Surxondaryo viloyati iqtisodiyotida qo‘shimcha o‘sish va rivojlanish imkoniyatlari

Surxondaryo viloyati iqtisodiyotida qo‘shimcha o‘sish va rivojlanish imkoniyatlari

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassislari Surxondaryo viloyati tuman va shaharlarida o‘rganishlar olib bordi. Tahlillar natijasida hudud iqtisodiyotida qo‘shimcha ishlab chiqarish, xizmatlar va qishloq xo‘jaligi salohiyati mavjudligi aniqlandi.

Viloyatda 34 ta kichik sanoat zonasi, 17 ta yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari hamda “Termiz” erkin iqtisodiy zonasida jami 151,4 gektar yer maydoni mavjud. Shundan 92,2 gektariga 522 ta loyiha joylashtirilgan. Hozirda yer maydonlarining 21,9 foizidan (33,1 gektar, 249 loyiha) to‘liq foydalanilmoqda. 2024 yilda ushbu hududlarda 208,2 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Bir gektarga o‘rtacha ishlab chiqarish hajmi 6,3 mlrd so‘mni tashkil etgan. Tahlillarga ko‘ra, bo‘sh turgan 118,3 gektar maydondan samarali foydalanish orqali yiliga qo‘shimcha 1 136 mlrd so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.

Viloyatda jami 107 ta noruda foydali qazilma koni mavjud bo‘lib, 10 tasini auksionga chiqarish mumkin. Boysun tumanida 13,8 mln tonna gips va 1 mln m³ inert materiallar, Sariosiyoda 687 ming m³ lyoss tuproq, 1,4 mln tonna ohaktosh va 17,1 mln tonna gips, Jarqo‘rg‘onda 4 mln m³ bentonit, Sherobodda 9,9 mln m³ inert materiallar va 19 mln tonna dolomit zaxiralari aniqlangan. Shuningdek, Sherobod tumanida 46,6 gektar maydonda 3,3 mln tonna kaolin xomashyosi mavjud bo‘lib, bu orqali 20 mln dollar investitsiya jalb etish imkoniyati bor.

Qishloq xo‘jaligida ham katta imkoniyatlar mavjud. Viloyat iqlimi kavrak o‘simligini madaniy usulda yetishtirishga juda qulay. Uzun (10 ming ga), Boysun (200 ga) va boshqa tumanlarda (40 ga) jami 10,3 ming gektarda kavrak yetishtirish orqali yiliga 12,4 ming tonna, 2,5 mlrd dollarlik mahsulot ishlab chiqarish mumkin. Bir gektardan 1,2–1,5 tonna hosil olish mumkin. Hozirda 1 kg kavrak shirasining narxi 200–250 dollarni tashkil etadi.

Turizm yo‘nalishida Uchqizil (51,6 ga), Oqtepa (11,4 ga), Janubiy Surxon (12 ga) va To‘palang (761 ga) suv omborlari atrofida dam olish va sport turizmini rivojlantirish imkoniyati mavjud. Bu orqali 10 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish mumkin.

Xizmatlar sohasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 69 ta mahallada oziq-ovqat do‘koni, 128 ta mahallada kiyim tikish, 192 ta mahallada umumiy ovqatlanish, 147 ta mahallada sartaroshxona, 163 ta mahallada avto-tex xizmat va 167 ta mahallada xususiy maktabgacha ta’lim ob’yektlarini ochish imkoniyati mavjud. NASA sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari tahliliga ko‘ra, Termiz shahri (28,4 mlrd so‘m), Qiziriq tumani (4,7 mlrd so‘m) va Termiz tumanida (0,8 mlrd so‘m) elektr iste’molini oshirish orqali xizmatlar hajmini qo‘shimcha 34,3 mlrd so‘mga oshirish mumkin.

Tahlillar Surxondaryo viloyatida sanoat, tog‘-kon, qishloq xo‘jaligi, turizm va xizmatlar sohalarida katta qo‘shimcha zaxira va iqtisodiy imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar va marketing bo‘limi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar