“UzAuto Motors” AJning ilk xalqaro obligatsiyalari boshlang‘ich foiz stavkasi e’lon qilindi

“UzAuto Motors” AJning ilk xalqaro obligatsiyalari boshlang‘ich foiz stavkasi e’lon qilindi

“UzAuto Motors” AJning (keyingi o‘rinlarda – “UzAuto Motors” yoki emitent) 300 mln. AQSh dollari miqdorida 5 yil muddatga RegS/144A formatida ilk xalqaro obligatsiyalarini muomalaga chiqarish bo‘yicha investorlar bilan roudshou yakunlandi va boshlang‘ich foiz stavka e’lon qilindi. Bu haqda Moliya vazirligi axborot xizmati xabar qilmoqda.

Investorlarning takliflariga asoslangan moliyaviy konsultantlarning (Siti, MUFG, Raiffeisen Bank International, Natixis) tavsiyasiga ko‘ra, “UzAuto Motors”ning ilk daromadlilik foiz stavkasi 5,375% atrofida belgilandi va London vaqti bilan soat 08:15 da buyurtmalar kitobi ochiq deb e’lon qilindi. Ayni paytda investorlardan talabnomalar qabul qilinmoqda.

Ikkilamchi bozor ko‘rsatkichlari hamda boshqa omillardan (emitent bilan bog‘liq risklar, obligatsiyaning kutilayotgan likvidliligi, bozorning joriy holatidan) kelib chiqib, boshlang‘ich foiz stavkalarni e’lon qilishda (Initial Pricing Thoughts) aksariyat investorlar uchun eng maqbul stavkaning belgilanishi tranzaksiyada muhim strategik ahamiyat kasb etadi.

Kun davomida buyurtmalar kitobining hajmi va investorlarning takliflaridan hamda moliya bozorlaridagi holatdan kelib chiqib, “UzAuto Motors”ning ilk korporativ obligatsiyalarining kupon stavkasini belgilash jarayoni bugun (27 aprel kuni) yakunlanishi kutilmoqda.

Batafsil ma’lumotlar talabnomalar kitobi yopilganidan co‘ng va xalqaro obligatsiyalar narxlanishi (“pricing”) nihoyasiga yetganidan keyin taqdim etiladi.

Ma’lumot uchun: joriy yilning 22-26 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan roudshou tadbiri doirasida:

  • AQSh, Yevropa, Rossiya Federatsiyasi va Osiyo mamlakatlarining 50 dan ortiq global xalqaro institutsional investorlari ishtirokida telekonferensiya (Global Investor Call) o‘tkazildi;
  • 28 ga yaqin yirik xalqaro investorlar bilan yakkama-yakka uchrashuvlar tashkil etildi va ularning savollariga to‘liq javoblar berildi.

O‘tkazilgan uchrashuvlar natijasida tashkillashtiruvchi banklar tomonidan investorlarning dastlabki takliflari yig‘ildi hamda sifatli (diversifikatsiya qilingan, uzoq muddat davomida qo‘llab-quvvatlaydigan) investorlarni tranzaksiyaga jalb qilish muhim ahamiyat kasb etishi belgilandi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar