– O‘zingiz haqida qisqacha ma’lumot bersangiz. Sizning faoliyat yo‘lingiz nimadan boshlangan? Ushbu vazifaga qanday keldingiz (oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz)?
– 2023 yilda Toshkent davlat moliya institutini tamomlaganman. O‘qish davrida xususiy korxonaning moliya bo‘limida ham faoliyat olib borganman. Oliygohni bitirganimdan so‘ng, 2024 yilning yanvar oyida Jizzax shahridagi “Zilol” mahallasiga hokim yordamchisi etib tayinlandim. Mazkur hududda ikki yil davomida mehnat qildim, keyinchalik kadrlar rotatsiyasi doirasida “Bobur” mahallasiga hokim yordamchisi lavozimiga o‘tkazildim.
– Yuqorida aytib o‘tgan ikki mahallaning qanday farqlari bor edi? Masalan, iqtisodiy yoki ijtimoiy jihatdan olganda.
– Ushbu ikki mahalla o‘ziga xos xususiyatlari bilan bir-biridan tubdan farq qiladi. “Zilol” mahallasi shaharda kattaligi bo‘yicha uchinchi o‘rinda turuvchi yirik hudud hisoblanadi. Unda 2300 ta xonadon mavjud bo‘lib, 15 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Uy-joy fondi asosan ko‘p qavatli binolar va hovlilardan tashkil topgan, aholisining asosiy qismini esa o‘zbeklar tashkil etadi. Hozirgi faoliyat joyim bo‘lmish “Bobur” mahallasi hududi va aholi soni jihatidan oldingisidan qariyb uch baravar kichik. Bu yerda ko‘p millatli aholi yashaydi. Fuqarolar bilan samarali muloqot o‘rnatish maqsadida rus tilini ham o‘zlashtirishimga to‘g‘ri keldi.
Iqtisodiy salohiyat nuqtai nazaridan ham hududlar o‘rtasida katta tafovut mavjud. “Zilol” mahallasi serqatnov yo‘l yoqasida joylashgan qulay infratuzilmaga ega bo‘lgani sababli, u yerda yirik sanoat korxonalari va katta savdo majmualari (xususan, qurilish mollari bozorlari) joylashgan. “Bobur” mahallasida esa kichik biznes sub’yektlari va xizmat ko‘rsatish sohasi ob’yektlari, jumladan, umumiy ovqatlanish muassasalari (kafe, restoran) hamda to‘yxonalar asosiy o‘rinni egallaydi.
– Mahallaning ijtimoiy portretini qanday tasvirlagan bo‘lardingiz? Mahallada kimlar istiqomat qiladi, nimadan daromad topadi (u yerdagi mavjud infrastruktura ob’yektlari, yo‘llar, maktab, bog‘cha, poliklinika, sanoat korxonalari, aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari haqida to‘liqroq gapirib bersangiz)?
– Mazkur hududda ijtimoiy va iqtisodiy infratuzilma yaxshi shakllangan bo‘lib, bugungi kunda mahallada 2 ta davlat maktabi, 1 ta davlat va 6 ta xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti, 1 ta xususiy klinika hamda 8 ta davlat idorasi joylashgan. Bundan tashqari, 80 dan ortiq tadbirkorlik sub’yekti va 3 ta sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda. Mahalladagi asfaltlangan ichki yo‘llarning umumiy uzunligi esa 8 kilometrni tashkil etadi.
– Mahallangizda odamlar asosan nimadan daromad qiladi?
– Aholining asosiy qismi davlat tashkilotlari va xususiy korxonalarda mehnat qilish orqali daromad topadi. Hududda yirik tadbirkorlar nisbatan kam bo‘lsa-da, kichik biznes vakillari ko‘pchilikni tashkil etadi. Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilish orqali daromad topish amaliyoti keng rivojlangan.
Xususan, fuqarolar orasida uy sharoitida tikuvchilik, sartaroshlik va enagalik xizmatlarini ko‘rsatib daromad topadiganlar talaygina. Bundan tashqari, buyurtma asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qishga konservatsiya qilish, issiq taomlar tayyorlab korxona va ofislarga yetkazib berish, shuningdek, ko‘rpa-to‘shak tikish kabi xizmat turlari bilan shug‘ullanuvchilar ham aholining muayyan qismini tashkil qiladi.
– Ish faoliyatingizni boshlagan ilk kezlarda sizni eng ko‘p qiynagan masala nima edi va buni qanday yengib o‘tdingiz?
– Umuman olganda, faoliyatimning dastlabki davrida yangi muhitga moslashish, xonadonma-xonadon yurib aholi bilan yaqindan tanishish, ko‘chalar va infratuzilma holatini to‘liq o‘rganib chiqish muayyan murakkabliklarni yuzaga keltirgan edi. Xususan, fuqarolar bilan muloqot jarayonida tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida imtiyozli kredit olib, mablag‘ni maqsadsiz ishlatmoqchi bo‘lgan shaxslarni bir qarashdayoq ajratib olish oson kechmagan. Kam bo‘lsa-da, bunday holatlar hanuzgacha uchrab turadi.
– Siz bevosita tanishish, so‘rov va o‘rganishlar orqali mahallaning ahvolidan doimiy ravishda yaqindan xabardor bo‘lib turasiz. O‘rganishlar natijasida yangidan o‘tgan mahallangizda qanday iqtisodiy imkoniyatlar aniqlandi?
– Hozirgi kunda mahallada iqtisodiy yo‘nalishda yangi loyiha ustida ish olib boryapman. Ma’lumki, ko‘p qavatli uylar va ayrim xonadonlarda kundalik iste’mol uchun mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish maqsadida doim ham yetarli sharoit yoki kichik issiqxonalar mavjud bo‘lavermaydi. Biroq aholining ko‘kat va sabzavotlarga bo‘lgan ehtiyoji yil davomida uzluksiz saqlanib qoladi. Shuni inobatga olgan holda, har bir ro‘zg‘orda topiladigan 5-10 litrlik yelim idishlarda xonadon uchun zarur bo‘lgan barra mahsulotlarni yetishtirish loyihasini yo‘lga qo‘ydik.
Hozirda ushbu tashabbusning afzalliklarini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilyapmiz. Xonadon sharoitida petrushka, ko‘k piyoz va boshqa turli ko‘katlarni yetishtirish oilalarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan birga, fuqarolarning bozorga borish uchun ketadigan vaqti va mablag‘ini tejash imkonini ham beradi. Natijada aholining oilaviy byudjeti o‘z ixtiyorida qoladi. Ushbu amaliy loyihani allaqachon boshlab yuborganmiz.
– Mahallangiz rivojining asosiy iqtisodiy o‘sish drayveri nima? Nega ushbu yo‘nalishlar tanlab olindi? Tanlangan yo‘nalishlarni tezkor rivojlantirish uchun nima ishlar qilinmoqda?
– Mahallamizning asosiy iqtisodiy o‘sish drayveri kichik xizmat ko‘rsatish va kichik ishlab chiqarish sohalari hisoblanadi. Shu bilan birga, biz hudud iqtisodiyotini rivojlantirish uchun yangi o‘sish nuqtalarini izlashda davom etyapmiz. Xususan, yuqorida tilga olingan loyiha doirasida xonadonlarda ekin va rezavorlar yetishtirishni keng yo‘lga qo‘yish ham o‘ziga xos yangi drayverga aylanishi mumkin. Bu maqsadga erishish uchun malakali mutaxassislar va agronomlarni jalb qilgan holda, aholiga o‘simliklarning vegetatsiya davri, tuproqqa agrotexnik ishlov berish, sug‘orish va oziqlantirish tartib-qoidalarini o‘rgatishni maqsad qilganmiz. Bu orqali fuqarolar uy sharoitida samarali dehqonchilik qilish ko‘nikmasiga ega bo‘ladilar. Ushbu tashabbusning eng katta afzalligi shundaki, uni amaliyotga tatbiq etish uchun katta sarmoya yoki bank krediti talab etilmaydi. Deyarli xarajatsiz yo‘lga qo‘yiladigan bu faoliyat xonadonlarga yaxshigina qo‘shimcha daromad keltirishi kafolatlanadi.
– Biror ehtiyojmand oilani yoki yosh tadbirkorni qo‘llab-quvvatlab, biron bir yaxshi biznesni yo‘lga qo‘yib olgani, hayotida ijobiy o‘zgarish qilgan holatni misol sifatida keltirib o‘ta olasizmi?
– Mahallamizda aholini, xususan, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ularning bandligini ta’minlash borasidagi amaliy ishlarimizga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Ulardan biri bevosita mening tashabbusim va ko‘magimda amalga oshirilgan. Mahallamiz fuqarosi Gulzoda Xoltoshova nogironligi bo‘lgan o‘g‘li va onasi parvarishga muhtojligi sababli, doimiy ravishda uyda o‘tirishga majbur edi. Ushbu oila “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan va davlat ta’minotidagi oilalar ro‘yxatida turardi. Biz unga xonadonidan chiqmagan holda daromad topish imkoniyatini yaratib berdik. Amaldagi tartibga ko‘ra, bunday toifadagi oilalar uchun foiz to‘lovlari davlat tomonidan qoplab beriladigan 30,9 mln. so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratish tizimi mavjud. Gulzoda opaga shu imkoniyat doirasida 10,9 mln. so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishiga ko‘maklashdik. Ushbu mablag‘ hisobidan u poytaxtdan zarur uskuna va vositalarni xarid qilib, o‘z uyida kosmetologiya xizmatlarini ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ydi. Zarur holatlarda, to‘y va boshqa tantanalar munosabati bilan buyurtmachilarning xonadoniga borib ham xizmat ko‘rsatadi. Bu esa unga ortiqcha ijara va boshqa xarajatlarsiz faoliyat yuritish imkonini bermoqda. Natijada fuqaro barqaror daromad manbaiga ega bo‘lib, oilasining iqtisodiy ahvolini butunlay tiklab olishga erishdi..
– Hududingiz aholisi o‘rtasida kambag‘allik darajasini yanada samarali kamaytirish uchun yana qo‘shimcha nima ish qilish kerak?
– Tan olish kerakki, ayrim holatlarda kambag‘allikning asosiy sabablaridan biri – fuqarolardagi boqimandalik kayfiyati, dangasalik va mehnatdan qochish illatlaridir. Agar biz eng avvalo aholini doimiy va foydali mehnatga jalb qila olsak, ularning kambag‘allikdan chiqish jarayoni tabiiy ravishda amalga oshadi. Xalqimizdagi “Yotib yeganga tog‘ ham chidamas” degan purhikmat maqol ham bejiz aytilmagan.
Shu boisdan, hozirgi kundagi asosiy vazifalarimizdan biri aholining ongi va dunyoqarashini o‘zgartirishga qaratilgan. Chunki inson birinchi navbatda o‘ziga o‘zi yordam berishga intilmas ekan, tashqaridan ko‘rsatilgan hech qanday ko‘mak uning turmush sharoitini tubdan yaxshilab bera olmaydi. Boqimandalik kayfiyati hech qachon rivojlanishga olib kelmasligini har bir fuqaro teran anglab yetishi zarur, deb hisoblayman..
– Odamlar sizni ko‘proq qaysi muammolar bo‘yicha izlashadi? Misol keltira olasizmi?
– Ma’lumki, mahallada hokim yordamchisining faoliyati faqatgina iqtisodiy masalalar bilan cheklanib qolmaydi. Shahar hokimi ham bu borada ta’kidlaganidek: “To‘g‘ri, sizlar iqtisodiy masalalar bo‘yicha hokim yordamchisi hisoblanasiz, lekin shu bilan birga, mahallada mening bevosita vakilim hamsiz”. Shu tamoyildan kelib chiqib, hududdagi har qanday ijtimoiy-maishiy muammolarga o‘zimizni mas’ul deb bilamiz.
Bu tabiiy gaz yoki elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar bo‘ladimi yoki boshqa turmush tashvishlarimi – barchasida fuqarolarga yaqindan ko‘maklashamiz. Zarur hollarda, aholiga tegishli tashkilotlar bilan aloqa o‘rnatishga yordam beramiz yoki o‘zimiz mas’ul idoralarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanib, masalaning ijobiy hal etilishini ta’minlaymiz.
Aholi bizga asosan yangi tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda ko‘mak so‘rab, hudud obodonchiligi, kuz-qish mavsumida yuzaga keladigan turli kamchiliklar va boshqa ko‘plab masalalar bo‘yicha murojaat qiladi. Tabiiyki, asosiy vazifamiz bo‘lgan iqtisodiy yo‘nalishdagi murojaatlar salmog‘i ham anchagina. Biz har bir masalani bevosita joyiga chiqqan holda chuqur o‘rganib, ularni imkon qadar tezkor va ijobiy hal qilishga harakat qilamiz.
– O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ularning ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz? Hokim yordamchisi sifatida sizga qanday yordam zarur?
– Davlatimiz tomonidan o‘z faoliyatimizni samarali yuritish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Hokim yordamchilari instituti aholi va davlat o‘rtasidagi eng samarali bog‘lovchi vositalardan biri, deb bilaman. Zero, biz har kuni xonadonlar bilan ishlaymiz, odamlarning muammolari, imkoniyatlari va ehtiyojlarini bevosita joylarning o‘zida o‘rganamiz.
Nazarimda, faoliyatimiz samaradorligini yanada yuksaltirishda mahalladagi aniq ma’lumotlar bilan ishlash, har bir xonadonning iqtisodiy salohiyatini tahlil qilish va natijali loyihalar sonini ko‘paytirish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bundan tashqari, hokim yordamchilarida tadbirkorlik, moliya, investitsiya va zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirib, ularning malakasini muntazam oshirib borish prinsipial jihatdan muhimdir.
– Agar sizda moliyaviy mablag‘, vaqt va resurslar jihatidan hech qanday cheklovlar bo‘lmaganda, mahallangizda qanday loyihani amalga oshirgan bo‘lardingiz?
– Agar moliyaviy mablag‘ va resurslar jihatidan hech qanday cheklovlar bo‘lmaganda, eng avvalo, mahallamizda yirik klaster tizimidagi ishlab chiqarish korxonasini barpo etgan bo‘lardim. Xususan, kichik turdagi skuterlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqdir. Chunki bugungi kunda shahrimiz aholisi o‘rtasida skuterlarga bo‘lgan talab ancha yuqori. Bu tashabbus orqali ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratiladi, hududga zamonaviy texnologiyalar kirib keladi va aholining kasbiy malakasi oshadi. Qolaversa, iqtisodiy nuqtai nazardan ishlab chiqarish sohasining samaradorligi xizmat ko‘rsatish tarmog‘iga qaraganda ancha yuqori ekanligi barchaga ma’lum.
Muqobil variant sifatida, mahallamiz yoshlarini keng jalb qilgan holda elektron plata va mikrosxemalar ishlab chiqarishni tashkil etishni ham reja qilgan bo‘lardim. Ma’lumki, bunday butlovchi qismlar elektrotexnika sanoatida juda keng qo‘llaniladi. Biroq bugungi kunda yurtimizda mikrosxemalar ishlab chiqarish sohasi yetarlicha rivojlanmagan bo‘lib, ushbu mahsulotlar deyarli to‘liq xorijdan import qilinmoqda. Agar mazkur yo‘nalishni mahallamizda yo‘lga qo‘ya olsak, hududimizga juda katta miqdordagi investitsiyalarni jalb qilish imkoni yaratiladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, yaqinda boshqa hech bir mahallada o‘xshashi yo‘q yangi bir tashabbusga qo‘l urdik: “Mahalla ixtirochilar xonasi” loyihasini boshladik. O‘zim ham aniq fanlarga, xususan, fizika va matematikaga qiziqqanim, ixtirochilikka ishtiyoqim balandligi sababli ushbu g‘oya tug‘ildi. Asosiy maqsadimiz – mahallamizdagi ixtirochilikka va innovatsiyalarga qiziquvchi iqtidorli bolalar hamda o‘smirlarni bir joyga jamlashdir. Biz ular bilan birgalikda shahrimizdagi muayyan muammolarni o‘rganib, buyurtmalar asosida ularga innovatsion yechimlar topib bermoqchimiz. Bu orqali, bir tomondan, hududdagi muammolar o‘z joyida hal etilsa, ikkinchi tomondan, yoshlarimizning yashirin salohiyati, ixtirochilik qobiliyati yuzaga chiqadi. Umuman olganda, yoshlarning bilim va iqtidorini to‘g‘ri yo‘naltirish orqali juda katta va ijobiy natijalarga erishish mumkinligiga qat’iy ishonaman.
– Joriy yil yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi ushbu islohotning milliy darajada institutsionallashganini ko‘rsatadi. Shu munosabat bilan, sizning oldingizga qo‘yilgan ustuvor vazifalar va asosiy yo‘nalishlar nimalardan iborat?
– Joriy yildagi ish faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardir:
- mahalla aholisining daromadli bandligini ta’minlash, bunda biz asosiy e’tiborni har bir ishsiz fuqaro uchun uning salohiyatiga mos ish o‘rni yoki barqaror daromad manbasini yaratishga qaratamiz;
- kam ta’minlangan oilalar a’zolarini kasb-hunarga o‘qitish hamda kichik biznesga jalb qilish;
- yoshlar va xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, ularning ta’lim olishi va kasb-hunar egallashiga ko‘maklashish;
- mahalla infratuzilmasini kompleks rivojlantirish.
– 2026 yilda mahallani rivojlantirish bo‘yicha oldingizga qanday yangi maqsad va rejalarni qo‘ygansiz? O‘zingiz faoliyat yuritayotgan hududni 5 yildan so‘ng qanday qiyofada tasavvur qilasiz?
– Mahallamiz shahar hududida joylashgani bois, tumanlarga qaraganda imkoniyatlarimiz ancha keng. Shu sababli, 2026 yilda mahallamizni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirishni o‘zimizga asosiy vazifa qilib belgilaganmiz. Buning uchun hududda barcha zarur shart-sharoit va salohiyat mavjud. Ko‘zlangan ushbu natijaga, eng avvalo, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, mahallamizning yangi iqtisodiy o‘sish nuqtalarini kashf etish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga har tomonlama amaliy ko‘mak ko‘rsatish orqali erishamiz. Eng muhimi, oldimizga qo‘ygan maqsadimiz aniq va niyatimiz ezgudir!
Jamolliddin Turdimov
"Iqtisodiy sharh" jurnali №8/2026
Izoh qoldirish