2023 yil 31 yanvarda “O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyatining markaziy ofisida ommaviy axborot vositalari uchun “Birja savdolari va elektron tijorat sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari va istiqbollari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, 2022 yilda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida 100 mingdan ziyod yangi mijozlar ro‘yxatdan o‘tkazilgan va bu 2021 yilga nisbatan 1,5 marotabaga ko‘p.
Bir vaqtning o‘zida birjada tadbirkorlik sub’yektlari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratilishi natijasida ular tomonidan birjada sotilayotgan mahsulotlarning soni va hajmi ham o‘sgan. Shu jumladan, ichki bozorda yuqori likvidli va monopol tovar bo‘lmagan mahsulotlar bo‘yicha birja komissiya yig‘imlari ikki barobarga qisqartirilishi natijasida o‘tgan yili birja orqali 1 249 ta sotuvchi korxonalarning 1 220 turdagi monopol va yuqori likvidli bo‘lmagan mahsulotlari sotildi.
Shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlari mahsulotlarini birjaning istiqbolli tovarlar seksiyasida sotish tartibi soddalashtirilganligi sababli birjaning mazkur tovar seksiyasida 1,1 trln so‘mlik yangi 198 turdagi mahsulotlar sotildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 maydagi 262-son Qaroriga asosan un va g‘alla mahsulotlarini ochiq birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida sotilishi tashkil qilindi.
O‘tgan davrda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan 860,7 ming tonna un hamda 926,7 ming tonna bug‘doy birja savdolari orqali barcha tadbirkorlik sub’yektlariga erkin sotildi. Bunda, bug‘doyni sotishda fermerlar birjaning komission yig‘imi va garov mablag‘lari to‘lovidan ozod etildi.
2022 yilda birjaning aksariyat tovar bozorlari barqaror holatni namoyon etdi. Xususan, birjaning mis, polietilen, polipropilen va suyultirilgan gaz mahsulotlari o‘rtacha sotilish narxlari 2021 yilga nisbatan deyarli oshmadi.
Shuningdek, 2022 yil davomida birjada paxta tolasining o‘rtacha narxi o‘zining maksimal darajasiga nisbatan – 43% ga, paxta yog‘i – 43% ga, shakar – 30% ga, sulfat ammoniya – 28% ga, texnik chigit – 28% ga, qora metall – 16% ga va bug‘doy – 5% ga pasaydi.
O‘tgan davrda Polsha, Turkiya, Ozarbayjon va Tojikiston kabi mamlakatlarda birjaning yangi xorijiy savdo maydonchalari ochilib, ularning soni 34 taga yetkazildi.
Mazkur xorijiy savdo maydonchalarning faollashuvi natijasida o‘tgan yili O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida 501,3 mln AQSh dollarlik tashqi savdo bitimlari tuzildi. Shu jumladan, Qozog‘istonda tashkil qilingan 7 ta savdo maydonchalari orqali 905,2 ming tonna bug‘doy va 224,1 ming tonna un mahsulotlari sotildi.
Yuk tashish sohasida shaffoflikni ta’minlash va sog‘lom raqobatni rivojlantirish maqsadida joriy etilgan birjaning e-logistika.uzex.uz elektron logistika portalida onlayn savdolar faollashtirildi. 2022 yilda mazkur portalda 12,5 mlrd so‘mlik 6,0 mingdan ziyod shartnomalar tuzildi.
Davlat buyurtmachilari va yetkazib beruvchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida birjaning davlat xaridlari bo‘yicha etender.uzex.uz elektron savdo tizimida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga nisbatan 15% miqdorida preferensiya qo‘llash va tuzilgan shartnomalarga qo‘shimcha kelishuv tuzish imkoni yaratildi.
Mazkur tizimda, shuningdek, mijoz va ishtirokchi o‘rtasida ochiq elektron chat hamda bitimlar bajarilishini kafolatlashni zakalat mablag‘lari bilan birga garov yoki kafillik shaklida ta’minlash bo‘yicha yangi tartib ham joriy etildi.
2022 yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining davlat xaridlari bo‘yicha elektron savdo tizimi xarid.uzex.uz da jami 36,7 trln so‘mlik 1 mlndan ziyod bitimlar tuzildi. Tuzilgan bitimlarning hajmi 2021 yilga nisbatan 3,3 marotabaga o‘sdi.
Davlat xaridlari bo‘yicha o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining mablag‘larini tejalishi 2021 yilga nisbatan 3,4 marotabaga o‘sib, 5,8 trln so‘mni tashkil qildi.
2022 yilda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining avtoraqam.uzex.uz elektron savdo tizimida 304,1 mlrd so‘mlik 118 mingdan ziyod avtoraqamlar shaffof onlayn-auksionlar orqali sotildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 24 noyabrdagi PQ-430-son Qarorining ijrosini ta’minlash doirasida xorijiy ekspertlar va konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda Uzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilmoqda.
Mazkur strategiyaga muvofiq birjaning yangi elektron birja savdolari va kliring tizimlarini joriy etish, davlat xaridlari, elektron tijorat savdo tizimlari va elektron logistika portalini takomillashtirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, tadbirkorlarni birja savdolari va davlat xaridlarida ishtirok etishini yengillashtirish, birja orqali sotiladigan mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirish, xalqaro hamkorlar bilan aloqalarni kengaytirish va eksport-import savdo hajmlarini oshirish ishlari davom ettiriladi.
Izoh qoldirish