Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 dekabr kuni Navoiy viloyatida qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish, ish o‘rni va investitsiyani ko‘paytirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi infografikasida Navoiy viloyatining so‘nggi 7 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi natijalari keltirilgan.
2017-2023 yillar davomida viloyatning yalpi hududiy mahsuloti 34,9 foizga oshib, 85,9 trln so‘mga yetdi. Shu davr mobaynida YaHMning sanoat va qurilish sohasi 50,1 foizdan 71,7 foizga o‘sdi.
Zamonaviy servis va maishiy xizmatlarga bo‘lgan talabni to‘liq qondirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida bozor xizmatlari hajmi 2 baravarga ko‘payib, 3,1 trln so‘mdan 11,7 trln so‘mga yetdi. Qishloq xo‘jaligi sohasida o‘sish 22,7 foiz, ya’ni 6,9 trln so‘mdan 19,9 trln so‘mga yetdi.
Keyingi olti yilda sanoat sohasi viloyatning drayveriga aylandi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 13,1 trln so‘mdan 101,8 trln so‘mga yetib, 33 foizga oshdi.
Infratuzilmani rivojlantirish sohasida 2017-2023 yillarda 1672 km suv quvurlari yotqizildi. 7 yil davomida Navoiy viloyatida 201 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi. Shu davr mobaynida viloyatda 688 ming kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi, maktabgacha ta’lim muassasalarida 8,9 ming, maktablarda 27,2 ming o‘rinlar va shifoxonalarda 1,0 ming koykalar tashkil etildi.
So‘nggi yetti yilda viloyatga 8 milliard dollar investitsiya kiritilib, 6 ming 500 ta loyiha ishga tushirilgan. 2024 yilda esa 2 milliard 200 million dollarlik 577 ta loyiha yakunlanmoqda.
Prezidentning o‘tgan oyda Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida iqtisodiyotni yanada rivojlantirish, qo‘shimcha imkoniyatlarni izlab topish bo‘yicha bergan topshiriqlari asosida tayyorlangan takliflar yig‘ilishda ko‘rib chiqildi.
Masalan, Karmana tumanidagi kimyo texnoparkiga tutash yaylov yerda yangi sanoat korxonalarini joylashtirish mo‘ljallanmoqda. Infratuzilma va xomashyo borligi bois u yerda kelgusi yilning o‘zida kaolin, kvars, dioksid kremniy, mato bo‘yog‘i loyihalarini boshlash mumkin.
Xitoylik investorlar Xatirchi tumanida kvars va granitni qazib olish hamda qayta ishlash tashabbusini bildirgan. Konimex, Navbahor va Uchquduq tumanlarida joylashgan 11 ta foydali qazilma maydoni ham o‘zlashtirish uchun istiqbolli.
“Aydarko‘l” atrofidagi 150 gektarda mehmonxona va dam olish maskanlari barpo etilsa, 10 ming nafargacha sayyohlarga xizmat ko‘rsatadigan loyihalar amalga oshiriladi, 200 ta ish o‘rni yaratiladi. Nurotaning Sentob, Xatirchining Langar va Angidon qishloqlarida 200 ta oilaviy mehmon uyi tashkil etilishi yiliga 600 mingga yaqin sayyohlarni jalb qilish, 500 nafar aholi bandligini ta’minlash imkonini beradi.
Yurtimizdagi yaylovlarning 43 foizi Navoiy viloyatida, lekin uning 5 foizidan foydalanayapti, xolos. Shu bois 350 ming gektar yaylovga dron bilan iqlimga mos ozuqa ekinlari, dorivor va ziravor urug‘lar sepiladi hamda aholiga bo‘lib beriladi. Tomdi hamda Uchquduq tumanlarida echkichilik va qo‘ychilik rivojlantiriladi.
Shuningdek, Tomdi va Nurota tumanlarini qurilish materiallari, chorvachilik hamda turizmga, Xatirchini to‘qimachilik va meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirish uchun barcha sharoit bor. Xususan, Xatirchida geni o‘zgarmagan va organik mahsulot sertifikatini beradigan zamonaviy laboratoriya tashkil qilinmoqda. Mazkur tumanda 500 gektar, Navbahorda 200 gektar adir yerlarda intensiv bog‘ va tokzorlar barpo qilinadi.
Dalalar va mahallalarda bozorbop mahsulotlar yetishtirish rag‘batlantiriladi. Jumladan, Italiyadan kungaboqar urug‘i olib kelib, takroriy ekin sifatida 10 ming gektarda ekishni taklif qilinmoqda. Natijada 5 ming aholi qo‘shimcha daromadga ega bo‘ladi, ishlab chiqariladigan kungaboqar yog‘i viloyat aholisining yillik talabini qoplaydi. Paxtachilikda ham hudud tuprog‘iga mos, suvsizlikka chidamli go‘za Xitoy navlarini ekish kengaytiriladi.
Bu yilning o‘tgan davrida viloyatda 111 ming aholi ishga joylashtirilgan. 2025 yilda 140 ming aholining bandligini ta’minlash, 10 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan.
Yig‘ilishda Navoiy viloyati hokimi shu kabi resurslarni ishga solish, 2025 yilda tarmoq korxonalaridan tashqari 2 milliard dollar investitsiya jalb etish, 320 million dollar eksportni ta’minlash bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi.
Lekin bular viloyat salohiyati darajasida emasligi bois rejalarni qayta ko‘rib chiqish topshirildi.
Yangi loyihalarni ko‘proq Konimex, Nurota, Xatirchi va Tomdi tumanlarida joylashtirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Ishsiz aholini zamonaviy kasblarga o‘qitib, yurtimizda va chet eldagi yuqori daromadli ishlarga joylashtirish vazifasi belgilandi. Iqtisodiy imkoniyatlari keng, shu bilan birga, aholisi nisbatan ko‘p bo‘lmagan Navoiy viloyatini ishsizlikdan xoli hududga aylantirish mumkinligi ta’kidlandi.
2017-2022 yillarda viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari
2017-2022 yillar davomida viloyatning yalpi hududiy mahsuloti 34,9 foizga oshib, 66,7 trln so‘mga yetgan. Shu davr mobaynida YaHMning sanoat va qurilish sohasi 50,1 foizdan 73,3 foizga o‘sdi.
Zamonaviy servis va maishiy xizmatlarga bo‘lgan talabni to‘liq qondirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida bozor xizmatlari hajmi 2 baravarga ko‘payib, 3,1 trln so‘mdan 9,2 trln so‘mga yetdi. Qishloq xo‘jaligi sohasida o‘sish 21 foiz, ya’ni 6,9 trln so‘mdan 16,1 trln so‘mga yetdi.
Keyingi olti yilda sanoat sohasi viloyatning drayveriga aylandi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 13,1 trln so‘mdan 84,1 trln so‘mga yetib, 31 foizga oshdi. Sanoatda 148 ta qazilma konlari o‘zlashtirilib, sement xom ashyosidan foydalanish darajasi 2017 yildagi 47,5 foizdan 2022 yilda 52,5 foizga, fosforit – 2017 yildagi 26,5 foizdan 2022 yilda 83,4 foizga, kvars – 2022 yilda 38,1 foizga hamda marmar va granit xom ashyosidan foydalanish darajasi 2017 yildagi 6,2 foizdan 2022 yil yakunida 72,6 foizga yetkazildi. Natijada, yalpi hududiy mahsulot tarkibida sanoatning ulushi 2017 yilda 46,0 foizdan 2022 yilga kelib 69,3 foizga oshdi.
Oxirgi 6 yilda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 2,2 baravardan ziyodga, 2017 yildagi 12 ming tadan 2022 yilda 26,2 ming taga yetdi. Bunda, 14,2 ming ta yangi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar (shundan sanoatda 2,4 ming ta, qishloq xo‘jaligida 2,0 ming ta, qurilishda 1,0 ming ta, xizmat ko‘rsatishda 8,8 ming ta) tashkil etilib, tadbirkorlik sub’yektlari soni 2,2 baravarga oshdi.
Infratuzilmani rivojlantirish sohasida 2017-2022 yillarda 794 km suv quvurlari yotqizildi. Bunda, markazlashgan ichimlik suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan Xatirchi tumanida 262,2 km, Tomdi tumanida 66,1 km, Qiziltepa tumanida 247,4 km uzunlikdagi suv tarmoqlari tortilib, Xatirchi tumanida markazlashgan ichimlik suv ta’minoti darajasi 10,2 foizdan 38,5 foizga, Tomdi tumani 20,6 foizdan 39 foizga yetkazildi.
Olti yil davomida Navoiy viloyatida 213 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bunda, 23 ta mahallalarda (Xatirchi tumanida 6 ta, Navbahor tumanida 5 ta, Qiziltepa tumanida 4 ta, Nurota va Karmana tumanlarida 3 tadan, Navoiy shahrida 2 ta) ishsizlar sonini keskin kamaytirishga erishildi.
Shu davr mobaynida viloyatda 4 616 ming kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi, maktabgacha ta’lim muassasalarida 8,2 ming, maktablarda 22,5 ming o‘rinlar va shifoxonalarda 1,0 ming koykalar tashkil etildi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 45 ming nafardan ortiq 3-7 yoshli bolalar jalb qilinib, qamrov darajasi 81,9 foizga yetkazildi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jizzax filliali
Izoh qoldirish