Birjada sotuvchi korxonalar qariyb 3,0 trln so‘mlik qo‘shimcha daromad olishdi

Birjada sotuvchi korxonalar qariyb 3,0 trln so‘mlik qo‘shimcha daromad olishdi

Birjada mahsulotlar uchun haqiqiy bozor narxlarining shakllanishi natijasida 2022 yil yanvar-mart oylarida sotuvchi korxonalar qariyb 3,0 trln so‘mlik qo‘shimcha daromad olishdi va bu 2021 yilning joriy oylariga nisbatan 2,8 marotabaga ko‘p, deb xabar berdi O‘zRTXB axborot xizmati.

Ta’kidlanishicha, mazkur mablag‘lar sotuvchi korxonalarning ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish va ularning iqtisodiy samaradorligini oshirishga yo‘naltirilishi mumkin.

O‘tkazilgan ochiq va shaffof birja savdolari tadbirkorlarning tovar resurslaridan erkin foydalanish imkoniyatlarini kengaytirdi hamda tovar bozorlarida bozor narxlarining shakllanishi va sog‘lom raqobatning rivojlanishiga xizmat qildi.

Xususan, 2022 yil yanvar-mart oylarida o‘tkazilgan birja savdolari natijasida shakllangan o‘rtacha narxlar ichki tovar bozorlarida yuzaga kelgan talab va taklifdan kelib chiqib, o‘sish va pasayish holatlarini namoyon etdi.

Misol uchun, joriy yilning boshidan buyon AI-91 markali avtomobil benzinining birjada shakllangan o‘rtacha kunlik narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 12 075,6 ming so‘mdan 10 422,3 ming so‘mgacha, ya’ni 14% ga pasaygan.

Shuningdek, joriy yilning yanvar-mart oylarida birja kotirovkalari o‘zining yuqori darajasidan sulfat ammoniy bo‘yicha 88% ga, ko‘mir – 49% ga, texnik chigit – 43% ga, polietilen – 22% ga, o‘simlik yog‘i va paxta linti – 14% ga, omuxta yem – 12% ga va qora metall – 10% ga pasaygan.

Shu bilan birga, birja bozorining ayrim tovar segmentilarida o‘sish holatlari ham kuzatildi. Misol uchun, joriy yilning 1-17 mart kunlari davomida shakarning birjadagi narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 11 921,9 ming so‘mgacha ko‘tarildi. Biroq keyingi kunlarda birja savdolariga qo‘yilayotgan shakar hajmining sotuvchi korxonalar tomonidan sezilarli darajada oshirilishi evaziga shakar narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 8 981,6 ming so‘mgacha, ya’ni 25% ga pasaygan.

Bundan tashqari, mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini saqlash maqsadida xorijiy mamlakatlarda tashkil qilingan birjaning 19 ta savdo maydonchalari orqali 127,0 mln AQSh dollarlik mahsulotlar xarid qilindi. Xususan, birja orqali 276,7 ming tonna bug‘doy import qilingan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 39% ga ko‘pdir.

2022 yil yanvar-mart oylarida davlat xaridlari bo‘yicha elektron savdo tizimi xarid.uzex.uz da tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2021 yilning mos davriga nisbatan uch marotabaga oshib, qariyb 4,2 trln so‘mni tashkil qildi. Bunda byudjet va korporativ buyurtmachilari mablag‘larining tejalishi ham uch marotabaga o‘sib, 879,2 mlrd so‘mga teng bo‘ldi.

2022 yil yanvar-mart oylarida avtoraqam.uzex.uz elektron savdo tizimi orqali 86,7 mlrd so‘mlik 40,0 mingdan ziyod avtoraqamlar sotildi. Bunda, avtoraqamlarning sotuvi o‘tgan yilga nisbatan son jihatdan 27% ga, hajmi bo‘yicha – 40% ga o‘sdi. Sotilgan avtoraqamlarning o‘rtacha boshlang‘ich va sotuv narxlari o‘rtasidagi tafovut 47% ni tashkil qildi.

Eslatib o‘tamiz, avtoraqamlarni onlayn-auksionlarda sotilishidan kelib tushgan mablag‘larning 80% – O‘zbekiston Davlat byudjetiga, 20% – Ichki ishlar vazirligining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va boshqa xarajatlar Maxsus jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar