 martadan, “jarima” so‘zi esa 10 marta tilga olingan (1-rasm).
1-rasm. Eng ko‘p ishlatilgan so‘zlar

Diqqatga sazovor jihat shundaki, “eksport” (31) va “bozor” (28) so‘zlari so‘nggi besh yildagi eng yuqori ko‘rsatkichga chiqdi va birgalikda “biznes” so‘zidan deyarli ikki barobar ko‘p takrorlandi. Bu nutqning og‘irlik markazi ichki qo‘llab-quvvatlashdan tashqi bozorga siljiganini bildiradi.
Ikkinchi muhim o‘zgarish – “sun’iy intellekt” iborasining 11 marta qo‘llanishi. Bu tushuncha 2023 yilgi nutqda 1 marta, 2024 yilda 4 marta tilga olingan, 2025 yilgi muloqotda esa umuman uchramagan edi. 2026 yilda u nafaqat takrorlanish soni bo‘yicha, balki mazmunan ham yangi maqomga chiqdi: alohida iqtisodiy siyosat yo‘nalishi – unumdorlik, tannarx va qo‘shilgan qiymat bilan bog‘langan mustaqil drayver sifatida namoyon bo‘ldi.
Uchinchi jihat – ma’muriy nazorat qo‘p qo‘llanilganligi: “tekshiruv” va uning shakllari – 7 marta, “sud” – 5 marta, “litsenziya” va “ruxsatnoma” – 3 martadan qo‘llangan. Bu biznes muhitini erkinlashtirish masalasi kun tartibidan tushmaganini ko‘rsatadi.
Bir qator asosiy iboralarga alohida e’tibor qaratildi, “tashqi bozor” – 11 marta, “tadbirkor uchun”, “qo‘shilgan qiymat” – 9 marta, “kichik biznes”, “hurmatli tadbirkor” – 5 marta takrorlangan. Shuningdek, nutqda “yangi mahsulot”, “eksport uchun”, “yangi imkoniyat” kabi iboralarning har biri 4 martadan tilga olingan.
Uch so‘zli iboralar orasida “qo‘shilgan qiymat solig‘i” – 5 marta, “bozor(lar)ga jadal kirish”, “qurilish, sanitariya, karantin” – 3 marta, “sun’iy intellektni joriy”, “million xorijiy sayyoh”, “teng sharoit yaratib” va “kichik biznes ulushi” iboralari 2 martadan qayd etilgan.
So‘nggi besh yilda qilingan lingvistik tahlillar
2022-2026 yillardagi muloqotlar matnini solishtirsak, iqtisodiy siyosatda asosiy e’tibor yildan-yilga o‘zgarib borayotganini ko‘rishimiz mumkin.
Shunday qilib, besh yillik tahlil urg‘uning quyidagi ketma-ketligini ochib beradi: soliq va kredit siyosati (2022-2023) → xizmatlar sohasi va infratuzilma (2024) → startaplar va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash (2025) → eksport, sun’iy intellekt va ma’muriy erkinlik (2026). Bu tendensiya milliy iqtisodiy strategiyaning izchilligini va uning yangi bosqichga – tashqi bozorda raqobatbardoshlikni ta’minlash bosqichiga o‘tganini aks ettiradi.
Nutqning mazmuniy yo‘nalishlari bo‘yicha tahlil
Muloqot matni mazmunan to‘qqizta yo‘nalishga ajratib chiqilganda, davlat rahbari e’tiborining qanday taqsimlangani yaqqol ko‘rinadi (3-rasm). Eng katta ulush ma’muriy bosimni keskin kamaytirish mavzusiga to‘g‘ri keldi – 605 so‘z yoki nutqning 14 foizini tashkil qildi. Undan keyin turizmni rivojlantirish imkoniyatlari va yakuniy so‘z (14%), eksport salohiyati hamda milliy brendlar (14%) va “sun’iy intellekt – boshqaruv samaradorligi – yangi investitsiyalar” eko-tizimi (13%) yo‘nalishlari o‘rin oldi. Ushbu to‘rtta yo‘nalish birgalikda nutqning 55 foizini tashkil etadi.
2-rasm. Nutqning mazmuniy yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimoti

Hududlarda biznes imkoniyatlarini oshirish (12%) va iqtisodiy o‘sish natijalari (11%) ham salmoqli o‘rin egalladi, Xorazmdagi o‘zgarishlar esa eng ixcham blok (5%) sifatida kirish qismi vazifasini bajargan.
Shunday qilib, 2026 yilgi muloqot nutqi iqtisodiy siyosatning yangi bosqichini – tadbirkorni ichki bozorda qo‘llab-quvvatlashdan uni global bozorda raqobatbardosh ishtirokchiga aylantirishga o‘tishni ifodalaydi. Eksport va milliy brendlar, sun’iy intellekt asosidagi unumdorlik, kapital bozoriga chiqish, kadrlar tayyorlash hamda ma’muriy erkinlik va huquqiy himoya – bu bosqichning besh tayanchi sifatida belgilandi.
Lingvistik tahlil ko‘rsatmoqdaki, davlat rahbarining nutqi nafaqat iqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini aniq belgilab berdi, balki tadbirkorni mamlakat taraqqiyotining asosiy hamkori va harakatlantiruvchi kuchi sifatida qayta tasdiqlab, ijobiy kayfiyat va ishonch muhitini shakllantirdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish