Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston avtomobil bozoridagi faollik dinamikasini muntazam tahlil qilib boradi. Tahlil avtomobil bozorining asosiy segmentlari hamda hududlar kesimidagi o‘zgarishlarni qamrab oladi.
Iyun oyi yakunlariga ko‘ra, avtotransport vositalari savdosi 80,2 mingtadan oshdi, bu may oyiga nisbatan 18% ko‘pdir.
Hududlar kesimidagi dinamika
Iyun oyida respublikaning aksariyat hududlarida avtotransport vositalari savdosi oshdi. O‘tgan oyga nisbatan biroz pasayish faqat Jizzax viloyatida 2,2% qayd etildi.

Eng yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo (33,7%) va Xorazm (32,6%) viloyatlarida, shuningdek, Sirdaryo (29%), Samarqand (28,3%), Qashqadaryo (26,2%) va Andijon (26%) viloyatlarida kuzatildi.
Toshkent shahrida avtotransport vositalari savdosi bir oyda 9%ga oshib, 17,9 mingtani tashkil etdi.
Yengil avtomobillar bozoridagi vaziyat
Iyun oyida yengil avtomobillar savdosi 61,4 mingtani tashkil etib, may oyiga nisbatan 14%ga oshdi.
Yengil avtomobillarning birlamchi bozori
Yangi yengil avtomobillar savdosi hajmi 11%ga oshib, 24 mingtani tashkil etdi. O‘sishning asosiy qismi mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar hissasiga to‘g‘ri keldi. Ularning savdosi 12%ga oshib, 18,8 mingtaga yetdi.
Xorijda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi 5,1 mingtani tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan qariyb 7%ga yuqori bo‘ldi.
2026 yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, yangi yengil avtomobillar savdosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,5%ga o‘sib, 157 mingtani tashkil etdi.
Yengil avtomobillarning ikkilamchi bozori
Iyun oyida foydalanilgan yengil avtomobillar savdosi 16%dan ortiqqa oshib, 37 mingtadan oshdi.
2026 yilning birinchi yarim yilligida ikkilamchi bozorda yengil avtomobillar savdosi qariyb 240 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18% ga kamaydi.
Elektromobillar bozoridagi vaziyat
Iyun oyida birlamchi va ikkilamchi bozorlarda elektromobillar savdosi 8,4 mingtani tashkil etib, joriy yilning may oyiga nisbatan 63,5%ga oshdi.

2026 yilning birinchi yarim yilligida 40 mingdan ortiq elektromobil sotildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40%ga ko‘p.
Respublikaning aksariyat hududlarida bozor faolligi oshdi. Pasayish faqat Sirdaryo viloyatida 2,9% qayd etildi.
Eng yuqori o‘sish sur’atlari Jizzax viloyatida 101%, Buxoro viloyatida 64,6% va Farg‘ona viloyatida 58,5% ni tashkil etdi.
Elektromobillar savdosining asosiy qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Iyun oyida poytaxt ulushi bozor umumiy hajmining qariyb 63%ini tashkil etdi. Savdolar may oyiga nisbatan 78%ga oshib, 5,3 mingtaga yetdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar sektori

Izoh qoldirish