O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 24 fevral kuni qishloq va suv xo‘jaligi sohasida joriy yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Suvdan oqilona foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, joriy yil sug‘orish mavsumida suv ta’minoti me’yorga nisbatan 25 foiz kam bo‘lishi kutilmoqda. Shu bois suv isrofiga umuman yo‘l qo‘ymaslik hayotiy zarurat.
Xususan, 430 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish orqali 3 milliard kubmetr suvni iqtisod qilish mumkin.
Bu, o‘z navbatida, shunday texnologiya va uskunlarga talabni oshiradi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tomchilatib sug‘orish tizimlari va quvurlar ishlab chiqarish uchun joriy yil fevral-aprel oylarida 35-40 ming tonna polietilen zarur. Shu bois, suv tejovchi texnologiyalar uchun zarur bo‘lgan polietilen va polipropilen uchun import boji 1 oktyabrgacha bekor qilingani aytildi.
Suv xo‘jaligi vazirligiga 3 mingdan ziyod nasoslarni ta’mirlash va yangilash, nasos stansiyalarida elektr energiyasi va suv sarfini “onlayn” monitoring qilish tizimini joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, Hukumat qarori (95-son, 23.02.2021 y.) bilan Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplash va berilgan subsidiyani qaytarish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Unga ko‘ra, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyasini joriy etish uchun subsidiyalar ajratiladi.
Izoh qoldirish