Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi respublika bo‘ylab tadbirkorlar o‘rtasida har oy o‘tkaziladigan so‘rovlar asosida O‘zbekistondagi biznes-muhit tahlili natijalarini taqdim etdi.
Olingan ma’lumotlar asosida biznesning joriy holatiga berilgan baholar va yaqin uch oy uchun kutilmalarni aks ettiruvchi biznes-muhitning yig‘ma indikatori hisoblab chiqildi.
O‘zbekistonda biznes-muhit yig‘ma indikatori dinamikasi
Avgust oyida biznes-muhit yig‘ma indeksi 59 bandni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 bandga yuqori bo‘ldi.

Indeksning 50 banddan yuqori bo‘lishi tadbirkorlik muhitida optimistik baholar ustunligini ko‘rsatadi.
Baholarga ko‘ra, biznesning joriy holati indeksi va kutilmalar indeksi o‘tgan yilga nisbatan har biri 4 bandga oshib, mos ravishda 53 va 66 bandni tashkil etdi.
So‘nggi uch oyda har o‘n nafar tadbirkordan to‘rt nafarida (40%) biznes holati yaxshilangan.
Respondentlarning yarmi (50%) biznesning joriy holatini «yaxshi» deb baholagan, har to‘rtta korxonadan birida (25%) esa so‘nggi uch oyda xodimlar soni ko‘paygan.
Tadbirkorlarning qariyb uchdan ikki qismi (66%) yaqin uch oyda mahsulotlariga talab oshishini kutmoqda.
Biznes-muhit indeksining tarmoqlar bo‘yicha dinamikasi

O‘tgan yilga nisbatan biznes-muhit indikatori sanoat va xizmatlar sohasida oshgan bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi va qurilishda biroz pasayish qayd etildi.
Sanoatda biznes-muhit yig‘ma indikatori 5 bandga oshib, 53 bandni tashkil etdi. O‘zgarishlar yaqin uch oydagi rivojlanish istiqbollari bo‘yicha kutilmalarning 18 bandga o‘sib, 73 bandga yetishi bilan bog‘liq. Biznesning joriy holatiga berilgan baholar esa 6 bandga pasayib, 35 bandni tashkil etdi.
O‘tgan yilga nisbatan sanoatda yaqin uch oyda biznes holati yaxshilanishini kutayotgan tadbirkorlar ulushi 74 foizga (+5 f.p.), mahsulotga talab oshishini kutayotganlar ulushi esa 67 foizga (+7 f.p.) yetdi. Shu bilan birga, biznesining joriy holatini yaxshi deb baholagan tadbirkorlar ulushi biroz pasayib, 35 foizni (-4 f.p.) tashkil etdi.
Xizmatlar sohasida biznes-muhit yig‘ma indikatori sezilarli darajada yaxshilanib, 7 bandga oshdi va 64 bandni tashkil etdi. Bu biznesning joriy holatiga berilgan baholarning 11 bandga hamda yaqin uch oydagi rivojlanish istiqbollari bo‘yicha kutilmalarning 4 bandga oshishi bilan bog‘liq.
Xizmatlar sohasidagi kompaniyalarning yarmidan ko‘pi (56%) biznesning joriy holatini yaxshi deb baholagan (+9 f.p.). Soha vakillarining 72 foizi yaqin uch oyda biznes holati yaxshilanishini kutmoqda (+3 f.p.). So‘nggi uch oyda biznes holati yaxshilanganini qayd etgan kompaniyalar ulushi ham 5 foiz bandga oshib, 44 foizni tashkil etdi.
Qishloq xo‘jaligida biznes-muhit yig‘ma indikatori 53 bandni (-4 p.) tashkil etdi. Agrar sohada joriy baholar 47 band darajasida o‘zgarishsiz qolgan bo‘lsa, tadbirkorlarning kutilmalari 8 bandga pasayib, 60 bandni tashkil etdi.
So‘nggi uch oyda vaziyat yaxshilanganini tadbirkorlarning 37 foizi ma’lum qildi (2025 yilda 42%). Shu bilan birga, tadbirkorlarning 41 foizi mahsulotga talab oshganini qayd etdi, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan biroz past (49%).
Qurilishda biznes-muhit yig‘ma indikatori o‘tgan yilga nisbatan deyarli o‘zgarmadi (-1 p.) va 60 bandni tashkil etdi. Sohada joriy baholar 3 bandga oshib, 63 bandga yetgan bo‘lsa, biznes kutilmalari 4 bandga pasayib, 58 bandni tashkil etdi.
So‘nggi uch oyda qurilish korxonalarining 41 foizida joriy vaziyat yaxshilandi (bir yil avval 37%). Shu bilan birga, korxonalarning 46 foizi biznesining joriy holatini yaxshi deb baholadi (bir yil avval 37%). Yaqin uch oyda mahsulotga talab oshishini kutayotgan kompaniyalar ulushi esa 57 foizni tashkil etdi (avval 61%).
Biznes yuritishdagi to‘siqlar kamaymoqda

Biznes yuritishda to‘siqlarga duch kelmayotgan tadbirkorlar ulushi 67 foizga (+8 f.p.) yetdi. Eng yuqori ko‘rsatkich xizmatlar sohasida 72 foizni tashkil etdi. Keyingi o‘rinlarda qurilish (63%), qishloq xo‘jaligi (61%) va sanoat (60%) qayd etildi.
Biznes uchun asosiy cheklovlar qatorida soliqqa tortish bilan bog‘liq to‘siqlar qayd etildi, ularning ulushi 18 foizga (-1 f.p.), bank tizimi bilan bog‘liq to‘siqlar esa 13 foizga (-2 f.p.) pasaydi. Boshqa moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelayotgan tadbirkorlar ulushi 10 foizga (-2 f.p.) qisqardi, respondentlarning 7 foizi (-1 f.p.) talab yetarli emasligini ko‘rsatdi. Soliq sohasidagi asosiy qiyinchiliklar soliq ma’muriyatchiligi (13%) va soliq stavkalari darajasi (5%) bilan bog‘liq.
Tarmoqlar kesimida qishloq xo‘jaligida soliq ma’muriyatchiligi 11 foiz (+3 f.p.) va kredit olishdagi qiyinchiliklar 9 foiz (-2 f.p.) bilan ko‘proq qayd etildi. Sanoatda talab yetarli emasligini ko‘rsatganlar ulushi 12 foizni (-1 f.p.), kredit olishdagi qiyinchiliklar 11 foizni (+5 f.p.), soliq ma’muriyatchiligi bilan bog‘liq muammolar 8 foizni (+4 f.p.) tashkil etdi.
Qurilishda soliq ma’muriyatchiligi bilan bog‘liq muammolar ulushi 12 foizga (+7 f.p.) oshdi, kredit olishdagi qiyinchiliklar esa 7 foizga (-6 f.p.) pasaydi. Xizmatlar sohasida tadbirkorlarning 16 foizi soliq ma’muriyatchiligini, 8 foizi (+3 f.p.) esa yer olishdagi qiyinchiliklarni qayd etdi.
Iqtisodiyot tarmoqlari raqobatbardoshligi
va investitsion faollikni o‘rganish sho‘’basi: (78) 150 02 02 (441)
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar sho‘’basi: (78) 150 02 02 (417)
Izoh qoldirish