Tadbirkorlar kuni munosabati bilan 20 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan an’anaviy ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan tadbirkor va investorlar ishtirok etdi. Shuningdek, hududiy studiyalardan mingga yaqin biznes vakillari ham qatnashishdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) mutaxassisi davlat rahbarining tadbirkorlar bilan uchrashuvda so‘zlagan nutqini lingvistik tahlil qilib, unda qaysi so‘zlar ko‘proq qo‘llangani va qaysi masalalarga asosiy e’tibor qaratilganini aniqladi.
Lingvistik tahlil natijalari Prezident tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, biznes imkoniyatlarini kengaytirish, soliq-moliya tizimini takomillashtirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish kabi muhim masalalarga alohida e’tibor qaratdi.
Nutqda tadbirkorlar mamlakatni modernizatsiya qilishda asosiy tayanchga aylanayotgani ta’kidlandi. Prezident tadbirkorlarni davlatning muhim hamkori sifatida belgilab, ular bilan birgalikda ishonch, ochiqlik va olg‘a harakat ruhiyati shakllantirilayotganini qayd etdi.
Davlat rahbari o‘z nutqida jami 4 241 so‘zdan foydalangan. Eng ko‘p “tadbirkor” – 107 marta, “biznes” – 34 marta, “korxona” – 29 marta, “soliq” – 21 marta, “investitsiya”, “loyiha”, “kredit” – 15 marta, “tizim” – 14 marta, “sharoit”, “bank”, “startap” – 13 marta va “eksport” so‘zi –12 marta tilga olingan (1-rasm).
1-rasm. Eng ko‘p ishlatilgan so‘zlar
Bir qator asosiy iboralarga alohida e’tibor qaratildi, “biznes vakillari” – 8 marta, “ochiq muloqot” – 7 marta, “imtiyozli kredit” – 4 marta takrorlangan. Shuningdek, nutqda “Yangi O‘zbekiston”, “kichik biznes”, “yosh tadbirkor”, “yakka tadbirkor”, “moliyaviy xizmatlar”, “aylanma mablag‘” va “eng ilg‘or” kabi iboralar har biri 3 martadan tilga olingan.
Uch so‘zdan iborat iboralardan “yakka tartibdagi tadbirkor” va “kuch – bu tadbirkorlar” iboralarining har biri 3 marta qayd etilgan. Shuningdek, nutqda “aholi va tadbirkorlar”, “litsenziya va ruxsatnoma”, “bog‘cha va maktab”, “kichik biznes uchun”, “imtiyozli kredit ajratiladi”, “qo‘llab-quvvatlashga tayyorman”, “qarzdorlik uchun jarima”, “band qilgan shaxs” va “oilaviy mehmon uylari” iboralarining har biri 2 martadan tilga olingan.
Shu tariqa, nutqdan ko‘rinadiki, Prezident tadbirkorlarni islohotlarning asosiy kuchiga aylantirishga e’tibor qaratdi hamda soliq, kredit, investitsiya, biznes yuritish sharoitlari va eksportni rivojlantirish kabi muhim masalalarni ham alohida ta’kidladi.
Bu so‘zlarning ko‘p takrorlanishi nutqda asosiy e’tibor tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya va kredit mexanizmlarini kengaytirish, soliq yukini yengillashtirish hamda eksport salohiyatini oshirishga qaratilganini ko‘rsatadi.
So‘nggi to‘rt yilda qilingan lingvistik tahlillar
O‘tgan to‘rt yil ichida Prezidentning tadbirkorlar bilan bo‘lgan muloqotlarida ishlatgan so‘zlari muayyan tendensiyalarni ko‘rsatdi. “Tadbirkor” so‘zi eng ko‘p takrorlangan bo‘lib, bu tadbirkorlar davlat siyosatida markaziy o‘rin egallaganini ko‘rsatadi. “Soliq” so‘zi 2023 yili ancha ko‘p ishlatilgan, keyingi yillarda esa kamaygan, bu esa soliq ma’murchiligini bosqichma-bosqich isloh qilish va tadbirkorlar uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratilayotganini ko‘rsatadi (2-rasm).
2-rasm. 2022–2025 yillarda eng ko‘p ishlatilgan so‘zlarning qiyosiy tahlili
“Kredit” va “investitsiya” so‘zlari doimiy ravishda ishlatilib, moliyalashtirish va sarmoya jalb qilish siyosatining uzluksizligini ta’kidlaydi. “Xizmat” so‘zi 2024 yili 3-4 baravar ko‘paygan va 2025 yili ham e’tibor markazida bo‘lgan. Bu mamlakatda xizmat ko‘rsatish sohasiga e’tibor kuchayganini, turizm, ta’lim va tibbiyot kabi xizmat yo‘nalishlari iqtisodiy siyosatning muhim drayveriga aylanganini ko‘rsatadi.
2025 yilda “startap” so‘zining ishlatilishi keskin ortdi. Bu holat davlat tomonidan innovatsiyalar, raqamli iqtisodiyot va yoshlar tashabbuslariga strategik yo‘nalish sifatida katta e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, so‘nggi yillarda “infratuzilma” va “sharoit” kabi atamalar ham ko‘proq tilga olingan. Bu biznes muhitini yaxshilash va qulay shart-sharoitlar yaratishning doimiy vazifa ekanini anglatadi.
So‘nggi to‘rt yillik tahlil shuni ko‘rsatmoqdaki, davlat rahbarining chiqishlaridagi asosiy e’tibor bosqichma-bosqich soliq va kredit siyosati masalalaridan xizmat ko‘rsatish sohasi, startaplar hamda infratuzilmani rivojlantirish masalalariga o‘ta boshladi. Bunday tendensiya mamlakat iqtisodiy strategiyasidagi izchillikni aks ettiradi – bu yerda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va moliyalash mexanizmlarini kengaytirish milliy taraqqiyotning yangi bosqichiga o‘tish, ya’ni xizmatlar, innovatsiyalar va raqamli yechimlarni asosiy harakatlantiruvchi kuchga aylantirishda mustahkam poydevor bo‘lmoqda.
3-rasm. So‘zlarni yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimlash
So‘zlarni yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimoti shundan dalolat beradiki, Prezident eng katta e’tiborni huquqiy muhit va investitsiyaviy iqlim masalalariga (21%), shuningdek, startaplarni moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlashga (17%) qaratgan.
Muhim yo‘nalishlar qatorida xizmat ko‘rsatish sohasi va turizm (13%), to‘qimachilik va sanoat (11%), soliq islohotlari (10%) hamda kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash (8%) alohida o‘rin tutadi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, infratuzilma va makroiqtisodiy natijalar har biri 6 foizdan ulushga ega. Bunday tarkibiy tuzilish mamlakatda huquqiy va moliyaviy barqarorlikni yangicha iqtisodiy drayverlar – xizmatlar, innovatsiyalar va tadbirkorlik bilan uyg‘un ravishda rivojlantirishga qaratilgan yo‘nalishni yaqqol aks ettiradi (3-rasm).
Shu tariqa, so‘zlarning yo‘nalishlar bo‘yicha umumiy taqsimoti mamlakatda raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirishga qaratilgan strategik yo‘nalishni aks ettiradi. Bu jarayonda huquqiy va investitsiyaviy muhit, startaplarni moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlash, xizmatlar sohasini rivojlantirish hamda sanoatni modernizatsiya qilish asosiy ustuvor yo‘nalishlar sifatida namoyon bo‘lmoqda. An’anaviy sektorlar (soliqlar, sanoat, makroiqtisodiy barqarorlik) bilan yangi drayverlar (startaplar, xizmatlar, innovatsiyalar) o‘rtasidagi muvozanat zamonaviy o‘sish modeliga o‘tishda kompleks yondashuvni ko‘rsatadi.
Prezident nutqining yo‘nalishlari va asosiy so‘zlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni namoyon qiladi. Asosiy e’tibor “tadbirkor”, “biznes”, “investitsiya”, “kredit” va “bank” atamalariga qaratilgan bo‘lib, bu davlatning tadbirkorlik muhitini yaxshilash va moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirishga intilganini ko‘rsatadi (4-rasm). Shuningdek, “soliq” va “qonun” kabi tushunchalar orqali islohotlar samaradorligi va qonuniy kafolatlar ta’minlanishi ta’kidlanadi. “Xizmat”, “turizm” va “eksport” so‘zlarining ko‘p qo‘llanishi esa iqtisodiyotning yangi drayverlari sifatida xizmatlar sohasi va tashqi bozorlarga chiqishning ahamiyatini ko‘rsatadi. Nutq strategik yo‘nalishlarni aniq belgilab bergan.
4-rasm. Yo‘nalishlar va ularda ishlatilgan so‘zlarning o‘zaro bog‘lanishi
Shunday qilib, Prezident nutqi mamlakat iqtisodiy siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlarini ochib berdi. Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, soliq va kredit yengilliklari, investitsiyalarni jalb qilish, xizmatlar va innovatsiyalarni rivojlantirish hamda infratuzilmani takomillashtirish davlat siyosati markazida ekanligi ko‘rsatildi.
Ilyos Rabbimov,
Farxad Tutkabayev,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish