Rossiya-O‘zbekiston forumi doirasida qariyb 9 mlrd dollarlik teng bitimlar imzolandi

Rossiya-O‘zbekiston forumi doirasida qariyb 9 mlrd dollarlik teng bitimlar imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Rossiya Federatsiyasiga tashrifi arafasida 17 noyabr kuni Moskva shahrida Hududlararo hamkorlik bo‘yicha II forum bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ikki mamlakatdan 800 dan ziyod ishtirokchi – hukumat a’zolari, hududlar, vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, biznes uyushmalar rahbarlari, yirik kompaniyalar va xususiy sektor vakillari qatnashdi.

Forumni o‘tkazishdan maqsad – O‘zbekiston va Rossiya hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalari va amaliy hamkorlikni o‘rnatish, ularni mustahkamlash uchun yagona makonni yaratishdan iborat.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ishtirokchilar oldida videomurojaat shaklida nutq so‘zladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov va Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri M.Reshetnikov joriy yilda ikki mamlakat hududlari o‘rtasida aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha bajarilgan ishlar va qo‘shma loyihalar haqida ma’lumot berdi.

Bu yil 50 dan ortiq o‘zaro tashriflar amalga oshirilgani ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlari rahbarlari Rossiya Federatsiyasining 42 ta sub’yektiga tashrif buyurdi. O‘zaro muloqotning bunday shakli keng turdagi yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik qilish yuzasidan salohiyatni o‘rganish hamda hududlararo loyihalar va hamkorlikning samarali usuli sifatida o‘zini oqladi.

Tadbir doirasida alohida mavzularda sessiyalar tashkil qilindi va ularda ikki mamlakat hududlari o‘rtasida iqtisodiy, ijtimoiy, infratuzilmaviy hamkorlik bo‘yicha o‘zaro aloqalarni jonlantirish, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, savdo hajmini ko‘paytirish, transport aloqalarini kengaytirish va turizmni rivojlantirish bo‘yicha muhim mavzular muhokama qilindi.

Ikki mamlakat hududlarining rahbarlari yaqin va uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha o‘z nuqtai nazarini batafsil bayon etdi, shuningdek, konstruktiv tashabbuslarni va istiqbolli sohalarda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq takliflarni ilgari surdi. Qo‘shma yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha birgalikdagi xatti-harakatlarni jonlantirish, ikki mamlakat bozorlarini xaridorgir, raqobatbardosh mahsulotlar bilan to‘ldirish maqsadida sanoat kooperatsiyasini keng turdagi tarmoqlar va yo‘nalishlarda kengaytirish, shuningdek, uchinchi mamlakatlar bozorlarini o‘zlashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Tadbir doirasida Rossiya va O‘zbekiston ma’muriy hududlarining rahbarlari qator ikki tomonlama uchrashuvlar va muzokaralarni o‘tkazdi, ular davomida muayyan loyihalar va tashabbuslar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Forum doirasida o‘tkazilgan ishbilarmonlik uchrashuvlari va muzokaralar davomida qiymati 9 milliard dollarga teng 600 ta ikki tomonlama bitimlar imzolandi.

Shundan 141 tasi – qiymati 7,4 milliard dollarga teng investitsiyaviy loyihalar va 455 tasi – qiymati 1,6 milliard dollarga teng eksport shartnomalaridir.

Investitsiyaviy loyihalarga O‘zbekiston Respublikasining Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Rossiya Federatsiyasining Iqtisodiy rivojlanish vazirligi tomonidan birgalikda tashkil qilingan loyiha ofisi hamrohlik qiladi. Ayni paytda ikki mamlakat hududlarining ma’muriyatlari istiqbolli sohalarda 75 ta yangi investitsiyaviy loyihani ishlab chiqishga kirishgani ma’lum qilindi.

Erishilgan kelishuvlar hamkorlikning metallurgiya, energetika, kimyo, elektrotexnika, teri-poyabzal, to‘qimachilik va farmatsevtika sanoati, suv xo‘jaligi, neft-gaz tarmog‘i va moliya-bank sektorini qamrab oldi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar