Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 dekabr kuni «O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida Konstitutsiya qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda nutq so‘zladi. U o‘z nutqining bir qismini qonun ustuvorligi va jamoatchilik nazoratini ta’minlashga bag‘ishladi.
Bugun jamoatchiligimiz tom ma’noda uyg‘ondi, endi turli lavozimdagi shaxslarning xatti-harakatlariga odamlarimiz bevosita baho berib, o‘z fikrini erkin ifoda etishga o‘rganmoqda.
Yakunlanayotgan yilda Davlat byudjeti ilk bor keng muhokama etilib, ochiqlik va oshkoralik ruhida qabul qilindi. Unda turli vazirlik va idoralar har bir so‘mni nimaga va qanday xarajat qilishi aniq ko‘rsatib berildi.
Fuqarolarimiz va deputatlarimiz bildirgan fikrlar asosida maktablarga mebel va kompyuterlar xarid qilish uchun byudjet xarajatlarini qisqartirish hisobidan 50 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratildi. Bunday ijobiy holat bizning tajribamizda birinchi marta yuz berayotganini alohida qayd etish lozim.
Yoki ko‘pchiligingiz xabardorsiz, keyingi paytda joylarda daraxtlarni ommaviy ravishda kesish kuchayib ketgan edi. Bu odamlarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Shuning uchun yaqinda daraxtlarni sababsiz kesishga qarshi moratoriy e’lon qilindi. Bu ham jamoatchilik fikri qanday kuchli ta’sirga ega ekaniga misol bo‘la oladi.
Bularning bari odamlarimizning ijtimoiy jarayonlarga nisbatan mas’uliyat va daxldorlik hissi oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Ayni vaqtda jamoatchilik nazorati “bir tomonlama vosita”ga aylanib qolmasligi kerak.
Davlat idoralari faqat fuqarolarga emas, balki o‘zlariga nisbatan tanqidiy fikrlarni ham adolat bilan, xolis ko‘rib chiqishlari lozim. Shahar va qishloqlarimiz qiyofasini o‘zgartirish, qurilish va obodonchilikka oid qarorlar, dastlab o‘sha hududdagi aholi o‘rtasida muhokama qilinib, jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilishi shart.
Yana bir masalaga diqqatingizni jalb qilmoqchiman.
Konstitutsiyaga asosan sudlar o‘z faoliyatida mustaqil, lekin ularning chinakam nazoratchisi xalq bo‘lishi kerak.
Sudlar va tergov idoralari biron-bir ish yuzasidan chiqarilgan qaror bo‘yicha fuqarolarning jamoaviy murojaatlariga tushuntirish va huquqiy izohlar berishi zarur.
Shuni aniq tushunib olish lozimki, jamoatchilik nazorati – bu faqatgina davlat idoralari faoliyati ustidan nazorat emas, balki jamiyatning o‘zini o‘zi boshqarish usuli, boshqacha aytganda, fuqarolik jamiyatini taraqqiy toptirishning muhim omillaridan biridir.
Shuning uchun Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi kelgusi yilda har bir soha va tarmoq bo‘yicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ta’sirchan tizimini yaratishga bosh-qosh bo‘lishi va tashabbus ko‘rsatishi lozim.
Jamoatchilik nazorati, birinchi navbatda, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari, moliya, bank, ta’lim, sog‘liqni saqlash, kommunal xo‘jalik, energetika va transport sohalarida joriy etilishi zarur. Shuningdek, bozorlar va savdo majmualaridagi mahsulotlar va xizmat ko‘rsatish sifati kabi masalalar ham doimo jamoatchilik nazoratida bo‘lishi darkor.
Izoh qoldirish