Infografika: Andijon viloyatining 2017-2025 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi

Infografika: Andijon viloyatining 2017-2025 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida, jumladan, Andijon viloyatida ham kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda og‘ir tumanlarni jadal rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar, yangi islohotlar amalga oshirilmoqda.

2017-2025 yillarda Andijon viloyatida aholini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida viloyatining yalpi hududiy mahsuloti 22,9 trln so‘mdan 107,7 trln so‘mga yetib, real hisobda 66 foizga o‘sdi. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi hududiy mahsulot 7,7 mln so‘mdan 30,9 mln so‘mga ko‘paydi. Shu davrda viloyat aholisi 16,8 foizga ortib, 2025 yil yakunida 3,5 mln kishini tashkil etdi.

Viloyatda sanoat salohiyatidan samarali foydalanish va yangi zamonaviy ishlab chiqarish kuchlarini barpo etish natijasida sanoat ishlab chiqarish hajmi 13,3 trln so‘mdan 107,9 trln so‘mga - joriy baholarda 8,1 baravarga, real hisobda 2,4 baravarga ko‘paydi. Natijada yalpi hududiy mahsulot tarkibida sanoat va qurilish ulushi 23,5 foizdan 35,2 foizga ko‘tarildi. Bu esa, hudud iqtisodiyotini diversifikatsiyalash va hududni rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.

Qishloq xo‘jaligini isloh qilish va qulay agrobiznes muhitini yaratish orqali qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 32,6 foizga o‘sib, 15,9 trln so‘mdan 53,5 trln so‘mga yetdi. Ayni paytda sohaning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 40,7 foizdan 29 foizga pasaydi.

Bozor xizmatlari hajmi real hisobda 2,3 baravarga ko‘payib, 2025 yilda 54,0 trln so‘mni tashkil etdi va uning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 35,8 foiz darajasida saqlanib qoldi.

Tashqi savdoni erkinlashtirish, tadbirkorlik sub’yektlarining eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan choralar natijasida so‘ngi to‘qqiz yil davomida viloyatning tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi 3,4 baravarga ko‘payib, 2025 yilda 1 369 mln dollarga yetdi.

2017-2025 yillarda viloyat iqtisodiyotiga jami 130,5 trln so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirildi.

Infratuzilmani rivojlantirish sohasida 2017-2025 yillarda 64,7 km gaz quvuri tarmoqlari va 3 574,3 km suv ta’minoti tarmoqlari foydalanishga topshirildi. Shuningdek, 6 854 mln kVt·soat elektr energiya ishlab chiqarib iste’molchilarga yetkazildi.

Viloyat aholisi mamlakat aholisining 9,1 foizini tashkil etadi, viloyat hududi esa respublika hududining atigi 1 foiziga teng. Shu bois ko‘p qavatli uylar qurish orqali aholining o‘sib borayotgan ehtiyojini qondirish choralari ko‘rilmoqda. 2017-2025 yillarda viloyatda jami 11 423 ming kv metr uy-joy foydalanishga topshirildi. Ijtimoiy sohada maktabgacha ta’lim muassasalarida 30,2 ming, umumta’lim maktablarida 104,8 ming o‘rinlik, shifoxonalarda 4,7 ming koykalik quvvatlar ishga tushirildi.

Xolmirzayev Bahodir

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bosh ilmiy xodimi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar