Bu hisobot davri uchun belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarining 139 foizga bajarilganini va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 baravar o‘sish ta’minlanganini anglatadi.
Hisobot davrida xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobiga 9,7 milliard dollarlik asosiy kapital yaratildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 147,5 foizga o‘sganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, jami qiymati 1,2 milliard dollarlik 1 508 ta investitsiya loyihalari ishga tushirilib, qariyb 28 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Jumladan, Piskent tumanida “Qaratog‘” va “Boshtovoq” istiqbolli maydonlarini o‘zlashtirishning birinchi bosqichi, Paxtaobod tumanida trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish hamda Chirchiq shahrida katalizatorlar ishlab chiqarish loyihalari foydalanishga topshirildi.
Yilning dastlabki uch oyida jami 12,8 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar kiritildi. Shundan 8,8 milliard dollari asosiy kapitalga yo‘naltirildi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha prognoz 141 foizga bajarilib, o‘sish sur’ati 1,6 baravarni tashkil etdi. Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkichlar Toshkent shahrida 2,2 milliard dollar, Namangan viloyatida 1,06 milliard dollar, Farg‘ona viloyatida 954 million dollar, Andijon viloyatida 880 million dollar, Toshkent viloyatida 709 million dollar va Samarqand viloyatida 619 million dollarni tashkil etdi.
Hisobot davrida 50 ta shahar va tumanlarda o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 50 million dollardan oshgan bo‘lib, ularning 21 tasida ushbu ko‘rsatkich 100 million dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkichlar hududlarda investitsiya faolligi kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Xorijiy investitsiyalar manbalari bo‘yicha Xitoy yetakchilik qildi – 6,4 milliard dollar. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasidan 1,1 milliard dollar, Turkiyadan 975 million dollar, Birlashgan Arab Amirliklaridan 824 million dollar va Germaniyadan 342 million dollar investitsiyalar jalb qilindi.
2026 yilda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokida jami 125 ta loyihani amalga oshirish va ular doirasida 5,1 milliard dollarlik mablag‘larni jalb etish rejalashtirilgan. Birinchi chorakda ushbu manbalar hisobidan 947 million dollarlik xorijiy kreditlar jalb qilinib, prognoz ko‘rsatkichlari 120 foizga bajarildi.
Investitsiya loyihalari doirasida infratuzilmani rivojlantirish va aholi turmush sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha aniq natijalarga erishildi. Xususan, Xorazm viloyatiga Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi tomonidan “Jaloliddin” nomli zamonaviy elektropoyezd yetkazib berildi. Bu aholi uchun qulaylik yaratib, safar vaqtining 18 soatdan 7 soatgacha qisqarishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, hisobot davrida 89 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari, 8,2 kilometr oqova suv tarmoqlari va 40 kilometr avtomobil yo‘llari qurildi. Asian Development Bank ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanida 23,4 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari tortildi. Natijada 12 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 19,1 ming nafar aholining suv ta’minoti yaxshilanib, qamrov darajasi 68,4 foizdan 90 foizga yetkazildi.
Toshkent viloyatida ham mazkur bank ishtirokida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida Chirchiq shahrida yangi oqova suv tozalash inshooti qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu 160 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va qamrov darajasini 80,4 foizdan 90 foizgacha yetkazish imkonini berdi.
Amalga oshirilayotgan investitsiya siyosatining natijalari iqtisodiyot tarmoqlarida barqaror o‘sishni ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish