O‘zbekistonda uy-joy bozori mart oyida faollashdi

O‘zbekistonda uy-joy bozori mart oyida faollashdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2026 yil mart oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozoridagi o‘zgarishlar yuzasidan yangilangan tahlilni taqdim etdi. Baholashlarga ko‘ra, bozorda faollik sezilarli darajada oshgan.

Mart oyida respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni 43,6 mingtani tashkil qildi. Bu fevral oyiga nisbatan 47 foizga ko‘p.

Mart oyida faollikning bunday oshishi qisman aprel oyidan joriy etilgan yangi hisob-kitob tartibiga o‘tish bilan bog‘liq. Mazkur o‘zgarish ayrim xaridorlarni uy-joy sotib olishni oldinroq amalga oshirishga undagan bo‘lishi mumkin.

Yillik hisobda bozorda sezilarli o‘sish kuzatilgan. Jumladan, bitimlar soni o‘tgan yilning mart oyiga nisbatan 2 baravarga oshgan.

Hududlar kesimida

Mart oyi yakunlariga ko‘ra, o‘tgan oyga nisbatan respublikadagi barcha hududlarda uy-joy bozorida faollik oshgan.

Eng yuqori o‘sish Sirdaryo viloyatida qayd etildi — bu yerda bitimlar soni 64,6 foizga oshgan. Shuningdek, Jizzax viloyatida 73,2 foiz Namangan viloyatida esa 63 foiz, o‘sish kuzatilgan.

Andijon, Buxoro, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida ham o‘sish sur’ati 40–50 foiz atrofida bo‘lgan.

Jami bitimlarning qariyb 34 foizi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Poytaxtda bir oy davomida savdo hajmi 44 foizga oshib, 12,8 mingtaga yaqin bitim qayd etilgan.

Ikkilamchi uy-joy bozoridagi holat

Mart oyi yakunlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar oylik hisobda 0,4 foizga oshgan.

Yillik hisobda esa narxlar o‘sishi yuqoriligicha qolmoqda. O‘rtacha olganda, ikkilamchi uy-joy narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10 foizga ko‘tarilgan.

Eng katta o‘sish Sirdaryo viloyatida kuzatilib, narxlar 22 foizga oshgan. Samarqand viloyatida bu ko‘rsatkich 18,7 foiz, Andijon viloyatida esa 17,6 foizni tashkil etgan.

Toshkent shahrida uy-joy bozori narxlar dinamikasi

Poytaxtda uy-joy narxlari segmentlar kesimida turlicha o‘zgargan. Ikkilamchi bozorda o‘sish sekinlashgan bo‘lsa, yangi uylar bozorida narxlar sezilarli darajada oshgan.

Yillik hisobda ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uy-joyning o‘rtacha narxi 5 foizga ko‘tarilgan. Eng yuqori ko‘rsatkich Mirobod tumanida — 7,3 foiz, Mirzo Ulug‘bek tumanida — 7,2 foiz va Chilonzor tumanida — 6,9 foiz bo‘lgan.

Yangi uy-joylar bozorida esa narxlar yanada tezroq o‘sgan. O‘tgan yilning mart oyiga nisbatan bir kvadrat metrning o‘rtacha narxi 8,8 foizga oshgan. Eng yuqori ko‘rsatkich Mirzo Ulug‘bek tumanida — 15,5 foiz, Mirobod tumanida — 14,9 foiz va Yunusobod tumanida — 14,6 foiz darajasida qayd etilgan.

Poytaxtda ijara narxlari dinamikasi

Mart oyida Toshkent shahrida uy-joy ijarasining o‘rtacha narxi har bir kvadrat metr uchun qariyb 8,9 dollarni tashkil etgan. Bu fevral oyiga nisbatan 2,7 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 10,8 foizga yuqori.

Eng yuqori ijara narxlari asosan poytaxtning markaziy tumanlarida saqlanib qolmoqda. Jumladan, Mirobod, Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida bir kvadrat metr ijara narxi o‘rtacha 11 dollar atrofida bo‘lgan.

Shu bilan birga, yillik hisobda ijara narxlarining eng katta o‘sishi Yashnobod tumanida kuzatilib, 18,9 foizni tashkil etgan. Mirzo Ulug‘bek tumanida bu ko‘rsatkich 14,3 foiz, Yakkasaroy tumanida esa 12,5 foiz bo‘lgan.

Jaloliddin Usmonov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

tel: (78) 150 02 02 (417)


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar