O‘zbekiston uy-joy bozorida yuqori faollik saqlanib qolmoqda

O‘zbekiston uy-joy bozorida yuqori faollik saqlanib qolmoqda

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori bo‘yicha yangilangan sharhni taqdim etdi.

Joriy yilning avgust oyida respublika bo‘yicha qariyb 25,1 mingta uy-joy oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirildi, bu o‘tgan yilning avgust oyidagi ko‘rsatkichga deyarli mos keladi (+0,2%).

Yil boshidan buyon (yanvar-avgust) O‘zbekistonda uy-joy savdosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,4% ga o‘sib, 222,5 mingta bitimni tashkil etdi.

Mart oyida bitimlar soni 43,5 mingtagacha sezilarli darajada oshganidan so‘ng, aprel–may oylarida faollik pasaydi. Iyun-iyul oylarida ko‘rsatkich oyiga 25–26 mingta bitimgacha tiklandi va avgust oyida ham shu darajada saqlanib qoldi.

Hududlar kesimida

Avgust oyida faollik 14 ta hududning 6 tasida oshdi. Toshkent shahrida 7,4 mingta uy-joy oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirildi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,2% ga ko‘p.

Yil boshidan buyon (yanvar-avgust) poytaxtda uy-joy savdosi hajmi 27,5% ga oshdi.

Yil boshidan buyon yuqori o‘sish sur’atlari Sirdaryo (25,4%) va Andijon viloyatlarida (23,8%) ham qayd etildi.

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar