O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 avgustdagi PQ-4804-sonli qaroriga asosan Samarqand viloyati “Ishga marhamat” monomarkazi (keyingi o‘rinda – “Monomarkaz”) faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Monomarkaz hududi 2,4 gektarni, shundan bino va inshootlar maydoni 0,13 gektarni tashkil etadi. Monomarkazda 1 525 nafar ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish imkoniyati mavjud. Hozirgi kunda monomarkazda 23 turdagi xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, texnika, hunarmandchilik, raqamli texnologiyalar sohalari tarkibiga kiruvchi zamonaviy kasblar va tadbirkorlik bo‘yicha kurslar tashkil etilgan.
Shu bilan birga, Monomarkaz tomonidan xorijda ishlash istagini bildirgan ishsiz fuqarolarga xorijiy korxonalarning talablariga muvofiq xorijda ishlashga oid dastlabki ko‘nikma va moslashuv bo‘yicha tayyorlov ishlarini tashkillashtiradi hamda o‘z mutaxassisligi bo‘yicha xorijiy tillarga o‘qish taklif qilinadi. 4 ta (ingliz, rus, koreys va nemes) xorijiy tillar bo‘yicha qisqa muddatli kurslar faoliyat yuritadi. Bunda, mehnat migrantlari ro‘yxatga olinib, ishsizlik nafaqasi tayinlangandan so‘ng, ular psixologik xizmatlardan foydalanadi. Shuningdek, ishsizlar tadbirkorlik faoliyati asoslari bo‘yicha qisqa muddatli kurslarga o‘qitiladi. Muassasada joylashgan bank filialida barcha turdagi bank xizmatlari ko‘rsatiladi.
Monomarkazda hozirgi kunga qadar jami 2955 nafar bitiruvchilardan 84,5% bitiruvchilar bandligi ta’minlangan, jumladan 2021 yilda 720 nafar (453 nafar ayol, 267 nafar erkak), 2022-yilda 2235 (1528 nafar ayollar, 707 nafar erkaklar) nafar ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolar monomarkazda mavjud kasb-hunar, xorijiy tillar va tadbirkorlik sirlariga o‘qitilgan.
Markazda jami nogironligi bo‘lgan bitiruvchilar soni 113 nafar bo‘lib, shundan, gapirishida va eshitishida nuqsoni bo‘lgan bitiruvchilar soni 32 nafarni tashkil qiladi.
Shuningdek, 2021 yilda 87 nafar ayollar daftari, 91 nafar yoshlar daftari, 39 nafar temir daftarda ro‘yxatda turuvchi fuqarolar kasb-hunarga o‘qitildi va 2022 yilda 50 nafar ayollar daftari, 28 nafar yoshlar daftari va 5 nafar temir daftarda ro‘yxatda turuvchi fuqarolarga kasb-hunar, xorijiy tillar va tadbirkorlik sirlari o‘rgatildi.
Bugungi kunda Samarqand monomarkazida mavjud 23 turdagi kasblarda 663 nafar ishsiz fuqarolar o‘qitilmoqda, shundan 422 nafari ayollar va 241 nafar erkaklarni tashkil qiladi. Shundan 11 nafar ayollar daftari, 15 nafar yoshlar daftari va 2 nafar temir daftarda ro‘yxatda turuvchi fuqarolar o‘qitilmoqda.
Bundan tashqari, hozirda nogironligi bo‘lgan fuqarolar soni 24 nafarni tashkil qilmoqda. 2022 yilda monomarkazda mehnat bozori talablaridan kelib chiqqan holda “Yosh bolalar uchun enaga, tarbiyachi-yordamchisi”, “1C Buxgalteriyasi”, “Qariyalarni parvarishlar”, “Qishloq xo‘jaligi ishchisi” va “Kichik mehr-shavqat hamshirasi” kasblari bo‘yicha yangi kurslar tashkil etildi. Joriy yilda, “Dasturlovchi”, “Avtoelektrik”, “Floristika”, “SMM bo‘yicha mutaxassis” kabi zamonaviy kasb-hunar yo‘nalishlarini ochish rejalashtirilgan.
2023 yil yanvar holatiga ko‘ra Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi 200 dan ortiq eng yirik ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, qurilish korxonalari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan va monomarkaz bitiruvchilari aynan ushbu hamkor korxonalarda amaliy dars jarayonlariga ega bo‘lishmoqda va ish bilan ta’minlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 8 iyundagi “Ishchi kasblar bo‘yicha kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5140-sonli qaroriga muvofiq, Jahon bankining “Aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimini mustahkamlash” loyihasi doirasida 2021-2022 yillarda monomarkazda mavjud kasb-hunar yo‘nalishlari bo‘yicha 10 dan ortiq xorijlik malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda amaliy dars jarayonlari tashkil etilgan.
O‘rganishlar natijasida sohada qator tizimli kamchiliklar aniqlandi, xususan, mehnat migrantlari borayotgan asosiy hamkor davlatlar bilan ikki tomonlama shartnomalar mavjudligiga qaramasdan ishchilarni uyushgan holda yollash darajasi past hisoblanadi. Bu yo‘nalishda xorijiy davlatlar bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikning shartnoma-huquqiy asosini yanada takomillashtirish zarur. Amaldagi kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha dasturlar mahalliy va xorijiy mehnat bozorining talablariga to‘liq javob bermaydi hamda ularni yangilash hamda yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashadigan, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga tayyorlash tizimini takomillashtirish talab etiladi.
Izoh qoldirish