DSQ: Asossiz hisobga olingan QQS summasi bo‘yicha ixtiyoriy qayta hisobot topshirgan korxonalar mansabdor shaxslari ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilmaydi

DSQ: Asossiz hisobga olingan QQS summasi bo‘yicha ixtiyoriy qayta hisobot topshirgan korxonalar mansabdor shaxslari ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilmaydi

Joriy yilning 2 apreliga qadar 574 ta «shubhali» korxona kontragentlari tomonidan 97 foiz holatda QQS summasini noqonuniy hisob (zachet)ga olish fakti tasdiqlandi.

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lovchilarning murojaatlari asosida faoliyati shubhali deb topilgan korxonalar bilan amalga oshirilgan bitimlarni o‘rganib chiqish uchun tezkor ravishda kameral soliq tekshiruvlari tashkil etilmoqda, deb xabar qilmoqda Davlat soliq qo‘mitasi.

Xususan, joriy yilning 2 aprel holatiga respublikamiz bo‘yicha jami 9 021 ta korxonada 1 337,5 mlrd. so‘mlik asossiz hisob (zachet)ga olingan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) summalariga aniqlik kiritish bo‘yicha kameral soliq tekshiruvlari yakunlandi.

Natijada:
– 8 752 ta, ya’ni 97 foiz korxonada (1 260,7 mlrd. so‘m) «soxta» operatsiyalarni amalga oshirish faktlari tasdiqlandi;
shundan, 100 ta, ya’ni 1,1 foiz (23,5 mlrd. so‘m) tashkilotda QQS summasini noqonuniy hisob (zachet)ga olish fakti qisman tasdiqlandi;

– 269 ta, ya’ni nazorat tadbirlari o‘tkazilgan 3 foiz soliq to‘lovchilar tomonidan 53,3 mlrd. so‘mlik QQS summasini to‘g‘ri hisob (zachet)ga olganligi holatlari bo‘yicha asoslovchi hujjatlar taqdim etildi. Shu sababli ulardan ortiqcha olingan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha tezkor jarayonlar boshlandi.

Shuningdek kameral soliq tekshiruvlari natijasida kontragentlar xatolari tasdig‘ini topgan bo‘lsada, tadbirkorlik sub’yektlarini uzluksiz faoliyat ko‘rsatishlariga sharoit yaratish maqsadida, kamchiliklarini tan olgan 540 ta sub’yektga 65,5 mlrd. so‘mlik byudjetga to‘lanishi lozim summalarni joriy yil yakuniga qadar teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashlariga ruxsat berildi.

To‘lanishi lozim bo‘lgan QQS summalarni kamaytirish tarzidagi huquqni suiiste’mol qilgan korxonalar ro‘yxati shakllantirildi

Davlat soliq qo‘mitasi joriy yilning 1 mayiga qadar, ushbu korxonalar tomonidan asossiz hisobga olingan QQS summasi bo‘yicha ixtiyoriy qayta hisobot topshirgan taqdirda mazkur korxonalar mansabdor shaxslari ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilmasligini ma’lum qiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar