2020 yilda O‘zbekiston bank sektoridagi o‘zgarishlar

2020 yilda O‘zbekiston bank sektoridagi o‘zgarishlar

2020 yil 8 yanvar kuni O‘zbekiston Bank-moliya Akademiyasi binosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan «open space» formatida "2020 yilda O‘zbekiston bank sektoridagi o‘zgarishlar" mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbariyati, Markaziy bank rahbariyati, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi bilan bir qatorda O‘zbekiston tijorat banklari rahbarlari, Buyuk kelajak ekspertlari, Pricewaterhouse Coopers xalqaro kompaniyasi, Oliy Majlis deputatlari, auditorlar, soliq maslahatchilari, shuningdek, tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari, bloggerlar ishtirokida banklarning moliyaviy tiklanishi va barqarorligi masalalari muhokama etildi.

Davra suhbatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari – Markaz direktori O. Hakimov ochib berdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbari o‘z nutqida o‘tgan yilning oktyabr oyida O‘zbekiston bank tizimini isloh qilish masalalari muhokama qilingan yig‘ilishni yodga oldi. Unda "Endi banklar resurs jalb etish bo‘yicha "o‘z aravasini o‘zi tortishi" kerak. Shundagina bozor sharoitiga mos, zamonaviy boshqaruv tizimiga ega moliyaviy institutga aylana oladi", – degan edi davlatimiz rahbari.

- Bugungi kunda bank sektorining asosiy kamchiligi shundaki, iqtisodiyotdagi barcha kreditlarning 90 foizi banklarga to‘g‘ri keladi. Ushbu kamchiliklarni o‘rganib chiqib, O‘zbekistondagi barcha tijorat banklari 2020 yilda transformatsiya jarayoniga tayyorgarlik ko‘rmoqda. - dedi O. Hakimov.

Bugungi kunda O‘zbekiston bank tizimi yuqori konsentratsiyasi bilan ajralib turadi: barcha bank aktivlarining 86% hali davlatga, 70% esa 5 ta davlat banklari (Milliy bank, Asaka bank, Sanoat qurilish bank, Ipoteka bank va Agro bank) ga qarashli. Shuningdek, kreditlarga nisbatan davlat ulushi bo‘lgan bank omonatlarining ulushi 31,5 foizni tashkil etishi qayd etildi. Taqqoslash uchun, xususiy banklarda bu ko‘rsatkich 100% ga teng.

Markaziy Bank va Moliya vazirligi Jahon banki bilan birgalikda bank sektorini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqmoqda. Bundan tashqari, Moliya vazirligi huzurida tijorat banklarini davlat ishtirokida isloh qilishni muvofiqlashtirish boshqarmasi tashkil etildi. O‘zbekistondagi ko‘plab tijorat banklari 2020 yilda transformatsiya jarayonidan o‘tishlari tavsiya etiladi.

Tadbirda Xalq bank, Hamkor bank, Asaka bank, Sanoat qurilish bank vakillari ishtirok etdilar. Xususan, biznesni rivojlantirish va mijozlarga qulayliklar yaratish bo‘yicha fikrlar bildirildi. Bundan tashqari tadbirda kreditlar portfelining faol o‘sishi bilan biznesni olib borishda yondashuvlar o‘rtasidagi farq, mijozlarga yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatishga tayyorlik, kredit berish jarayonlarini o‘z-o‘zidan avtomatlashtirish darajasi, tavakkalchilik texnologiyalari muhokama qilindi.


Tijorat banklarining investitsion jozibadorligini oshirish masalalari, shuningdek, hukumat tomonidan mamlakat bank sektorini modernizatsiya qilish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar muhokama qilindi.

Banklar vakillari tijorat samaradorligini oshirish o‘rta va uzoq muddatli strategiyani shakllantirish uchun aktivlarni taqsimlashni optimallashtirish mexanizmlarini o‘z ichiga olgan bank-moliya sektorini tizimli o‘zgartirish bo‘yicha konseptual takliflarni taqdim etdilar.

Shuningdek, «open space» formatida tashkil etilgan davra suhbatida ekspertlar O‘zbekiston bank sektoridagi o‘zgarishlar bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Tadbir davomida bank qonunchiligidagi yangiliklar muhokamasi bo‘lib o‘tdi va bozor iqtisodiyotida amaliy misollar yordamida atroflicha javoblar berildi.

Investitsiya jozibadorligini oshirish orqali xususiy sektorning bank sektoridagi ishtirokini kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Tadbirda ishtirok etgan tadbirkorlar, ekspertlar, auditorlar, ommaviy axborot vositalari vakillari va bloggerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar