Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan Buxoro viloyatining og‘ir toifadagi tuman va mahallalarida tadbirkorlik faoliyati hamda ishbilarmonlik muhiti o‘rganildi.
Tadqiqot doirasida viloyatning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan 1 763 ta tadbirkorlik sub’yekti o‘rtasida so‘rov o‘tkazildi. Unda korxonalarning ishlab chiqarish faoliyati, moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlari, bank xizmatlari, infratuzilma ta’minoti va davlat tomonidan taqdim etilayotgan imtiyozlarning samaradorligi baholandi.
Ishlab chiqarish faoliyati
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2025 yilda Buxoro viloyatida so‘rovda qatnashgan korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi o‘rtacha 79 foizni tashkil etgan.
Hududlar kesimida nisbatan yuqori ko‘rsatkichlar Shofirkon (94 foiz), G‘ijduvon (92 foiz) va Jondor (89 foiz) tumanlarida qayd etilgan.
Mazkur natijalar viloyatning ayrim hududlarida mavjud ishlab chiqarish salohiyatidan faol foydalanilayotganini ko‘rsatadi.
Tadbirkorlikni moliyalashtirish
So‘rov natijalari tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarini kreditlash jarayonlarida ijobiy natijalar mavjudligini ko‘rsatdi.
Xususan, 2025 yilda kredit olish uchun tijorat banklariga murojaat qilgan tadbirkorlarning 93 foizining arizalari qanoatlantirilgan.
Vobkent, G‘ijduvon, Jondor, Qorako‘l, Olot va Peshku tumanlarida so‘rovda qamrab olingan kredit arizalarining 100 foizi ma’qullangan.
Shuningdek, respondentlarning 51 foizi so‘nggi yilda kredit olish jarayonlari va tartibi osonlashganini bildirgan.
Tadbirkorlarning 66 foizi kreditga ehtiyoj yo‘qligini qayd etgan. Bu ko‘rsatkich kredit olish uchun murojaat qilmagan tadbirkorlar orasida aniqlangan.
Davlat imtiyozlarining samaradorligi
Tadqiqotda davlat tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash choralarining natijalari ham baholandi.
So‘rovda qatnashgan tadbirkorlarning 61 foizi davlat imtiyozlaridan foydalangan. Ularning 79 foizi ushbu imtiyozlar faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlagan.
Imtiyozlardan foydalanish darajasi ayniqsa Qorako‘l (97 foiz) va Shofirkon (82 foiz) tumanlarida yuqori bo‘lgan.
Iqtisodiyot tarmoqlari kesimida davlat imtiyozlaridan foydalangan tadbirkorlar ulushi sanoatda 67 foiz, xizmat ko‘rsatishda 62 foiz, qishloq xo‘jaligida 59 foiz va qurilishda 51 foizni tashkil etgan.
Tadbirkorlar eng ko‘p soliq imtiyozlari (69 foiz), kredit imtiyozlari (34 foiz) hamda subsidiya va grantlardan (14 foiz) foydalangan.
Ushbu natijalar davlat tomonidan joriy etilgan moliyaviy va soliq rag‘batlantirish mexanizmlari tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatadi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari
Tadqiqot natijalari Buxoro viloyatida sanoat, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sohalarida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini ham ko‘rsatdi.
Xususan, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni rivojlantirish, go‘sht, sut, meva-sabzavot va teri mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan zamonaviy kichik korxonalarni tashkil etish, shuningdek, eksportga yo‘naltirilgan issiqxona xo‘jaliklarini barpo etish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’yektlarini moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, jumladan, islomiy moliyalashtirish tamoyillariga asoslangan yangi mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Tadqiqot natijalari Buxoro viloyatida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash choralarining ijobiy samarasini hamda mavjud ishlab chiqarish va investitsiya imkoniyatlaridan yanada keng foydalanish salohiyatini ko‘rsatdi.
G‘olibjon Tursunqulov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish