HPAIR anjumanida O‘zbekiston tashabbuslari taqdim etildi

HPAIR anjumanida O‘zbekiston tashabbuslari taqdim etildi

Joriy yilning 20-24 avgust kunlari Garvard universiteti tomonidan «Reinventing Vitality: Momentum and Memory» mavzusida tashkil etilgan xalqaro konferensiyaga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasining a’zosi M.Xolmuxamedov ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun: Garvard universiteti 1991 yildan buyon Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi dolzarb iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy muammolarni muhokama qilish uchun xalqaro platforma yaratish maqsadida har yili o‘zining Osiyodagi hamkor universitetlaridan birida xalqaro konferensiya tashkil etadi. 2025 yil 20-24 avgust kunlari konferensiyaga Yaponiyaning Tokio universiteti mezbonlik qildi.

Konferensiya Garvard universiteti talabalariga iqtisodiyot, siyosat, barqaror rivojlanish va texnologiyalar sohalaridagi dolzarb muammolarni muhokama qilish va o‘zaro tajriba almashish imkonini beradi. Ushbu tadbir taniqli ma’ruzachilar ishtirokidagi sessiyalar, interfaol seminarlar, dinamik “Impact Challenge” (“Da’vat etish va ta’sir qilish”) musobaqasi va madaniy tadbirlardan iborat bo‘ldi.

Mazkur konferensiya global muammolarni muhokama qilish va barqaror yechimlarni izlash, shuningdek, ishtirokchilar o‘rtasida tanqidiy fikrlash, yetakchilik ko‘nikmalari va madaniyatlararo o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qildi.

Konferensiya asosiy sessiyalari geosiyosat, iqtisodiyot va texnologiyalarga bag‘ishlandi.

Tadbirda 60 dan ortiq davlatlarning oliy o‘quv yurtlaridan 500ga yaqin talabalar ishtirok etdi. Delegatlarga AQSh va Yaponiya do‘stlik jamiyati Prezidenti, Yaponiyaning AQShdagi sobiq elchisi Ichiro Fujisaki (Ichiro Fujisaki), Xalqaro Valyuta jamg‘armasi maslahatchisi Natsuki Suda (Natsuki Tsuda), Sharqiy Timor Respublikasi Prezidenti, Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Xose Ramos-Xorta (Jose Ramos-Horta), Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muhsinjon Xolmuxamedov, ACER kompaniyasi ta’sischisi Sten Shi (Stan Shih), FPT Software kompaniyasi kuzatuv kengashi raisi Chu Ti Tan Xa (Chu Thi Thanh Ha), Cogent Labs Tokyo kompaniyasi Sun’iy intellekt arxitektori Devid Malkin (David Malkin), Mujin Inc. rahbari va asoschisi Issey Takino (Issei Takino) ma’ruza qildilar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati M.Xolmuxammedov o‘z ma’ruzasida Markaziy Osiyo davlatlarining tarixiy va zamonaviy savdo yo‘llaridagi muhim o‘rni, mintaqani Janubiy Osiyo, Yevropa va Xitoyni bog‘lovchi tranzit xabiga aylantirish salohiyati haqida ma’lumot berdi. Xususan, O‘zbekistonning transport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan loyihalari, jumladan, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston va Mozori-Sharif-Kobul-Peshovar temir yo‘l qurilishi haqida so‘zladi.

Shuningdek u, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda transport va infratuzilmani modernizatsiya qilish, xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish, logistika markazlari va zamonaviy yo‘l tarmoqlarini barpo etish bo‘yicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotgani alohida qayd etdi.

Konferensiyada AQSh siyosatida Osiyoning o‘rni va ahamiyati, raqamli valyutalarni boshqarish masalalari, inson huquqlari va erkinlik umuminsoniy qadriyatlarning ahamiyati, Markaziy Osiyoning boshqa mintaqalar bilan savdo-iqtisodiy aloqalari, raqamli transformatsiya davrida ta’minot zanjirlarining evolyusiyasi, raqamli transformatsiya orqali barqaror jamiyatga erishish, sun’iy intellekt, blokcheyn va raqamlashtirishning ijtimoiy ta’siri va etik masalalari, sun’iy intellekt bilan hamohang davrda kasblar kelajagi kabi mavzular muhokama qilindi.

Konferensiyada shuningdek bir qator mashhur siyosatchilar va ekspertlar mehmon sifatida ishtirok etishdi. Jumladan, Tokio shahri hokimi Yuriko Koyke (Yuriko Koike), Maxell consulting Group rahbari Yuday Ishikava (Yudai Ishikawa), Yaponiya globallashuvi tadqiqot instituti asoschisi, sobiq diplomat Takeo Xarada (Takeo Harada), BCG India rahbari Raxul Jayn (Rahul Jain). Ular talabalarga o‘zlarining hayotiy tajribalari haqida gapirib berdi.

Xulosa qilib aytganda, Garvard universitetining Osiyo mintaqasi konferensiyasi geosiyosat, xalqaro savdo va iqtisodiy siyosat, texnologiyalar va raqamlashtirish kabi muhim sohalarda bilim va tajriba almashish uchun mustahkam platforma sifatida namoyon bo‘ladi. Ushbu tadbir yosh siyosatchilarga O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyoda amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning global jarayonlardagi o‘rni va ahamiyati haqida chuqurroq tasavvur hosil qilish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, konferensiya siyosiy arboblar va yetakchi ekspertlar bilan samarali muloqot va hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga keng yo‘l ochib, mintaqa taraqqiyoti va jahon miqyosidagi integratsiya jarayonlariga munosib hissa qo‘shishga xizmat qiladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar